17:00 / 27.10.2021
6955

Zaharlanishdan 2-3 hafta o‘tib ham vafot etish holatlari qayd etilgan - Doniyor Alimov is gazi xavfidan ogoh bo‘lishga chaqirdi

Bu yilgi kuz-qish mavsumida ham aholi o‘rtasida is gazidan zaharlanish holatlari davom etmoqda. Samarqand viloyatida so‘nggi 10 kun ichida is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq 4ta holat qayd etilib, 8 kishi vafot etgan. Qurbonlarning besh nafari voyaga yetmagan bolalardir.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Is gazi o‘zi nima? U qanday hosil bo‘ladi? Is gazidan zaharlanganda insonda qanday belgilar kuzatiladi? SSV matbuot xizmati shu va shu kabi savollar bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori Doniyor Alimovga murojaat qildi. 

— Is gazi juda «ayyor» – u asosan tabiiy gaz, ko‘mir, o‘tin cho‘g‘larining to‘liq yonmasligi natijasida hosil bo‘ladi. Uning eng xavfli jihati hech qanday hid va rangga ega emasligidadir. Shu bois ham, mutaxassislar is gaziga «sezdirmasdan o‘ldiruvchi» deya ta'rif berishadi.

Ushbu gaz organizmga nafas a'zolari orqali ta'sir etib, gemoglobin bilan kislorodga nisbatan 300 marotaba kuchli birikma – karboksigemoglobin hosil qiladi. Buning oqibatida gemoglobinning to‘qimalarga kislorod tashish xususiyati keskin pasayib, gipoksiya, og‘ir holatlarda esa anoksiyaga olib keladi. Hatto, zaharlanish oqibatida o‘lim holatlari kuzatilishi mumkin.

Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, dunyoda is gazidan zaharlanish tufayli sodir bo‘ladigan o‘lim holatlari alkogoldan zaharlanish sababli kuzatiladigan o‘limlardan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Birgina AQShda har yili o‘rtacha 400 nafarga yaqin inson ushbu gazdan zaharlanish oqibatida vafot etadi.

Afsuski, yurtimizda ham bu boradagi ko‘rsatkichlar havas qilarli darajada emas. Raqamlarga murojaat qilsak, o‘tgan 2020 yilda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududiy filiallari orqali 633 nafar bemor gospitalizatsiya qilinib, shundan 14 nafar bemorda o‘lim holati kuzatilgan. Bu ko‘rsatkichga uyida, ya'ni voqea joyida vafot etganlar soni kiritilmagan. Birgina RShTYoIMning o‘zida o‘tgan yilning noyabr va dekabr oylarida is gazidan 21 nafar bemor davolanib chiqdi.

— Qanday omillar is gazidan zaharlanishga sabab bo‘ladi?

— Ma'lumki, kuz-qish mavsumida yurtimizda ko‘pchilik aholi o‘z xonadonlarida qo‘lbola va standart talablariga javob bermaydigan isitish jihozlaridan foydalanadi. Aytish mumkinki, bu holat is gazidan zaharlanishga sabab bo‘luvchi eng asosiy omillardan biri sanaladi. Shuningdek, gaz tarmoqlariga rezina shlang orqali ulanish, dudburonlarni o‘z vaqtida tozalamaslik, uy ichini isitish maqsadida ochiq olovdan foydalanish, havo almashtiruvchi shaxtalar yoki tuynuklarni berkitib (to‘sib) qo‘yish ham zaharlanishga olib keladi.

Is gazidan zaharlanish qisqa muddatlarda yoki asta-sekinlik bilan yuzaga chiqishi mumkin. Bu esa o‘sha muhitdagi havo tarkibida mavjud bo‘lgan gazning konsentratsiyasiga bog‘liq. Ya'ni juda yuqori konsentratsiyalarda zaharlanish tezda yuzaga chiqsa, gaz miqdori kam bo‘lganda bu holat asta-sekin sodir bo‘ladi.

— Is gazidan zaharlanganda insonda qanday belgilar namoyon bo‘ladi?

— Agar odam ushbu gazdan kuchli zaharlangan bo‘lsa, unda hushning yo‘qolishi, turli tutqanoqlar va nafas to‘xtashi kabi belgilar kuzatiladi. Is gazi konsentratsiyasi kam miqdorda bo‘lganda mushaklar bo‘shashishi, bosh aylanishi, quloqlarda shovqin, ko‘ngil aynish, qusish, uyquchanlik, harakatlarning qisqa muddatga faollashishi, keyinchalik harakat muvozanatlarining izdan chiqishi ro‘y berishi mumkin. Ayrim hollarda esa alahsirash, gallyutsinatsiyalar, hushning yo‘qolishi, tutqanoqlar, koma, nafas markazining falajlanishi, hatto, o‘lim holati sodir bo‘ladi. 

Nafas to‘xtaganidan keyin ham yurak faoliyati biroz davom etishi mumkin. Ba'zida zaharlanishdan 2-3 hafta o‘tib ham bemorlarning vafot etish holatlari qayd etilgan. 

Shunday ekan, har bir yurtdoshimiz is gazi xavfidan ogoh bo‘lishi va bunga jiddiy e'tibor qaratishi, isitish moslamalaridan to‘g‘ri foydalanishi, eng muhimi, yuqoridagi sabablarning kelib chiqishiga yo‘l qo‘ymasligi lozim.

Mavzuga oid
Top