17:21 / 29.10.2021
3908
O‘zbekistondagi yo‘llarning 93, ko‘priklarning 90 foizi 5–8 tonna yukka mo‘ljallangani ma'lum qilindi

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyev Senatdagi chiqishida O‘zbekistonda o‘qqa tushadigan og‘irlik 11,5 tonna sifatida qabul qilingani sababli yo‘llarda 50 tonna og‘irlikdagi yuk mashinalari ham harakatlanayotgani, bu esa yo‘llarning sifatiga aks ta'sir ko‘rsatayotganini aytib o‘tdi.

“Respublika bo‘yicha mavjud yo‘llarimizning 93 foizi 5–8 tonna yukka mo‘ljallangan. Shu sohada 40 yildan oshiqroq vaqt davomida ishlayman. 5–8 tonna og‘irlik “ZIL” yoki MAZ” yuk mashinasiga to‘g‘ri keladi. O‘qqa tushadigan og‘irlik 11,5 tonna deb qabul qilingani uchun bizda 50 tonnalik yuk mashinalarining harakatlanishiga ruxsat beriladi.

Oddiy misol, “Qamchiq” dovonida sodir bo‘lgan “avariya”da yuk mashinasi 41 tonna ortiqcha yuk bilan kelayotgani aniqlangan. Ushbu mashinaning biznikilar to‘xtatgan, “GAI” qoidabuzarlikni rasmiylashtirganidan so‘ng ushbu avtomobilni qo‘yvorgan. Yo‘lda ushbu mashinaning tormozi ishlamay yurib ketib qolgan. Ushbu holat bo‘yicha prokuratura o‘z ishini olib boryapti.

Taklifim shuki, qo‘shni Qozog‘istonga o‘xshab, yo‘llarimizda o‘qqa tushadigan og‘irlikni hech bo‘lmasa 10 tonna deb qabul qilishimiz kerak. Respublika bo‘yicha 14200 ta ko‘prik bor, shundan 5200 tasi qo‘mitamiz tasarrufida. Ushbu ko‘priklarning 90 foizi 5–8 tonna yukka mo‘ljallangan. Katta og‘irlikda yuk mashinalari ko‘p yurgani uchun ushbu ko‘priklarning tayanch qismlari yedirilib, ahvoli yomonlashib ketyapti”, deya Abdurahmon Abduvaliyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisiga ko‘ra, ayni paytda O‘zbekiston bo‘yicha mavjud yo‘llarning hajmi 209 ming km. Shundan 42254 kilometri qo‘mita tasarrufida bo‘lib, qolgani ichki xo‘jalik yo‘llari hisoblanadi. Abduvaliyevning ta'kidlashicha, belgilangan me'yor bo‘yicha har yili eng kamida 22 ming km yo‘l ta'mirlanishi kerak. Biroq 1991–2007 yilgacha avtomobil yo‘llarini qurish va ta'mirlashga umuman pul ajratilmagani uchun yo‘llarning holati abgor holatga kelib qolgan.

Senatning XX alpi majlisida senator Qutbiddin Burhonov amaldagi qonun hujjatlarida avtomobil yo‘lini joriy ta'mirlash ishlari bajarilgandan so‘ng uning xizmat qilish muddatiga nisbatan talab belgilanmagani sababli yo‘llar qisqa muddat ichida yana ta'mirga muhtoj holatga kelib qolayotganini tanqid qilgandi.

Bunga javoban Abdurahmon Abduvaliyev joriy ta'mirlangan yo‘llarning xizmati qilish muddatini normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilash mumkin emas, dunyo bo‘yicha hech qayerda bunday narsa yo‘qligini aytgandi. O‘z navbatida Qutbiddin Burhonov qo‘mita raisining iddaolarini rad etib, amalga oshirilayotgan yo‘l qurilishi sifatini tanqid qilgan va har bir qilingan ishning kafolati bo‘lishi keraklini ta'kidlagandi.

Avtomobil yo‘llar qo‘mitasi raisi so‘nggi 5 yil davomida 56700 km yo‘l ta'mirlangani, hozirgi kunda respublikadagi 64 ming km atrofidagi yo‘l ta'mirtalabligi, shularning 29 ming kilometri tuproq yo‘l ekanini aytgan. Uning ishontirishicha, 3 yil davomida mavjud tuproq yo‘llar to‘liq asfaltlashtiriladi, 4 yil ichida esa ta'mirga muhtoj holatdagi ichki xo‘jalik va umumiy foydalanishdagi yo‘llar batamom ta'mirlanadi.

Top