08:24 / 30.10.2021
5975

Turkiyaning beshta supermarketlar tarmog‘i “qimmat narxlar” uchun yirik jarimaga tortildi

Foto: Global Look Press

Turkiyaning beshta yetakchi supermarketlar tarmog‘i va ikkita yetkazuvchi kompaniya “qimmat narxlar” uchun umumiy hisobda 2,6 mlrd turk lirasi (270 mln dollar) miqdorida jarimaga tortildi. Bu haqda Turkiya antimonopol tashkilotiga tayanib CNN Türk telekanali xabar berdi. 

Jumladan, BİM Birleşik Mağazalar AŞ (99797838 dollar jarima), CarrefourSA Carrefour Sabancı Ticaret Merkezi AŞ (14839517 dollar), Migros Ticaret AŞ (53920309 dollar) tarmoqlari jarimaga tortilgan.

Telekanal ma'lumotlariga ko‘ra, bu boradagi antimonopol tergov bir necha oy olib borilgan. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning tovarlarning aksariyati ushbu beshta supermarketlar tarmog‘ida mujassamlashganini tanqid qilgandan keyin savdo vazirligi ushbu tarmoqlarga o‘z inspektorlarini tekshiruv o‘tkazgani jo‘natgan.

Tarmoqlardan ba'zilari antimonopol idoraning qarori bo‘yicha shikoyat qilishni rejalashtirmoqda. Chakana savdogarlar uyushmasi rahbari G‘olib Aykachning ta'kidlashicha, Turkiyadagi yuqori darajadagi inflatsiyada savdo tarmoqlari aybdor qilinmoqda.

21 oktyabrda turk lirasining dollarga nisbatan kursi antirekord qayd qilib, bir dollar uchun 9,43 liraga yetgan.

Top