15:03 / 01.11.2021
1769
Tailand koronavirusga qarshi emlangan turistlar uchun ochildi

Kelasi yili turistlar soni 15 millionga yetishi, turizm sektori esa 30 mlrd dollardan ortiq daromadga erishishi kutilyapti.

Foto: Getty Images

Tailand chegaralarning bir yarim yillik yopilishidan so‘ng COVID-19 koronavirusiga qarshi emlangan turistlar uchun ochildi, deb xabar bermoqda BBC News.

“Bu tunnel oxirida xira yog‘du ko‘ringani kabi – biz ikki yil davomida ishlay olmadik”, – dedi gid Chayyagorn Bunyapak BBC bilan suhbatda.

OAVning ma'lumot berishicha, dushanba kunining o‘zida mamlakatga minglab turistlar kelishi kutilmoqda. Tailand 60 dan ortiq mamlakatning emlangan sayyohlari uchun ochildi. Endilikda ular mehmonxonada karantinda turishlari shart bo‘lmaydi.

Kelasi yili turistlar soni 15 millionga yetishi, turizm sektori esa 30 mlrd dollardan ortiq daromadga erishishi kutilyapti. Ilgari Tailandga yiliga 40 mln nafargacha turist tashrif buyurardi, ammo 2020 yilda bu raqam 80 foizga kamaydi.

Pandemiya boshlanganidan buyon Tailandda koronavirus yuqtirish bilan bog‘liq 1,9 milliondan ortiq holat aniqlangan, 19 mingga yaqin kishi vafot etgan. Mamlakat aholisining 42 foizga yaqini kasallikka qarshi to‘liq emlangan.

Mavzuga oid
Top