19:16 / 03.11.2021
6854
Marg‘ilondagi tarixiy masjid binosi buzilgani bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Marg‘ilon shahridagi “Xo‘ja Porso” masjidining tarixiy binosi buzilgani yuzasidan Farg‘ona viloyati madaniy meros boshqarmasi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi ochildi.

rya-b5xBkWKACHzZJOqc3NKXcclEN-je.jpg (800×591)
Foto: Kun.uz / Sarvar Ziyayev

Bosh prokuratura axborotiga ko‘ra, ish Jinoyat kodeksining 132– (Moddiy madaniy meros obektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazish) va 205– (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish) moddalari bilan qo‘zg‘atilgan.

Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan Xo‘ja Porso jome masjidining tarixiy binosi buzilib, o‘rniga masjid uchun yangi bino qurilayotgani o‘tgan oyda jamoatchilik e'tiboriga tushgandi.

Farg‘ona viloyati madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i Alisher Husanov Kun.uz bilan suhbatda aytgandiki, Xo‘ja Porso masjidi 2019 yilda madaniy meros obekti sifatida davlat muhofazasiga olingan. Masjid mahalliy toifadagi obektlar qatoriga kiradi.

Husanovga ko‘ra, masjidga yangi bino qurish eski binoning ta'mirtalab holatga kelib qolgani va namozxonlarning sig‘may qolgani bilan bog‘liq. U masjid qurilishi bo‘yicha loyiha 2020 yilning noyabr oyida ilmiy ekspert kengashi tomonidan ma'qullanganini bildirgandi.

1yixpJ_3YyH8RXpNl0Mc3zdfrIeuQt7L.jpg (800×591)
Alisher Husanov
Foto: Kun.uz / Sarvar Ziyayev

“Xo‘ja Porso masjidining asosiy tarixiy ahamiyatga ega qismi ayvon qismi bo‘lib, o‘zgacha naqshinkorlari mavjud bo‘lgan. Aynan shu ustunlar mutaxassislar tomonidan yechib olinib, raqamlandi. Yaqin vaqt oralig‘ida ayvonning tarixiy ahamiyatga molik qismi qayta tiklanadi.

Ayvon ustunlarini yechib olishda ham ularga ziyon yetmadi. Vodiydagi malakali restavratorlar tomonidan masjidning ustun va peshtoqlari yechib olindi.

1ivgJxG4gCx2TNhsyZMZ75InbVBQuGXn.jpg (960×540)
Xo‘ja Porso masjidi / Foto: Elmira Tuxvatullina

Masjid xom g‘ishtdan qilingani uchun tabiiy ofatlar natijasida yoriqlar paydo bo‘lgan. Shuning uchun masjidni qayta qurish va tarixiy ayvonni yangidan qurishga kelishilgan.

Qadimiy masjid poydevorini mustahkamlash, naqshinkor ayvonning umrini uzaytirish uchun avvalgi holati qanday bo‘lsa shundayligicha bunyod etish uchun mutaxassislar jalb qilingan. Loyiha bo‘yicha buzilgan ayvon joyiga o‘rnashtiriladi.

xvKmFQijU_45KLvfSZI1RFu25qpT2Z0H.jpg (800×595)
Xo‘ja Porso masjidi / Foto: Elmira Tuxvatullina

Masjidning shift qismi yaxshi saqlangan. Tom qismi mahalliy aholi tomonidan bir necha bor ta'mirlangan. Peshtoq naqshlariga zarar yetmagan. Faqatgina masjidning devor qismi ta'mirtalab bo‘lib qolgan”, – degandi Farg‘ona viloyati madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i Alisher Husanov.

Mavzuga oid
Top