16:03 / 06.11.2021
4514

O‘zbekistonga dastlabki 9 oyda 1,2 mlnga yaqin xorijlik turist kelgan

Foto: KUN.UZ

AOKAda Turizm va sport vazirligi rasmiylari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Ma'lum qilinishicha, yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonga 1,2 mlnga yaqin xorijlik turist kelgan va ularga 273 mln dollarlik turizm xizmatlari ko‘rsatilgan.

2021 yilda ayrim G‘arbiy Yevropa, Amerika va MDH davlatlaridan kutilganidan ko‘proq, Yaponiya, Xitoy, Hindiston va Janubi-Sharqiy Osiyo (Indoneziya, Malayziya, Singapur, Tailand, Tayvan, Janubiy Koreya) davlatlardagi cheklovlar sababli prognoz qilingan ko‘rsatkichlardan kam miqdorda sayyoh kelgan.

Joriy yilning yanvar-mart oylarida o‘rtacha har oyda 85 ming nafar xorijlik turist O‘zbekistonga kirib kelgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich avgust va sentabr oylarida deyarli 190 ming kishiga yetgan.

Yil yakuniga qadar umumiy 1 mln 700 ming nafar turist kelishi prognoz qilinmoqda.

Ma'lumot uchun, turistik xizmatlar eksportidan tushgan daromad 2017 yilda 547 million dollarni (YaIMning 0,9 foizi), 2018 yilda 1,04 milliard dollarni (YaIMning 2,1 foizi), 2019 yilda 1,3 milliard dollarni (YaIMning 2,3 foizi) tashkil qilgan.

2020 yilda esa turistik xizmatlar eksportidan tushgan daromad 261 million dollarni tashkil etib, mamlakatga 1 million 504 ming turist tashrif buyurgan.

Top