16:42 / 11.11.2021
4803
Talabalarning sevimli transporti: metro va avtobuslar bilan bog‘liq ayrim muammolar

Poytaxtda jamoat transportidan talaba-yoshlar ko‘proq foydalanadi. Iyul-sentyabr oylarida sotilgan ATTO kartalarining yarmidan ko‘pini ham talabalar sotib olgan. Xo‘sh, ular uchun jamoat transporti naqadar qulay? Muammolarga yechim bormi? Kun.uz yoshlari kichik kuzatuvlar asosida ba'zi fikrlarni ilgari suradi.

Foto: tashtrans.uz

Toshkentda talaba uchun eng qulayi — jamoat transporti. Jamoat transporti yo‘lovchilarining ham salmoqli qismini talabalar tashkil etadi. Joriy yilning 4 oyi (iyul–oktyabr) davomida avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi kartochkalarining (ATTO) sotilishi 187 013 tani tashkil qilgan bo‘lsa, shundan 105 025 tasini yoki 56,2 foizini talabalar xarid qilgan. Ammo jamoat transporti bilan bog‘liq ayrim muammolar ularni tez-tez jig‘ibiyron qilib turadi.

Yechim qog‘ozda, amalda esa — eski hammom eski tos

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 16 martdagi «Toshkent shahar yo‘lovchi transporti tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi №157-sonli qarorida ayrim yo‘nalishlar masofasini qisqartirish yoki uzaytirish orqali avtobuslarning o‘rtacha harakatlanish oraliq vaqtini 20–30 daqiqadan 10–20 daqiqagacha kamaytirish belgilangan bo‘lib, bu bo‘yicha 2021 yilning 1 yanvarigacha 134 ta shahar yo‘lovchi tashish transporti yo‘nalishlarini optimallashtirish, 14 ta yo‘nalishni yopish va 7 ta yangi yo‘nalish ochish rejalashtirilgan edi.

Ammo ko‘p joylarda haligacha avtobuslar qatnovining kamligi, harakatdagi oraliq vaqtning uzoqligi yo‘lovchilarning ko‘zlagan manziliga o‘z vaqtida yetib borolmasligiga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, bekatlarga osib qo‘yilgan jadvaldagi avtobuslarning rejadagi qatnov oraliq vaqti bilan amaldagi transport qatnov vaqtining bir-biriga mos kelmasligi erta tongda ishga yoki o‘qishga shoshayotgan yo‘lovchini jig‘ibiyron qiladi. Uzoq kutilgan avtoulovingiz ham keladi, lekin ichi to‘la odam... Ayni pandemiya sharoitida bunday tirbandlik ko‘pchilikning sog‘lig‘iga zarar keltirishi turgan gap. Bunday hollarda yo keyingi avtobusni kutish kerak, yo taksi bilan ketishga to‘g‘ri keladi.

Yo‘lovchi oqimi ko‘p bo‘lgan va transport soni yetishmayotgan yo‘nalishlarga qo‘shimcha avtobuslar qo‘shish masalaning yechimi bo‘la oladi, bizningcha.

«Yunusobod» metro yo‘lida poyezdlarning kelishi kechikadi

Jamoat transporti haqida gap ketganda, Toshkent metropoliteni haqida ham gapirmaslikning iloji yo‘q. Tan olish kerak, so‘nggi yillarda metropoliten tizimida yangi yo‘nalishlar ochilib, yo‘lovchilarning uzog‘i yaqin bo‘ldi va bu boradagi ishlar davom etmoqda. Qo‘shimcha stansiyalar qurilishi bilan birga Rossiyadan 2019 yilda 20 ta, 2021 yilda esa 40 ta yangi metro vagonlari keltirilib, foydalanishga topshirildi. Bu yo‘lovchi tashish xizmatining sifati va tezligiga ijobiy ta'sir qildi, albatta. Lekin yangi keltirilgan vagonlarining barcha metro yo‘nalishlariga teng taqsimlanmasligi bir yo‘nalishdan ikkinchisiga o‘tib harakatlanuvchi yo‘lovchilarga qiyinchilik tug‘diradi.

Rejaga ko‘ra, «Chilonzor» va «O‘zbekiston» metro yo‘nalishlarida harakatlanuvchi poyezdlarning qatnov oralig‘i ertalabki soat 7:30 dan 9:00 gacha 4 daqiqa qilib belgilangan, amalda esa 4 daqiqa emas, 1 daqiqa ichida ham poyezd kelishi mumkin. Bu, albatta, yaxshi, lekin «Yunusobod» yo‘lida buning aksini ko‘ramiz. Mazkur yo‘nalishda poyezdlarning oraliq vaqti 6 daqiqa etib belgilangan. Amalda esa bu vaqt 7 daqiqadan 9–10 daqiqagacha cho‘zilishi mumkin.

 

Foto: Kun.uz

 

Agar yangi keltiriladigan metro vagonlari (2024 yilgacha jami 48 ta yangi metro tarkiblarini xarid qilish ko‘zda tutilgan) «Yunusobod» yo‘liga ham qo‘yilsa, yo‘lovchilarning vaqti tejalib, bekatlardagi tirbandlik kamayadi. Avtobuslarda validatorlarning ishlamay qolishi kuzatilib turadi.

Bir qarashda arzimasdek tuyulgan kichik kamchiliklar borki, ular ham yo‘lovchilarning «vaqtini o‘g‘irlashga», transportning rajadagi vaqt bo‘yicha harakatlanishiga to‘sqinlik qiladi. Masalan, ba'zi avtobuslarda haydovchi o‘zining asosiy ishidan tashqari yo‘lovchilardan yo‘l haqini yig‘ib olish vazifasini bajaradi. Kichik avtobusga chiptachi kerakmasdek go‘yo. Yoki ba'zi holatlarda validatorning ishlamay qolishi cho‘ntakdan naqd pul yoki tanga axtarishimizga sabab bo‘ladi.

Transport — kundalik rejalashtirgan ishlarimizning o‘z vaqtida bajarilishida muhim ahamiyatga ega. Poytaxtimizda avtobuslar sonining ko‘paytirilishi va sohaga aloqador kamchiliklarni bartaraf etish transport xizmati samaradorligi oshishiga xizmat qilishi shubhasiz.

Javohirbek Tursunov tayyorladi.

Top