13:40 / 15.11.2021
8265
Ekologiya qo‘mitasidan Toshkentdagi chang bo‘roni oqibatlarini yumshatish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rilmagani yuzasidan izoh so‘raldi

12 noyabr kuni Ekologiya qo‘mitasi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, tadbirda 4-8 noyabr kunlari Toshkent shahri va viloyatiga yopirilgan chang bo‘roni paytida qo‘mitaning holatni yumshatish borasidagi «harakatsizligi» masalasi ham ko‘tarilgan.

Jumladan, «o‘sha kuni changdan tashqari havo juda quruq ham edi. Nega qo‘mita vakillari bu paytda shahardagi favvoralarni to‘liq yoqish va daraxtlarni yuvib chiqish kabi choralarni ko‘rmadi», deya savol qo‘ydi jurnalistlar.

Savolga qo‘mita boshqarma boshlig‘i O‘lmas Sobirov javob berdi.

«4 noyabr kuni Ural va Volga bo‘yidan kelgan sovuq shamol Buxoro, Samarqand, Navoiy va Jizzax viloyatlaridan Qozog‘iston hududiga o‘tib, u yerdagi qumli chang bo‘ronlarini qo‘shib yana bizning hududlarga olib keldi va Toshkent osmonida turib qoldi.

Bunday chang bo‘roniga u shakllangan hududlarda changni tutib qoladigan sharoit yo‘qligi, jumladan, hududning asosan adirliklardan iboratligi va o‘simliklarning kamligi sabab bo‘ldi.

O‘lmas Sobirov

Bu haqda gapirganda, uning tabiiy holat ekanini ham e'tibordan qochirmaslik kerak. Bu Markaziy Osiyo, Xitoy, Janubiy Amerikadan tortib Avstraliyada ham ko‘p uchrab turadigan holat hisoblanadi.

Bu holatda favvoralarni yoqqaningiz bilan o‘simliklar ustida chang o‘tirib qolgan bo‘ladi. Bu to‘liq emas. Bu yerda qum, tuproq ko‘chishlarining oldini olish uchun Orol va adirlik hududlarida o‘simlik ekishni ko‘paytirish kerak», – dedi Sobirov.

Top