10:12 / 25.11.2021
6317
O‘zbekiston poligonlardagi elektron chiqindilar miqdori bo‘yicha yetakchi davlatlar qatoriga kirdi 

MDHda chiqindixonalardagi elektron chiqindilar miqdori 10 yil ichida ikki barobarga oshgan. Ularning aksariyati Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston va O‘zbekistonda to‘plangan.

Foto: Kun.uz

Birlashgan millatlar tashkiloti ekspertlari tomonidan olib borilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, so‘nggi o‘n yil ichida MDH mamlakatlari poligonlarida elektron chiqindilar miqdori deyarli bir yarim baravar ko‘paygan. Bu import qilinadigan elektronika hajmi deyarli o‘zgarmaganiga qaramay yuz berdi. Tadqiqotda aytilishicha, bu chiqindilarning atigi 3,2 foizi qayta ishlanadi.

«Elektron chiqindilarni yo‘q qilish MDH mamlakatlari iqtisodiyotiga ko‘p foyda keltirishi mumkin. Masalan, 2019 yilning o‘zida 10 tonnadan ortiq oltin, yarim tonna noyob tuproq metallari, bir million tonna temir, 85 ming tonna mis va 700 tonna kobalt chiqindixonaga tashlab yuborilgan. Bu materiallarning barchasi narxi 2,6 milliard dollardan oshadi», dedi tadqiqot mualliflaridan biri, BMT Universitetining yetakchi tadqiqotchisi Kis Balde.

Elektron chiqindilarga ma'nan eskirgan yoki jismonan eskirgandan keyin chiqindixonaga tashlangan elektron qurilmalarning tarkibiy qismlari kiradi. Odatda, bunday chiqindilarda oltin, litiy, kobalt va zaxiralari Yerda cheklangan boshqa elementlarning nisbatan katta miqdori saqlanib qoladi.

Yangi tadqiqotda Balde va uning hamkasblari MDHning 11 davlati va Gruziyadagi elektron chiqindilar bilan bog‘liq vaziyatni ko‘rib chiqdi. Ma'lum bo‘lishicha, so‘nggi o‘n yil ichida import qilinadigan elektronika hajmi unchalik o‘zgarmagan, ammo bu mamlakatlarda har yili chiqindixonaga tushadigan elektron chiqindilar miqdori qariyb 1,5 barobarga oshgan. 

Ularning aksariyati Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston va O‘zbekistonda. Bu chiqindilarning atigi 3,2 foizi, ya'ni 79 ming tonnaga yaqini qayta ishlangan. 

Elektron chiqindilarni qayta ishlash korxonalari bor-yo‘g‘i to‘rtta davlatda – Belarus, Qozog‘iston, Rossiya va Ukrainada mavjud. Ularning aksariyati Belarusda bo‘lib, u yerda to‘plangan elektron chiqindilarning taxminan 33 foizi qayta ishlanadi. Boshqa barcha davlatlarda bu ko‘rsatkich 5-10 foizdan oshmaydi yoki butunlay nolga teng. 

Bunday chiqindilarni qayta ishlash bilan bog‘liq vaziyat MDH barcha mamlakatlarida bu sohadagi biznes uchun huquqiy asos ishlab chiqilmagani sababli murakkablashadi. Xususan, Armaniston, Ozarboyjon, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonda bunday normalar yo‘q. 

Balde va uning hamkasblari MDH davlatlari rasmiylarini bunday bo‘shliqlarni bartaraf etishga va elektron chiqindilarning to‘planishini kuzatish hamda ularni qayta ishlashni osonlashtiradigan shart-sharoitlarni yaratishga chaqirgan. Buning evaziga chiqindilardan barcha qimmatbaho materiallarni ajratib olish, tabiatni elektronika ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan simob, kadmiy va boshqa zaharli moddalar to‘planishidan himoya qilish mumkin bo‘ladi, deya xulosa qilgan olimlar. 

Top