20:32 / 28.11.2021
16506
Mutaxassis omikron-shtammning xavfliligiga baho berdi   
Foto: TASS

JARning Yuqumli kasalliklar milliy instituti ijrochi direktori Adrian Purenning ta'kidlashicha, koronavirusning mamlakatda aniqlangan yangi turi — omikron-shtamm dastlab mutaxassislar ta'kidlaganidek inson uchun uncha xavfli emas, chunki og‘ir holatlarni keltirib chiqarmaydi.

“JARda oxirgi haftada yangi kasallanish holatlari keskin ko‘payib ketishi omikron-shtamm bilan bog‘langaniga qaramay, u shifoxonaga yotqizilganlar soni keskin oshishiga olib kelmadi. Bu yaxshi alomat”, deb aytgan mutaxassis eNCA telekanali efirida.

Ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatda koronavirusdan o‘lim darajasi oxirgi oy davomida past darajada qolmoqda. Jumladan, oxirgi sutkada bu ko‘rsatkich 8 o‘limni tashkil qilgan.

“Omikron-shtamm genetik nuqtayi nazardan koronavirusning avvalgi shtammlaridan ancha farq qiladi, u yuqori darajada mutatsiya qiladi. Biroq undan qo‘rqmaslik kerak, dunyo ilm ahli ushbu shtammni o‘rganishning ilk bosqichlarida va uning inson uchun xavfliligi borasida biror xulosa chiqarishga hali erta”, deb qo‘shimcha qilgan Puren.

Mutaxassis yangi shtamm yaqindagina JARdagi laboratoriyalardan birida aniqlanganini eslatib o‘tgan. “Ehtimol, ushbu variant biz bilan birga hozirda o‘ylanayotgandan ko‘ra ko‘proq vaqtdan beri bo‘lib kelayotgan bo‘lishi mumkin. Hozircha u haqda mavhumliklar ko‘p, biroq ushbu shtamm insondan insonga yuqori darajada o‘tadi. Mavjud ma'lumotlar u bilan birinchi navbatda yoshlar kasallanayotganini ko‘rsatmoqda, biroq shifoxonaga yotqizilishi talab etiluvchilar soni oshmayapti”, deb qo‘shimcha qilgan mutaxassis.

Puren omikron-shtammdan asosiy himoya emlash hisoblanishini aytgan. “Yangi shtamm ham koronavirus va mavjud vaksinalar uning faolligini pasaytiradi”, deb o‘z so‘zlarini yakunlagan mutaxassis.

Janubiy afrikalik yana bir mutaxassis Anjyelik Kutzening ta'kidlashicha, yangi shtammga chalinganlarning aksariyati yoshlar bo‘lib, ular asosan kuchli toliqishdan shikoyat qilishmoqda. Shu bilan birga, ularda hid va ta'm sezish bilan muammolar kuzatilmagan.

Top