20:48 / 03.12.2021
4844
Muammar Qazzofiyning o‘g‘liga prezident saylovlarida ishtirok etishga ruxsat berildi
Foto: AP Photo / Ben Curtis, File

Liviya sudi mamlakatning sobiq yetakchisi, 10 yil avval jangarilar tomonidan o‘ldirilgan Muammar Qazzofiyning o‘g‘li Saif al Islom Qazzofiyni prezident lavozimiga nomzodlar ro‘yxatiga qaytarishga qaror qildi.

Sabha viloyati sudi o‘tmishda namoyishchilarga qarshi kuch qo‘llagani uchun saylovlarda ishtirok etish huquqidan mahrum etilgan Saif Qazzofiy foydasiga qaror chiqardi.

Qazzofiy Twitter’da o‘z shaxsiy xavfsizliklarini xatar ostiga qo‘yib, bunday qaror chiqarganlari uchun sudyalarga minnatdorlik bildirgan. Qazzofiyning advokati uning nomzodlik huquqi tiklanishini “adolat va xalq istagi g‘alabasi” deb atagan.

Bu orada liviyalik tahlilchi Imodiddin Badiy sudyalarning ushbu qarori yanada ko‘proq savollar tug‘dirishini aytgan.

“Saylov jarayoni Liviya sud tizimiga va inqirozdan chiqish yo‘li sifatida saylovlarga bo‘lgan ishonchni yo‘qqa chiqarmoqda”, deb ta'kidlab o‘tgan Badiy.

Saif al-Islom o‘z otasining eng sodiq safdoshlaridan biri bo‘lgan. U 2017 yil iyulgacha panjara ortida qolgan. Qazzofiy prezident saylovlarida ishtirok etish uchun 14 noyabrda hujjatlarni rasmiylashtirgan.

Top