11:16 / 05.12.2021
21142

AQShda konstitutsion inqiroz, jahonda yangi sovuq urush. 2022 yil uchun hayratlanarli prognozlar

Daniya investitsiya banki Saxo Bank 2022 yil uchun kishini hayratga soluvchi prognozlarni e'lon qildi. 10ta bashoratdan iborat to‘plamni bankning o‘zida «moliya bozorlariga sezilarli ta'sir ko‘rsatishi mumkin, sodir bo‘lish ehtimoli kam» deb atashmoqda. Bu kabi har yillik prognozlar 19 bor e'lon qilinmoqda. «Meduza» ularning eng ahamiyatlilarini jamladi.

Arizonadagi Devis-Monten aviabazasidagi harbiy samolyotlar qabristoni. U sovuq urush ramzi sanaladi.
Joe Sohm / Visions of America / Universal Images Group / Getty Images

Facebook bumerlar platformasiga aylanadi 

Facebook «keksa bumerlar» platformasiga aylanadi. Uning doimiy ravishda o‘xshash yoki chalg‘ituvchi kontentni ko‘rishga sabab bo‘luvchi algoritmlari yoshlarni ijtimoiy tarmoqdan uzoqlashtiradi. Ijtimoiy tarmoq 40 yoshdan kichik va katta bo‘lgan kishilar madaniy qarama-qarshiligi markazida bo‘ladi. Yoshlar unga feyk yangiliklar va ziqna korporatsiyalar ramzi sifatida qarashadi.

Investorlar Facebook’ning yangi bosh kompaniyasi Meta yosh avlodni, ya'ni bo‘lajak salohiyatni shiddat bilan yo‘qotayotganini tushunishmoqda. 

Yuqorida qolishni orzu qilgan Meta Snapchat yoki TikTok’ni sotib olishga harakat qiladi va o‘z servislariga yoshlarni qaytarish uchun milliardlab dollar sarflaydi. Bir vaqtning o‘zida asosiy maqsadi foydalanuvchilar to‘g‘risida ma'lumot to‘plash bo‘lgan «metakoinot»ni yaratish bilan shug‘ullanadi.

Natijada Meta qiymatining 30 foizini yo‘qotadi va unga o‘ziga tegishli servislarni alohida tuzilmalarga bo‘lish tavsiya etiladi. Shu tariqa, Mark Tsukerbergning monopoliya to‘g‘risidagi orzulari barbod bo‘ladi.

Tibbiyotda erishilgan yutuq hayot davomiyligini 25 yilga oshiradi

2022 yilda tibbiyotda yirik kashfiyot yuz beradi. Dori vositalaridan hujayralar darajasida jarayonlarni boshqaradigan va ularning hayotini uzaytirishi mumkin bo‘lgan kokteyl ishlab chiqiladi. Laboratoriya sichqonlarida o‘tkazilgan tajribalar hayot davomiyligi 30 foizga oshirishini ko‘rsatmoqda. Odamlar uchun bu hayotning 25 foizga uzayishini anglatadi.

Bundan tashqari, yangi dori qarishni sekinlashtirish va hatto eski hujayralarni ham yoshartirish imkonini beradi. DNKni tahrirlash bo‘yicha yangi yondashuvlar yosh o‘tgani sayin salomatlikning yomonlashishiga sabab bo‘lgan ko‘plab kasalliklardan deyarli xalos bo‘lish imkonini beradi. 

Hayot davomiyligi borasidagi ahamiyatli ilgarilash haqiqiy yutuq bo‘lsa-da, u axloqiy va moliyaviy masalalarni keltirib chiqaradi. Har bir odamning o‘rtacha 115 yil umr ko‘rishi pensiya tizimi uchun nimani anglatadi? Shuncha miqdordagi odamlarni to‘ydirish uchun oziq-ovqat yetarli bo‘ladimi? Yangi doridan hamma foydalanishi uchun imkoniyat yaratish kerakmi?

Gipertovushli texnologiyalar rivojlanishi yangi sovuq urush va kosmik poygaga olib keladi 

Xitoy gipertovushli raketani sinovdan o‘tkazganidan keyin uning muvaffaqiyati AQSh uchun kutilmagan holat bo‘ldi. Ana shundan keyin fazoga chiqa oladigan gipertovushli apparatlar iqtisodiyotda ham, mudofaa sohasida ham Vashington va Pekin raqobati markazida bo‘ladi. Poygaga ilg‘or harbiy texnikaga ega boshqa o‘yinchilar – Rossiya, Hindiston, Isroil va Yevropa Ittifoqi ham qo‘shiladi.

Gipertovushli texnologiyalar rivojlanishi sovuq urush davridan beri mavjud bo‘lgan ko‘p yillik status-kvoni buzishi mumkin. Ular kafolatlangan o‘zaro yo‘q qilishning asosiy tamoyilini xavf ostiga qo‘yadi – birinchi yadroviy zarba berilgan taqdirda gipertovushli raketalar qit'alararo ballistik raketaning javob hujumini to‘liq bartaraf etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuning uchun poyga ommaviy tus oladi: hech kim o‘zini ortda qolgan deb his etishni istamaydi.

Bu esa gipertovushli ishlanmalar bilan shug‘ullanadigan kompaniyalarning tezkor rivojlanishi, an'anaviy qurollangan kema va samolyotlar uchun qurilmalar ishlab chiqaruvchi kompaniyalar inqiroziga olib keladi.

AQShda konstitutsion inqiroz boshlanadi

Demokratlar va respublikachilar o‘rtasidagi ziddiyat o‘z chegara nuqtasiga yetadi. Kongressga o‘rta muddatli saylovlarda respublikachilar g‘alaba qozonish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga tayyor. Demokratlar esa qo‘rquvni kuchaytirish uchun ommabop bo‘lmagan kampaniya olib borishadi.

Saylovlardan keyin bir tomon yoki bir vaqtning o‘zida har ikkala tomon ovoz berish natijalarini tasdiqlashga qarshi chiqadi. Natijada Kongressning yangi tarkibini shakllantirish mumkin bo‘lmaydi va u rejalashtirilganidek, o‘z ishini 2023 yilning 3 yanvar kuni boshlay olmaydi.

Jo Bayden prezident dekretlari yordamida mamlakatni boshqarishni davom ettiradi. Oliy sudda konservativ ruhdagi sudyalar soni ko‘p bo‘lgani uchun Demokratik partiya saylov natijalari ko‘rib chiqilishiga qarshi chiqadi. Shu sababli AQShda demokratiya to‘xtatiladi. Mamlakatni to‘laqonli konstitutsion inqiroz qamrab oladi. 

AQSh aktivlari o‘ta volatil bo‘lib qoladi, dollar tushib ketayotgan bir paytda AQSh obligatsiyalari daromadliligi o‘sadi. 

Yevroittifoq pensiya jamg‘armalaridan to‘ldiriladigan Superfond tashkil etadi

AQSh tomonidan Yevropaga sovuq urush davrida berilgan «xavfsizlik soyaboni» dunyoning umuman boshqa tomonida joylashgan Xitoy Vashingtonning asosiy harbiy va iqtisodiy raqibiga aylanishi munosabati bilan yo‘qolishi mumkin. YeI mustaqil tarzda mudofaani mustahkamlash, bir vaqtning o‘zida boshlanayotgan iqtisodiy inqirozdan aziyat chekkan iqtisodiyotlarga turtki berish usulini izlaydi. 

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Italiya bosh vaziri Mario Dragi ko‘magida 3 trillion yevro miqdorida YeI Superfondini yaratishni taklif etadi. Fond mudofaani ta'minlash, shuningdek, iqlim o‘zgarishlari va toza energiyaga o‘tish muammolarini hal qilishda yordam beradi. Yevropa aholisi qariyotgani, shuningdek, shusiz ham yuqori bo‘lgan soliqlar hisobga olinsa, siyosatchilar fondni daromad solig‘ini oshirish hisobiga moliyalashtirib bo‘lmasligini tushunishadi.

Fransiya 40 yoshdan katta barcha ishchilar pensiya aktivlarini Superfondning past daromadli obligatsiyalarga majburiy o‘tkazishni taklif etadi. Past daromadli obligatsiyalar aslida Yevroittifoq obligatsiyalari sanaladi. Tizim shu darajada muvaffaqiyatli bo‘ladiki, Yevropada daromad solig‘i asta-sekin pasayadi.

NFT asosidagi musiqa tarqatish xizmatlari tufayli Spotify inqirozga yuz tutadi

Daromadning 75 foizdan ortig‘ini oladigan, striming platformalarida musiqa tinglashdan keladigan tushumning adolatsiz taqsimlanishi modelidan norozi bo‘lgan musiqachilar raqamli huquqlarni bevosita tinglovchilarga sotib, musiqani NFT asosidagi servislar yordamida tarqata boshlaydi.

Bu musiqachilarga real vaqt rejimida daromad olish va uni dallollar bilan bo‘lishmaslik imkoniyatini beradi. Tinglovchilar esa qolgan barcha narsalardan tashqari, pul bevosita sevimli ijrochilariga borayotganini anglashadi.

2022 yilda Keti Perri, Jyeyson Derulo va The Chainsmokers musiqalarini NFT asosidagi servislar orqali taklif eta boshlaydi. Boshqa ijrochilar esa o‘z kompozitsiyalarini inqirozga uchrayotgan an'anaviy oqimdagi platformalardan olib tashlashadi: Spotify bir yilda qiymatining 33 foizini yo‘qotadi. Investorlar NFT’ning film, kitob va boshqa kontentni sotishdagi salohiyatini ko‘ra boshlaydilar.

Mavzuga oid
Top