15:03 / 05.12.2021
11040
Jizzaxda atrofi betonlangan daraxtlar. Ekopartiya ekoqo‘mitani tanqid qildi, ko‘chatlar boshqa joyga ko‘chirildi

4 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyatining Gagarin shahrida 75 tup daraxt atrofi betonlab yuborilgani aks etgan suratlar tarqaldi. Ekologiya qo‘mitasi holat bo‘yicha ma'lumot berdi.

Ekologiya qo‘mitasi axborot xizmati ma'lum qilishicha, holat Jizzax viloyati boshqarmasi tomonidan o‘rganildi.

Mirzacho‘l tumani, Gagarin shaharchasi, «Do‘stlik» MFY, Xalqlar Do‘stligi ko‘chasining ikki tomoniga ekilgan 75 tup daraxt atrofi «Fayz-Baraka» MChJ tomonidan yo‘lak qurish ishlari davomida betonlab yuborilgani ma'lum bo‘ldi.

Qo‘mita dastlab daraxtlarning barchasi: 38 tup archa, 7 tup yasin, 1 tup tut, 1 tup akatsiya, 1 tup gilos, 4 tup qayrag‘och, 7 tup eldor qarag‘ayi, 12 tup aylan daraxtlarining tagidagi betonlar buzib olingani va ularning tagi yumshatilib, parvarish qilingani haqida xabar berdi.

MChJning ushbu ishga yo‘l qo‘ygan xodimlariga nisbatan rasmiy bayonnoma rasmiylashtirilib, jarima belgilangani ma'lum qilindi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi

Ko‘p o‘tmay O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy kengashi ushbu holat bo‘yicha munosabat bildirib, qo‘mitaning harakatlari yetarli darajada ta'sirchan emasligi ma'lum qilindi.

«Mazkur holat yuzaga kelishi mamlakatimizda «Yashil makon» umummilliy loyihasi amalga oshirilayotgan, har bir daraxtga, bir tup bo‘lsa-da ko‘chat ekishga alohida e'tibor qilinayotgan bir vaqtda qator savollarni tug‘dirmoqda.  

Birinchidan, katta yo‘l yoqasida yo‘lak qurish bir-ikki kunda bitkazib yuboriladigan kichik ish emas. Buning uchun avvalo loyiha-qurilish ishlari har tomonlama puxta rejalashtirilgan holda amalga oshirilishi zarur. Bu jarayonda esa har bir tup daraxt hisobga olinishi shart.

Shunday ekan, loyihalash va qurilish jarayonida mutasaddilar qayerga qarashgan? Qurilish jarayonini tuman hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari, tuman arxitektori nazorat qilishi kerak emasmi? Obodonlashtirish bo‘limi, ekologiya inspeksiyasi qayerga qaradi? 

Umuman, bu mutasaddilarning shu yerda salomatlik yo‘lagi qurilayotgani-yu, bu yerda baravj o‘sib turgan daraxtlar osti betonlab tashlanayotganidan xabari bo‘lganmikan o‘zi? Bunday noxush holatlarning oldini olish, tumandagi har bir tup daraxtni himoyalash ularning birinchi galdagi vazifasi bo‘lishi kerak emasmi?

O‘zbekiston ekologik partiyasi daraxtlarga nisbatan bunday shafqatsiz munosabatni keskin qoralaydi. Bugun mamlakatimizda xalqimiz o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish maqsadida qurilayotgan piyodalar uchun qulay bo‘lgan salomatlik yo‘laklari yashil maskanlar, jumladan yon-atrofdagi daraxtlar bilan hamohangligini unutmasligimiz zarur.

Prezidentimiz tashabbusi bilan ayni vaqtda mamlakatimiz bo‘ylab daraxt ekish bo‘yicha o‘tkazilayotgan «dolzarb qirq kunlik» ham har bir tup daraxt ko‘chatiga alohida e'tibor va parvarish shart ekanini ko‘rsatib turibdi. Buning uchun mas'uliyatni har bir mutasaddi o‘z zimmasiga olishiga to‘g‘ri keladi.

Ma'lum qilinganidek, daraxtlar atrofidagi beton qo‘porilib yo‘l qo‘yilgan xato to‘g‘rilangan. Biroq berilgan suratlardan ko‘rinib turibdiki, holat to‘liq bartaraf etilmagan, daraxtlar atrofi nomigagina betondan tozalangan, ularni parvarishlash uchun yetarlicha sharoit yaratilmagan. Qolaversa, yetkazilgan zarar hamda jarima miqdori jamoatchilikka ma'lum qilinishi kerak emasmi? Bu ham obodonlashtirish bo‘limi va boshqa mutasaddilarning masalaga «xo‘jako‘rsin» kayfiyatda yondashayotganini ko‘rsatib turibdi.  

Qurilishni amalga oshirganlarni jarimaga tortish bilangina bunday holatlarga butunlay barham berish mushkul. Daraxtlarga bunday munosabat uchun tegishli tashkilot rahbarlari, har bir mutasaddining ham mas'uliyatini ko‘rib chiqish kerak. Toki har bir tup daraxt atrof tabiiy muhitning bir bo‘lagi sifatida doim himoya va parvarishda bo‘lishi kafolatlansin», deyiladi partiya matbuot xizmati munosabatida.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi

Keyinroq, 5 dekabr kuni esa qo‘mita betonlab qo‘yilgan daraxt ko‘chatlari erta tongdan viloyat Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tashabbusi bilan beton ariq yoqasidagi tuproq yerga ko‘chirib o‘tqazilgani, ko‘chirish imkoni bo‘lmagan ko‘p yillik daraxtlarning tagi yumshatilgani haqida ma'lum qildi.

Foto: Ekologiya qo‘mitasi
Foto: Ekologiya qo‘mitasi

Hozircha qo‘mita yetkazilgan zarar hamda jarima miqdorini jamoatchilikka ma'lum qilmadi. 

Top