18:53 / 05.12.2021
38115
«Nega oddiy soya uchun buncha yuqori narx?» - Blogerlarning hafta mavzulari

Chiroqchidagi IIB xodimlari va haydovchi mojarosi, hokimga sovg‘a qilingan «Mersedes» va antikorrupsiyaning chala izohi, ilmda ortda qolgan O‘zbekiston hamda boshqa mavzular - blogerlar yakunlangan haftada qanday mavzularni muhokama qildi?

Ayb faqat fuqarolardami yoxud oddiy soya uchun katta jarimalar

Foto: Videodan kadr

Huquqshunos va bloger Xushnud Xudoyberdiyev ichki ishlar organlari xodimlarining ustiga mashinasini haydagan fuqaro haqidagi xabarlardan keyin mantiqsiz qonunlarni o‘zgartirish payti kelgandir degan savolni o‘rtaga tashladi.

«YHXBB e'lon qilgan videodan ma'lum bo‘ladiki, 23 yoshli haydovchi o‘z Lacetti’sining old yon oynalari ruxsatsiz tonirovka qilingani uchun qo‘rqqanidan eshiklarini yopib olgan va keyin odamlarning gijgijlashi sabab mashinani xodimlar ustiga haydagan.

Ha, shubhasiz yigit 2 karra qonunni buzdi. Ham ruxsatsiz tonirovka, ham hokimiyat vakiliga bo‘ysunmaslik. Boshqalarga dars bo‘lishi uchun ham jazoga tortilishi deyarli aniq. Biz ham bu kabi holatlarni qoralaymiz va fuqarolardan qonunga itoatkorlikni, odamlar hayotiga bu kabi xavf solmaslikni, hokimiyat va organ vakillarining qonuniy talablariga rioya qilishni so‘rab qolamiz (masalan, AQShda agar haydovchi politsiya ustiga mashina haydaganda, ogohlantirmasdan o‘qqa tutgan bo‘lishardi, yaxshiyam bizda unaqamas).

Ammo keling, oqibatlar haqida emas, sabablar haqida gaplashib ko‘ramiz.

Xo‘sh, o‘sha Lacetti haydovchisi nega bunchalik qo‘rqib ketdi? Masalan, oddiy kamar taqmaganida yoki sug‘urtasi bo‘lmaganda bunchalikka bormasdi-ku, to‘g‘rimi?

Javob: O‘zbekistonda ruxsatsiz tonirovka o‘rnatganlarga o‘ta yuqori jarima qo‘llanadi. Hatto qizil chiroqda o‘tgan yoki 70 km/soat belgilangan joyda 180 tezlikda yurgan qoidabuzarlarga ham bunchalik jazo yo‘q», deb yozdi bloger.

U tonirovkaga to‘lanadigan pul miqdori ham o‘ta mantiqsizligiga e'tibor qaratdi.

«Endi o‘zingiz o‘ylang, jamiyat uchun qaysi biri ko‘proq xavf keltiradi? Tonirovka shunchalik katta xavf ekan, unda nega pul to‘lasa, mumkin? Pul to‘laganlar jamiyat uchun xavfsiz-u, to‘lamaganlar uchiga chiqqan muttahammi?

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda yo‘l harakati qoidalariga oid faqat ikkita qilmish uchun eng yuqori 40 «minimal», ya'ni 10 mln 800 ming so‘m jarima belgilangan. Bundan katta jarima yo‘q. Bular:

1) transportni boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxs mast holda mashina haydasa;

2) tonirovkani takroran ruxsatsiz o‘rnatsa.

Ilk marta ruxsatsiz tonirovka bilan tushsa, 6 mln 750 ming so‘m jarima qo‘llanadi, bu mast holda mashina haydaganning jarimasi bilan bir xil.

Shu o‘rinda boshqa savol ham tug‘iladi. Xo‘p, bu quloqsiz va madaniyatsiz haydovchilar tonirovkani tegishli ruxsat bilan o‘rnatsa bo‘lmaydimi? Nega ular tonirovka uchun qonunni buzadi? Qonunlarga hurmat qani?

Yaxshi va mantiqli savol, albatta. Keling, endi shu joyda yana oqibat haqida emas, sabablar haqida chuqurroq o‘ylab ko‘ramiz.

Nega haydovchilar tonirovkani ruxsatsiz o‘rnatadi?

Javob: chunki tonirovka narxi mantiqsiz darajada o‘ta qimmat.

Masalan, o‘sha chiroqchilik yigit Lacetti’sining old yon oynasini tonirovka qilish uchun naq 13 mln 500 ming so‘m to‘lashi kerak edi. Orqa yon oynalar uchun esa 1 mln 350 ming so‘m.

Oddiy soya uchun bunchalar baland narx belgilagandan keyin aksariyat haydovchilar ruxsatsiz o‘rnatishga harakat qilishi tabiiy. Mayli, kimdir zaruriyat uchun, kimdir maqtanish uchun qilar, ammo fakt shuki, mantiqsiz qonunlarning o‘zi fuqarolarni qoida buzishga provokatsiya qiladi. Masalan, soliqlar qanchalik baland bo‘lsa, hamma soliqdan qochib, yashirin bozorga o‘tib ketganidek.

Endi sizda boshqa savol tug‘ilishi mumkin. Xo‘sh, nima uchun o‘zi narx va jarima bunchalar baland hamda haligacha pasaytirilmayapti?

Oh, bu ham juda bir joyida berilgan o‘rinli savol bo‘ldi. Rahmat sizga. Keling, yana oqibatlarni emas, sabablarni ko‘rib chiqamiz.

Nima uchun haligacha tonirovka o‘rnatish narxi va jarimasi kamaytirilmayapti?

Javob: chunki bundan Ichki ishlar vazirligi manfaatdor, ular har yili bir necha yuz milliard so‘m daromad oladi. Shu sababli haligacha narx va jarimani tushirish varianti ko‘rib chiqilmayapti. Avval ham bu haqida yozgan edim. Bu pullarning bir tiyini ham respublika budjetiga o‘tkazilmaydi, buning barchasi IIVning maxsus jamg‘armasiga borib tushadi.

2019 yil avgustdan 2020 yil yakuniga qadar Ichki ishlar vazirligiga tonirovka o‘rnatishdan jami 302 mlrd 635 mln so‘m (salkam 29 mln dollar) pul tushgan. 2021 yilda bu raqam yanada kattalashgani aniq.

Xo‘sh, yo‘q joydan shuncha pul tushib tursa, kim ham bunaqa «tilla tuxum» tug‘adigan g‘ozni berib qo‘ygisi kelardi?

Ko‘ryapsizmi, barchasi bir-biriga chambarchas bog‘liq. Ayb faqat fuqarolarda emas, mantiqsiz qonunlarga ham bir qarab qo‘yaylik. IMHO», deb yozdi bloger.

Mavzuni deputat Doniyor G‘aniyev ham davom ettirib, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish kiritishni taklif qilgani haqida yozdi.

«Xushnudbek hukumat tomonidan tonirovka uchun belgilangan qimmat narxlarni tushirishga yoki ruxsatsiz tonirovka uchun belgilangan sanksiyalarni (Parlamentning o‘zi belgilagan aslida) kamaytirishga Parlamentning katta ehtimol bilan «tishi o‘tmasligi»ni yozgan. Afsuski, bloger do‘stimizning bu fikri ham haqiqatdan yiroq emas.

Shunga qaramay, bir necha hafta avval deputat sifatida qonunchilik tashabbusi huquqimdan foydalanib, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning aynan 126-moddasiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqib, yuridik xulosa olgandim. Taklif etilgan qonun loyihasida nafaqat ruxsatsiz tonirovka uchun belgilangan sanksiyalar miqdorini kamaytirish, balki haydovchining o‘rnidan tevarak-atrofini ko‘rishni cheklamaydigan oynalarni (ya'ni orqa yon oynalarni) qoraytirish ma'muriy javobgarlik uchun asos bo‘lmasligi ko‘zda tutilgan», deb yozdi u.

Deputat 2022 yildan tonirovkadan tushgan pullar IIVga emas, budjetga o‘tkazilishini ta'kidlab, Vazirlar Mahkamasida qonun loyihasi qo‘llab-quvvatlanishiga umid qilgan.

Zarar hokimdan, kompensatsiya xalq pulidanmi?

Huquqshunos va bloger Bahodir Ahmedov hokimning noqonuniy qarori tufayli keltirilgan zarar davlat budjetidan to‘lanishiga e'tibor qaratdi.

«Davlat amaldorlari ish yuzasidan qonunni buzib kimgadir zarar keltirsa, nima bo‘ladi? Hozir siz bilan aslida qanday bo‘lishi haqida qonuniy tahlil qilamiz.

Olaylik, biror amaldorning noqonuniy qarori bilan fuqaro uyi buzilib ketdi. Bu noqonuniy ekani sudda isbotlandi. Nima bo‘lishi kerak?

Sudya, avvalo, noqonuniy qaror chiqarilgani uchun o‘sha hokimga nisbatan bitta xususiy ajrim chiqarishi kerak. Fuqaroning uyga bo‘lgan huquqi tiklansa, bu keltirilgan zarar qoplandi degani emas, albatta. Bu uchun alohida da'vo bilan sudga murojaat qilish kerak bo‘ladi. Fuqaro ma'lum asoslantirilgan summani hokimlikdan zararni qoplash uchun sud orqali oladi. Birov o‘zi kelib berib ketmaydi.

Sud orqali zarar undirildi, xo‘p. Hokim indamay suvdan quruq chiqib ketaveradimi? Qonunda biror nima yo‘qmi bu bo‘yicha dersiz? Albatta bor. Fuqarolik kodeksi 15-moddasi va 990-moddalariga asosan, davlat mansabdori, masalan, hokim yetkazgan zarar o‘sha tashkilot (hokimlik) yoki tashkilot puli yetmasa, budjetdan to‘lanishi aytilgan. Masalan, bitta mahalla buzilgan. Fuqarolarga yetkazilgan zarar miqdori, aytaylik, 1 mlrd so‘m bo‘lgan. Bu qonun bo‘yicha hokimning noqonuniy qilmishi tufayli davlatga 1 mlrd so‘m zarar yetdi deganidir.

Hokimlik bu pulni to‘laydi. Keyin-chi? Fuqarolik kodeksi 1001-moddasiga asosan hokimlik hokimdan regress tartibida sud orqali 1 mlrd so‘mni undirib olish huquqiga ega. Bu summa hokimning bo‘yniga ilib qo‘yilishi esa adolatli chora, to‘g‘rimi? Bu zarar birma-bir hokim oyligidan yechib borilaveradi. Ha nima, o‘ylab chiqarsin-da qarorni, katta xolasining uyimas-ku», deyiladi postda.

Huquqshunos amalda hokimlardan hech qachon bunaqa regress tartibida pul undirilmasligini ta'kidlaydi: «SNOS davrlarida biror hokim regress tartibida zararni qoplaganmikin? Statistika nima deydi bu bo‘yicha? Qarorni chiqarib, zararni qilib qo‘yib, keyin budjet hisobidan qoplanib ketilaverganmikin? Axir, budjet ham xalq puli. Xalq pulidan xalqning jabr chekkan bir qismiga kompensatsiya beriladi. Hokim hech narsa bo‘lmagandek hushtak chalib ketaveradi. Klassika».

«Antikorrupsiya agentligining jamoatchilik kengashida qolishim imkonsiz» — hokimga qimmatbaho «Mercedes» va uning atrofidagi muhokamalar haqida

O‘tgan haftada fuqaro Mercedes-Benz S500 avtomobilini Toshkent shahar hokimligiga sovg‘a qilgani katta muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ushbu sovg‘a bo‘yicha tekshiruv o‘tkazayotgani jurnalistlarga ma'lum qilindi.

Shundan so‘ng OAVning Toshkent shahar hokimligiga Mercedes-Benz sovg‘a qilinishi borasidagi savoliga bergan javobida agentlik direktori Akmal Burhonov qonun buzilishi holati bo‘lmaganini aytdi. 

Iqtisodchi Otabek Bakirov agentlikning bu javobidan keyin jamoatchilik kengashida qolishi imkonsizligini bildirib post qoldirdi. 

«Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Toshkent shahar hokimligiga Mercedes-Benz sovg‘a qilinishida qonun buzilishi holati bo‘lmaganini qayd etgan. Agentlik o‘zining pozitsiyasini batafsil ochiqlamagan.

Jamoatchilikda haddan ziyod g‘azab uyg‘otgan bu voqelik agentlikda iqtisodiy ma'noga ega bo‘lmagan harakat yoki qonun talablarini chetlab o‘tishga urinish o‘laroq, hattoki savol tug‘dirmagan.

Agentlikning bu kabi g‘alati pozitsiyasidan keyin Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Jamoatchilik kengashi a'zosi sifatida qolishni bundan buyon o‘zim uchun imkonsiz hisoblayman», deb yozdi u.

Kambag‘al davlatda ilm-fan qilinmaydi

Iqtisodchi Behzod Hoshimov Twitter’dagi sahifasida O‘zbekiston ilm-fani haqidagi mulohazalarini yozib qoldirdi.

«Kambag‘al mamlakatda ilm-fan qilinmaydi. Ilm-fan qimmat narsa va dunyodagi kam sonli mamlakatlardagina buning imkoni bor.Qachondir O‘zbekistonda ilm-fan qilinar edi. Agar O‘zbekiston fanining dunyodagi nisbiy o‘rni haqida aytsak, 1988 yilga chiqish uchun yarim asr kerak.

Ijtimoiy fanlar deyarli mavjud emas edi. Sabablari siyosiy. Lekin hatto ijtimoiy fanlarda ham o‘zbekistonliklar 1988 yil darajasiga chiqishlari imkonsizdek.

Boshqa fanlarda ham ahvol uncha yaxshi emas. Lekin matematika maktabimiz yo‘qolib ketgani – eng achinarlisi. O‘zbekistonda yozadigan olimlar ishlarini AMC (AQSh matematika jamiyati) tarjima qilar edi.

Hozir hech qaysi jurnal tarjima qilinmaydi. Xullas-da.

Aytmoqchi bo‘lganim, bizda ilm-fan mavjud emasligi, bizning xalq ilm olishi kerakligini bilmasligidan emas, o‘ta kambag‘al mamlakatda yashaganimiz va mamlakatda birorta tadqiqot universiteti yo‘qligi.

Ya'ni masalan, Yaman ham shunaqa. Lekin Yaman yoki Janubiy Sudandan farqli o‘laroq, biz qachondir ilm-fanda birinchi ligada bo‘lganmiz.

Ya'ni hatto saqlab ham qola olmadik.

Bizda bolalarning ilm-fanga chanqoqligini uyg‘otishga harakat qilsangiz ham, ular ketishga majbur bo‘ladilar.

Agar odamlar ilm-fan qilishini xohlasangiz, iqtisodiy islohotlar kerak. Qaytaraman, kambag‘al mamlakatda ilm qilinmaydi», degan iqtisodchi.

Top