21:50 / 15.12.2021
10988

2 yil oldin 81 tup daraxt kesilgani uchun tergovga tortilgan “zamhokim”ga qanday chora ko‘rilgani nega yashirilmoqda?

Qonunga ko‘ra, dastlabki tergov muddati 3 oy. Ammo qariyb ikki yildirki, moratoriy davrida 81 tup daraxtning boshiga yetgan Yakkasaroy hokimi o‘rinbosari va tadbirkorga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tergovi natijasi ma’lum emas. Aybdorlardan undirilgan pul tartibga zid holda Toshkent shahar prokuraturasida qolmoqda.

Foto: Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi

2020 yil 21 fevral kuni Yakkasaroy tumanida quruvchi tashkilot tomonidan moratoriyga zid ravishda 81 tup daraxtning kesib tashlanishi oqibatida Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Yakkasaroy tumani hokimi o‘rinbosari A.Sattarov va «Building And Supplies» MChJ rahbari A.Qodirov jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchi tariqasida jalb qilingandi. Yetkazilgan zarar qonunbuzarlardan 3 barobar (1 mlrd 891 mln so‘m) qilib undirgandi.

Ma’lum bo‘lishicha, undirilgan summa Toshkent shahar prokuraturasining bankdagi depozit hisob raqamiga qabul qilingan va hamon o‘sha yerda saqlanmoqda. Jinoyat ishining taqdiri ham noma’lum.

Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 20 oktyabrdagi 290-sonli qaroriga muvofiq, o‘simlik dunyosiga zarar yetkazilgan taqdirda jarimalar va yetkazilgan zararni qoplashdan tushadigan barcha summa «Bioinspeksiya» (Bioxilmaxillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni muhofaza qilish va ulardan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi)ning maxsus hisob raqamiga tushadi, tushgan summaning 60 foizi respublika budjetiga o‘tkaziladi.

Tartibga muvofiq, hisob-kitob qilib ko‘rilsa, undirilgan summaning 60 foizi – 1 mlrd 134 mln 780 ming so‘mi respublika budjetiga, qolgan 40 foizi – 756 mln 520 ming so‘mi «Bioinspeksiya»ning maxsus hisob raqamiga o‘tkazilishi kerakligi ma’lum bo‘ladi.

Kun.uz jinoyat ishining yakuni, shuningdek Ekoqo‘mitaga o‘tkazib berilmayotgan pullar bo‘yicha izoh olish maqsadida Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov bilan bog‘landi. Hayot Shamsuddinov Bosh prokuraturaning rasmiy sahifalarini kuzatishni tavsiya qildi.

Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev tergov jarayoni va undirilgan summa taqdiri noma’lum ekani hamda bu haqdagi murojaatini Toshkent shahar prokuraturasi javobsiz qoldirayotgani haqida yozdi.

Ammo ko‘p o‘tmay, bu post o‘chirib tashlandi.

Deputat post o‘chirilishi sababi bilan qiziqqan Kun.uz muxbiriga buni aytolmasligini bildirgan.

Ma’lumot uchun, Jinoyat-protsessual kodeksining 351-moddasiga binoan dastlabki tergov jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan kundan boshlab 3 oydan oshmagan muddatda tamomlanishi lozim. 

Mavzuga oid
Top