15:50 / 17.12.2021
15060

PayPal kompaniyasi, IT’da muvaffaqiyatli karera qilish – Og‘abek Yo‘ldoshev bilan suhbat

Uzbek.life jamoasi xorijdagi vatandoshlarimiz bilan suhbatlarni davom ettiradi. Navbatdagi suhbatdoshimiz AQShdagi nufuzli PayPal kompaniyasi dasturchisi Og‘abek Yo‘ldoshev.

Litseyda o‘qib yurgan vaqtlarim 7,5 IELTS olganman

Xorazm viloyatida tug‘ilganman, lekin 5-6 yoshlarimda Toshkentga ko‘chib kelganmiz. Litseyda o‘qib yurgan vaqtlarim 7,5 IELTS olganman va o‘sha paytdayoq o‘quv markazida ingliz tilidan dars berishni boshlaganman. 

Toshkentdagi Vestminster universitetida “Business information system” yo‘nalishida, undan keyin AQShda “Computer science” bo‘yicha magistraturani ham tamomlaganman. Dasturchilik sohasida 5 yillik ish tajribasiga egaman. Hozir PayPal kompaniyasida “Software engineer” sifatida ishlayman.

Bolaligimda diplomat bo‘lishini xohlardim

Magistraturada tahsil olish va tajriba orttirish uchun Qo‘shma Shtatlar men uchun eng yaxshi tanlov bo‘lgan deb bilaman. Sababi, bu mamlakatda IT sohasi juda yaxshi rivojlangan. Bakalavrda olgan bilimlarimni mustahkamlash uchun ham o‘qishimni davom ettirishim kerakligini tushunib yetganman. 

Ochig‘i, menda dasturlash sohasiga qiziqish Vesiminster universitetida tahsil olayotgan vaqtimda paydo bo‘lgan. Bolaligimda esa diplomat bo‘lishini xohlardim. Lekin shuni tushundimki, kun kelib maqsadlar ham, rejalar ham o‘zgarib ketishi mumkin. Dasturchilik sohasi yangilik yaratish bilan bog‘liqligi uchun ham menga yoqadi. 

Bir kunda Michigandagi kompaniyadan ish topganman

AQShda magistraturaning birinchi yili davomida yaxshi o‘qisangiz, ya’ni barcha talablarni bajarsangiz, 2-kursdan sizga masofaviy o‘qishga ruxsat berishadi. Sizda ishlash imkoniyati paydo bo‘ladi. Ta’lim jarayonida ishga kirish va intervyudan yaxshi  o‘tish uchun pedagoglar talabalarni tayyorlab borishadi. Qiziqarlisi, bir kunda Michigan shtatidagi o‘rta darajadagi kompaniyadan ish topganman. Ya’ni, Job intervyudan o‘tib, ishga qabul qilinganman. Suhbat davomida asosan dasturlash bo‘yicha bilimlarimni tekshirishgan, bundan tashqari jamoa bilan ishlay olish qobiliyatim, til bilish darajam va muammolarni qanday hal qilishim haqida so‘rashgan.

“Agar Ayovaga ketayotgan bo‘lsangiz, qalinroq kiyinib oling”

Viza olish jarayonimda juda qiziqarli voqea bo‘lgan. Intervyuda hamma savollarga javob berganman va mendan intervyu olgan inson ham aynan men ketayotgan joydan ekan. Suhbat tugagandan keyin u menga “Agar Ayovaga ketayotgan bo‘lsangiz, qalinroq kiyinib oling. Bizning shahar ancha sovuq”, – deb menga viza uchun ruxsat bergandi. Juda xursand bo‘lib, elchixonadan chiqib ketganman. Lekin o‘sha kuniyoq menga telefon qilib, qayta intervyuga kelishim kerakligini aytishgan. Oradan 3 kun o‘tib, men qayta intervyuga, boshqalar esa vizasini olishga elchixonaga kelishgan. Bu galgi intervyu ancha chuqur, savollar ham bir necha barobar yuqori darajada bo‘lgan. 30 daqiqa davom etgan suhbatda nima sababdan Amerikaga ketayotganim, maqsadim, oilam, ijtimoiy hayotim – barchasi haqida to‘liq ma’lumotlarni so‘rashgan. Viza uchun suhbatga kirganda aldamasligingiz, bor haqiqatni aytib, o‘z holatingiz va maqsadingizni tushuntirsangiz, viza olishda muammo bo‘lmaydi. Shunday qilib bu gal ham intervyudan viza uchun  ruxsat olib chiqqanman. 

PayPal’da maoshlar 500 000 AQSh dollarigacha

PayPal kompaniyasi – to‘lov sistemasi bo‘yicha ish faoliyatini olib boradi. Lekin bundan tashqari, boshqa ko‘plab moliyaviy servis ximatlarini ham ko‘rsatadi. O‘zbekistonda PayPal bo‘lmagani uchun uning xizmatlari mashhur bo‘lmasligi mumkin. PayPal’ning boshqa kompaniya xizmatlaridan farqli jihatlaridan biri bu xizmat sifati va xavfsizligi yuqori darajada ta’minlanadi. 

Covid-19 sabab menda kompaniya ofisiga borib ishlash imkoniyati kam bo‘ldi. Lekin kompaniya uchun xodimlarining ijtimoiy hayoti juda muhim. Haftada 5 kun, ya’ni dushanbadan jumagacha 8 soatdan ishlanadi. Yaxshi tomoni esa, agar zarur ishingiz chiqib qolsa, bemalol ruxsat so‘rab, ishlaringizni bitirib kelsangiz ham bo‘ladi. Yil davomida esa 20 dan ortiq dam olish kunlari bor, bundan tashqari 18 kunlik haq to‘lanadigan dam olish kunlari ham bo‘ladi. PayPalkompaniyasida oylik maoshlari 500 000 AQSh dollarigacha. Bu ish tajribasi, bajarayotgan ishi va darajasi qarab belgilanadi. Masalan, mendek 3-5 yillik ish tajribasiga ega bo‘lgan xodimlar taxminan 150 000 AQSh dollari va undan ko‘proq maosh olishadi. Shuningdek, ish davomida turli xil bonuslar ham beriladi.

Yosh dasturchilarga tavsiyalarim

Agar siz biron-bir maqsadni ko‘zlagan bo‘lsangiz, o‘sha yo‘lni bosib o‘tgan insonlarni izlab toping va ulardan maslahat oling. Chunki ular bosib o‘tgan yo‘ldagi to‘siqlarni yaxshi bilishadi. Boshqalarni xatosidan o‘rganish nisbatan osonroq deb hisoblayman. Albatta, o‘z yaqinlarimga qanday tavsiya bergan bo‘lsam, yosh dasturchilarga ham xuddi shunday o‘z tavsiyalarimni beraman. IT sohasiga qiziqsangiz o‘zingizni sinab ko‘ring. Birinchidan, sizda yaratuvchanlikka intilish va muammolarni yechish qobiliyati bo‘lsa, bu soha aynan siz uchun. Ikkinchidan esa, dasturchi bo‘lish uchun sizdan sabr talab qilinadi. Hech kim hech bir narsaga osonlikcha erishmaydi. Hozir ham menda qiyinchiliklar bo‘lib turadi, chunki o‘rgangan sari yangi bilimlar kelib chiqaveradi. 

Uchinchindan, o‘zingizda mantiqiy fikrlashni rivojlantirishingiz kerak. Albatta, dasturchi bo‘lishda matematika eng muhim omil emas, lekin bu fanni yaxshi bilish, sizga har doim yordam beradi. Yuqoridagi bilim va qobiliyatlarga ega bo‘lgan insonlar bemalol o‘zlarida texnik bilimlarni shakllantirish orqali yaxshi dasturchi bo‘la oladi. O‘zingiz uchun yaxshi ustoz toping va u insonning xatolari va tajribalaridan o‘rgansangiz yaxshi natijaga erishasiz.

Yosh dasturchilarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishni xohlayman

Menda ta’limga qiziqish kuchli bo‘lgani sabab O‘zbekistondagi o‘quv markazlar bilan hamkorlik qilishni niyat qilganman. Yosh dasturchilarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish va ularning nufuzli kompaniyalarda ish boshlashlarida ko‘maklashni xohlardim. Fikrimcha, dasturlash sohasiga endi kirib kelayotgan yoshlarni rag‘batlantirish kerak. O‘zbekistonda IT sohasi bo‘yicha yangi loyihalar qilmoqchiman. Albatta, bu borada o‘ylab qo‘ygan niyatlarim bor.

Mashhura Rahmonova suhbatlashdi.

Top