17:31 / 17.12.2021
9930

«Tolibon» bilan har uchrashuvda bu masalani ko‘taraman» - Ergashev Afg‘onistonda o‘zbek tili cheklanishi haqidagi xabarlarga to‘xtaldi

Foto: Sputnik Afganistan

O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashevning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistondagi etnik o‘zbeklarga zug‘um o‘tkazilayotgani va ona tillarini o‘rganishga nisbatan taqiqlar joriy qilinayotgani haqidagi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

«Ba’zi manbalarda Afg‘onistondagi o‘zbeklarni qiynash, sharoitlarini yomonlashtirish, ona tilini o‘rganishlariga ruxsat berilmayotgani haqidagi noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqalyapti.

Men «Tolibon» hukumati bilan bo‘lgan har bir uchrashuvda bu masalani ko‘taraman. Qo‘limga tushgan har bir ma’lumotni tekshirib borishga harakat qilaman.

Shuni ta’kidlab o‘tishim kerakki, Afg‘oniston hukumati vakili Abdul Salom Hanafiy ham menga aytdi: «Xotirjam bo‘ling, Afg‘oniston shimolidagi maktab dasturlaridan o‘zbek tilini olib tashlamaymiz, u saqlanib qoladi».

Shuningdek, «Tolibon» hukumatidagi madaniyat vaziri bilan ham gaplashdim. U aytyapti: «Biz siz bilan avvalgi hukumatimizning til, adabiyot va madaniyat borasidagi barcha kelishuvlariga sodiqmiz, uni davom ettiramiz. Masalan, afg‘on yerlarida bo‘lgan Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va Mashrabning qabrlarini siz bilan birgalikda obod qilamiz». Bu masalalar doimiy nazoratimizda bo‘ladi», dedi Ergashev.

  • Avgust oyining ikkinchi yarmida Kobul «Tolibon» qo‘liga o‘tgach, Afg‘onistonda o‘zbek tili maktab dasturidan chiqarib tashlangani haqida xabarlar tarqalgan, ko‘p o‘tmay O‘zbekiston TIV rasmiy bayonot berib, ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar asossiz ekanini bildirgandi.
  • Oktabr oyida esa O‘zbekiston TIV rahbari Abdulaziz Komilovning Afg‘onistonga tashrifi vaqtida toliblar Afg‘onistonda o‘zbek tili rivojlanishiga ham kafolat bergani ma’lum qilingandi.
Top