09:28 / 19.12.2021
28684

YPX xodimiga bo‘ysunmagan ayol va uning ortidan yetib kelib janjal chiqargan “organ xodimi” – poytaxtda o‘tkazilgan maxsus reyd tafsilotlari

Toshkent shahrida o‘tkazilgan maxsus reyd tadbirlari davomida odam o‘limi bilan tugagan yo‘l-transport hodisalari ham aniqlandi, deb xabar bermoqda Toshkent shahar IIBB YHXB axborot xizmati.

Tungi reyd davomida Malibu rusumli mashina to‘xtatiladi. Biroq haydovchi ayol mashina eshigini ochmaydi va inspektorning savollariga javob bermaydi. Videotasvirlarda uning telefonda kim bilandir gaplashayotgani ko‘rsatiladi. Keyinchalik YPX xodimining talablarini bajarmagan, hujjatlarini ko‘rsatish tugul hatto gapini ham eshitmagan ayol hodisa joyiga kimlarnidir chaqirgani ma’lum bo‘ladi.

Foto: Toshkent shahar IIBB YHXB axborot xizmati

Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining ma’lum qilishicha, ayolning chaqirig‘iga binoan yetib kelgan ikki nafar shaxs maxsus reydga jalb qilingan xodimlarni kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilib, ularga tahdid qila boshlaydi. Jumladan, ulardan biri reyd jarayonini tasvirga tushirayotgan xodimga ham tashlanib, uning faoliyatiga qarshilik ko‘rsatishga urinadi.

“Yop kamerangni. Yop deyapman. Menga qara, kamerangni sindirib tashlayman-da, qo‘lingga ming dollar pul beraman. Yangisini sotvolasan. Tasvirga olma, xodimni tasvirga olma deyapman sanga”, deya dag‘dag‘a qiladi u operatorga. Kadrlarda uni maxsus xizmat xodimlari to‘xtatib qolganini ko‘rish mumkin.

Foto: Toshkent shahar IIBB YHXB axborot xizmati

Qayd etilishicha, o‘zini huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi sifatida tanishtirgan ushbu shaxs voqea joyiga yordamchi kuchlar yetib kelganidan so‘ng aslida hech qanday organ xodimi emasligi ma’lum bo‘lgan. YPX inspektori bilan muloqot qilishni istamay mana shu mashmashalarga sababchi bo‘lgan haydovchi ayolga tegishli tartibda chora ko‘rilib, uning boshqaruvida bo‘lgan Malibu avtomobili jarima maydoniga joylashtiriladi.

Yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra maxsus o‘rindiq bilan jihozlanmagan transport vositasida 12 yoshga to‘lmagan bolalarni mashina salonining old qismida olib yurish man etiladi. Tungi reyd tadbirida Jentra rusumli avtomobil haydovchisi ushbu qoidaga amal qilmay, old o‘rindiqda yosh bolani olib ketayotgani aniqlanadi. Biroq inspektorning ushbu qoidani eslatishi haydovchiga yoqmaydi va u xodimlarga qo‘pol munosabatda bo‘ladi.

Foto: Toshkent shahar IIBB YHXB axborot xizmati

“Xohlasam 10 marta ko‘rsatasan, xo‘p degin”, deydi u haydovchining talabiga ko‘ra xizmat guvohnomasini 2-marta ko‘rsatayotganini aytgan YPX inspektoriga.

Reyd jarayoni tasvirlangan videolavhada Lexus rusumli avtomobil dastlab yo‘l-patrul xizmati inspektorlarining to‘xtash ishorasiga amal qilmay yo‘lida davom etmoqchi bo‘lgani, biroq chorrahadan o‘tib to‘xtagani ko‘rinadi. Inspektor haydovchidan hujjatlarini so‘raganida mashinaning orqa o‘rindig‘ida o‘tirgan 3-shaxs suhbatga aralashgan.

YPX xodimi uning spirtli ichimlik ichganini bilib, haydovchi hujjatlarni taqdim etgani, u bilan muloqot qilmasligi, chunki alkogol ta’sirida ekanini aytganida bu gap inspektorning suhbatdoshiga yoqmaydi. “Ichgan inson jinoyatchimi? Qonunni men sizdan ko‘ra sal-pal yaxshiroq bilsam keragov”, deya pisanda qiladi u.

Foto: Toshkent shahar IIBB YHXB axborot xizmati

“Vazirlar Mahkamasining yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha tegishli qaroriga binoan ichki ishlar organi xodimi bilan haydovchi o‘rtasidagi muloqot jarayoniga uchinchi shaxsning aralashuvi, xalaqit berishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilgan”, deyiladi Toshkent shahar IIBB YHXB axborot xizmati tomonidan tayyorlangan videolavhada.

Ma’lum bo‘lishicha, 2021 yilning dekabr oyida o‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida 519ta qoidabuzarlik aniqlangan. Shundan 17tasi mast holda avtomobil boshqarish, 236tasi mashinani tegishli hujjatlarsiz boshqarish, 17tasi bo‘ysunmaslik, 249tasi avtomobilni haydovchilik guvohnomasisiz boshqarish, 122tasi tonirovka qoidalarini buzish bilan bog‘liq qoidabuzarliklar hisoblanadi.

Avvalroq poytaxtda o‘tkazilgan maxsus reyd davomida 16 yashar piyoda, hamda ayol haydovchi YTH qurboni bo‘lgani, sirena o‘rnatilgan Equinox, hujjatsiz va mast haydovchilar aniqlangani, ikki Mercedes mashinasi haydovchilari esa inspektorning to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmay qochib ketishga uringani xabar qilingandi.

Top