O‘zbekiston | 23:58 / 17.12.2021
19375
2 daqiqa o‘qiladi

Sirena o‘rnatilgan Equinox, hujjatsiz va mast haydovchilar – Toshkentda o‘tkazilgan tungi reyd tafsilotlari

Toshkent shahrida huquqni muhofaza qiluvchi boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda maxsus tungi reyd tadbirlari davom ettirilmoqda, deb xabar bermoqda Toshkent shahar IIBB YHXB axborot xizmati.

Reyd jarayoni aks etgan videolavhada Equinox rusumli avtomobilga taqiqlangan jihozlar, jumladan, miltillovchi chiroqlar va sirena o‘rnatilgani ko‘rinadi. Inspektor haydovchidan bu jihozlarni nima uchun o‘rnatganini so‘raganida u mashina akasiniki ekanini aytib, javobgarlikni zimmasidan soqit qilishga urinadi.

Qayd etilishicha, maxsus reyd davomida hech qanday hujjatlarsiz avtomobil boshqarib yurgan haydovchilar ham uchragan. Jumladan, BMW, Malibu rusumli mashinalar to‘xtatilganda, haydovchilarda avtomobil boshqarish huquqini beruvchi guvohnomalar bo‘lmagan. Shu sababli har ikki holatda ham qoidabuzarlarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, transport vositalari vaqtincha jarima maydoniga joylashtirilgan.

Poytaxtning Osiyo ko‘chasida xizmat olib borayotgan yo‘l patrul xizmati inspektorlari tomonidan jizel va hushtak yordamida Spark rusumli avtomobil to‘xtatilganda u mas’ul xodimlarning ishoralariga bo‘ysunmasdan harakatlanishda davom etgan. Ushbu avtomobil majburan to‘xtatilganda haydovchi spirtli ichimlik ta’sirida ekani ma’lum bo‘ladi. Mastlik holati tibbiy ko‘rik jarayonida ham tasdiqlangach, avtoulov vaqtinchalik jarima maydoniga qo‘yilib, sarxush haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Avvalroq ikki Mercedes mashinasi haydovchilari tungi reyd davomida inspektorning to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmay qochib ketishga uringani, biroq bu mushuk-sichqon o‘yini ko‘pga cho‘zilmagani xabar qilingandi.

Mavzuga oid