O‘zbekiston | 17:56 / 18.12.2021
11983
2 daqiqa o‘qiladi

YTH qurboni bo‘lgan ikki inson: 16 yashar piyoda, ham ayol haydovchi –tungi reyd tafsilotlari

Toshkent shahrida o‘tkazilgan maxsus tungi reyd tadbirlari davomida odam o‘limi bilan tugagan yo‘l transport hodisalari ham aniqlandi, deb xabar bermoqda Toshkent shahar IIBB YHXB axborot xizmati.

Reyd jarayonida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari ham qayd etilgan. Xususan, Yangihayot tumani Qipchoq ko‘chasida soat taxminan 21:00 larda Nexia-2 rusumli mashina haydovchisi tartibga solinmagan piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan 16 yashar piyodani urib yuborgan. Haydovchi mashinasini tashlab, voqea joyidan yashiringan. Toshkent shahar IIBB YHBB axborot xizmatining ma’lum qilishicha, kasalxonaga olib borilgan jabrlanuvchi shifokorlarning urinishlariga qaramasdan, hayotdan ko‘z yumgan.

Foto: Toshkent shahar IIBB YHBB axborot xizmati
Foto: Toshkent shahar IIBB YHBB axborot xizmati

Inson o‘limi bilan bog‘liq yana bir avtoavariya poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumani hududida sodir bo‘lgan. Matiz rusumli avtomashinada yo‘l-transport hodisasiga uchragan ayol haydovchi og‘ir tan jarohatlari olib, voqea joyida vafot etgan. Ushbu YTH oqibatida o‘zaro to‘qnashgan avtomobillarda bo‘lgan 4 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Foto: Toshkent shahar IIBB YHBB axborot xizmati

Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan 2021 yilning dekabr oyida o‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida 405 ta qoidabuzarlik aniqlangan, 526 ta avtomobil vaqtincha jarima maydoniga joylashtirilgan.

Avvalroq poytaxtda o‘tkazilgan maxsus reyd davomida sirena o‘rnatilgan Equinox, hujjatsiz va mast haydovchilar aniqlangani, ikki Mercedes mashinasi haydovchilari esa inspektorning to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmay, qochib ketishga uringani xabar qilingandi.

Mavzuga oid