14:46 / 20.12.2021
8824

To‘ra Bobolov: Talabga javob bera olmaydigan hokim va o‘rinbosarlari hamda boshqa mas’ul rahbarlar bilan xayrlashishga majbur bo‘lamiz

Surxondaryoda faoliyati past baholangan va talabga javob bermaydigan rahbarlar bilan 2022 yilda xayrlashiladi va ularning o‘rnini shijoatli yoshlar egallaydi. Bu haqda viloyat kengashining navbatdagi sessiyasida viloyat aholisiga murojaat qilgan To‘ra Bobolov aytib o‘tdi.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi

2021 yilning 9 oylik yakunlarida eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha hokim va uning o‘rinbosarlari faoliyati samaradorligi tahlil qilinganida Surxondaryo viloyatidagi bir qator hokimlar va ularning o‘rinbosarlari past natija ko‘rsatgan.

Jumladan, Qumqo‘rg‘on, Boysun, Muzrabot, Jarqo‘rg‘on tumanlari hokimlari 75 foizdan past ball to‘plagan. Angor, Bandixon, Uzun, Oltinsoy, Boysun, Muzrabot va Denov tumani hokimlarining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, Sherobod va Jarqo‘rg‘on tumanlarida hokimning qurilish bo‘yicha o‘rinbosari faoliyati past baholangan.

Bundan tashqari, Jarqo‘rg‘on tumani hokimining investitsiya bo‘yicha o‘rinbosari, Sho‘rchi, Uzun, Boysun, Sariosiyo, Bandixon va Qiziriq tumanlarida hokimning qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari faoliyati ham talabga javob bermagan.

Shuningdek, reytingda tuman hokimlari Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘rinbosarlarining ko‘rsatkichlari tahlil qilinganda Muzrabot tumani hokimining o‘rinbosari 14-o‘rinni, Jarqo‘rg‘on tumani hokimining o‘rinbosari eng oxirgi o‘rinni egallagan.

«Yangi yildan endi biz bugungi talabga javob bera olmaydigan hokim va o‘rinbosarlari hamda boshqa mas’ul rahbarlar bilan xayrlashishga majbur bo‘lamiz. Agar ishonib topshirilgan vazifasini siz uddalay olmayotgan bo‘lsangiz, o‘rningizni bilimli, shijoatli, ko‘zi yonib turgan yoshlar egallaydi», – dedi To‘ra Bobolov.

Top