19:07 / 28.12.2021
111774
O‘zbekistondagi eng katta pitssa - Little Italy misolida pitsseriya biznesi

Restoran biznesida O‘zbekiston bozori uchun nisbatan yangilik sanaluvchi pitsseriyalar – “Biznes klass”ning navbatdagi mavzusi. Ko‘rsatuv davomida O‘zbekistondagi eng katta pitssani birga tayyorladik. Little Italy asoschisi Xurshid Ahmedov AQShda orttirgan tajribasi va bu biznesning nozik tomonlarini so‘zlab berdi.

Little Italy pitsseriyasi Toshkentning “Samarqand darvoza” savdo markazida joylashgan. Ko‘rsatuv davomida pitssa tayyorlash sirlari va nozik jihatlari, pitssaxona biznesini boshlash shartlari va talablari, maxsus uskunalar, texnikalar va pechlar bilan yaqindan tanishdik. Mohirona harakatlanish, talabchanlik va ozodalikka e’tibor qaratish restoran biznesida eng muhim jihatlar ekanini ko‘rdik.

Little Italy asoschisi Xurshid Ahmedov “kichkina Italiya”ning O‘zbekistonga kirib kelishi va amerikalik ustozi Salvadore Olivera haqida so‘zlab berdi.

“2002 yil Sharqshunoslik institutini tamomladim. Keyin do‘stlarim bilan chetda, Buyuk Britaniyada 3 yil o‘qidim. Bu vaqtda baribir ishlashga to‘g‘ri keladi, pitssa yetkazib beruvchi sifatida ishladik. Bir yili AQShda o‘qishni davom ettirish imkoni tug‘ilib, “sehrli diyor”ga jo‘nab ketdim.

Talabalik paytlarim, 2005 va 2015 yillar oralig‘ida AQShda pitssaxonada ishladim. Ustozim Salvadore Olivera o‘g‘li yo‘qligi, qizlari esa biznesga qiziqmagani uchun pitssaxonani bizga topshirdi. Oddiy pomidordan sous, undan xamir va pitssa tayyorlashning barcha sirlarni o‘rgatdi. Uzoq muddatli to‘lov evaziga uning nomiga ochilgan pitsseriyani biz yurita boshladik.

2008 yili AQShda iqtisodiy inqiroz kuzatilgan bo‘lsa-da, biz uchun omadli bo‘ldi. O‘sha yili ikkinchi, 2011 yili esa uchinchi filialimizni ochdik. Qo‘limizda 70-80 kishi ishlardi. Ba’zilari o‘zbeklar, aksariyati mahalliy amerikaliklar edi. O‘sha vaqtlarda shu pitssani qismlarga bo‘lib sotish konsepsiyasini O‘zbekistonga olib kirish haqida o‘ylardim. Mana hozir bizning xalqda ham pitssa madaniyati shakllangan ekan, biznes g‘oyani amalga oshirishga kirishganmiz. O‘zimizga yarasha mijozlar orttirishga erishdik”, – deydi u.

Nega Little Italy yetkazib berish xizmatiga urg‘u bermaydi?

Xurshid Ahmedov Little Italy nega yetkazib berish xizmatiga qiziqish bildirmasligini tushuntirib berdi. Uning aytishicha, yetkazib berish jarayonida inson omili muhim ahamiyatga ega, ya’ni pitssa ko‘ngildagidek pishirilgan taqdirda ham, uni mijozga kurer yoki eltuvchi orqali berib yuborish holatlarida nazoratni yo‘qotib qo‘yish mumkin.

“Qanday va qancha muddatda yetkazib borishi mahsulot sifatiga ta’sir qilishidan qo‘rqaman. Idishga solingan pitssa o‘zining parida 20 daqiqa qolishi tufayli u butunlay boshqacha ta’mga aylanadi. Pitsseriyada yegan bilan, uyda iste’mol qilganning yer bilan osmoncha farqi bo‘ladi.

Qachondir Toshkent bo‘ylab 15-20 ta filial ochsak, yetkazib berish xizmatini ham, balki, yo‘lga qo‘yarmiz. O‘shanda ham talab bor – pitsseriya o‘zidan 3 kilometr radiusdagi mijozlarga olib borilishi mumkin”, – deydi pitssapaz.

O‘zbekistondagi eng katta pitssani tayyorladik

Jarayon davomida biz 3 xil pitssa tarkibini mujassam qilgan holda bitta katta pitssa tayyorladik. Taxminan 10 kilogramm chiqadigan taom savdo markazi mehmonlariga bepul tarqatildi. Ulardan pitssa haqida fikrlar jamlandi. 20 daqiqaga ham bormay tugab ketgan pitssa haqida asosan ijobiy fikrlar yangradi. Faqatgina bitta ayol pitssaning osti ozgina kuyganini aytdi. Biz buni pitssaxona rahbariga yetkazganimizda, u yillar davomida oddiy aholi xom pitssa yeyishga o‘rgatib qo‘yilganini, aslida pitssa tagi xuddi non kabi qizarib-qizarib pishishi kerakligi, shundagina jig‘ildonni bezovta qilmasligini bildirdi.

Ko‘rsatuv so‘ngida Xurshid Ahmedov pitssaxona kelajagi haqida gapirarkan, Little Italy brendini yanada tanitish, Toshkent bo‘ylab yangi nuqtalar ochish maqsad qilib olinganini aytdi. Shuningdek, u bo‘lajak tadbirkorlarga maslahat berdi va biznes boshlashga barcha imkoniyatlar borligini, ulardan faqatgina unumli foydalanish kerakligini ta’kidlab o‘tdi.

“Biznes klass” loyihasining o‘ziga xos jihatlaridan biri bu – sonlar va narxlarga alohida e’tibor qaratilishi. Biznesga oid raqamlar: oylik maosh, daromad, ijara haqi, uskuna-jihozlarning narxlari va sof foyda haqida videoda batafsil ma’lumot berilgan. Ko‘rsatuvni YouTube'da to‘liq tomosha qiling va video ostiga o‘z fikringizni qoldiring! Eng qiziqarli va kreativ izoh egasi deb topilgan besh kishiga Little Italy brendidan 100 ming so‘mlik vaucher taqdim etiladi. Muddat – 2022 yilning 1 fevraligacha.

“Biznes klass”ni kuzatib boring, kelgusi son O‘zbekistondagi logistika xizmati va bu startapni biznesga aylantirgan kompaniya haqida bo‘ladi.

Mualliflar:
Eldor Vohidov,
Afzalbek Muhammadjonov

Tasvirchilar:
Mahmud Soliyev,
Nuriddin Nursaidov

Montaj ustasi:
Xayriddin Ayyub

Little Italy pitsseriyasi manzili: Toshkent shahri, “Samarqand darvoza” savdo markazi, 5-qavat

Telefon: +998 71 205 55 66

Mavzuga oid
Top