07:27 / 19.01.2022
4019
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda monitoring qanday amalga oshirilishi aniqlashtirildi
Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda monitoring ishlarini amalga oshirish, yerlarni muhofaza qilish va yer tuzish faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Prezidentning “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanish va muhofaza qilish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq quyidagilar tasdiqlandi:

  • qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar va ekin maydonlarida monitoring ishlarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
  • qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni muhofaza qilish bo‘yicha davlat nazoratini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
  • qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda yer tuzish ishlarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
  • “O‘zdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash instituti faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi.

Hujjatlar bilan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar va ekin maydonlari monitoringi milliy geografik axborot tizimidagi davlat yer kadastrining qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar bo‘yicha yer turlari, maydoni, yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar to‘g‘risidagi ma’lumotlari asosida amalga oshirish nazarda tutilgan.

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar va ekin maydonlari monitoringi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, uning Qoraqalpog‘iston, viloyatlardagi qishloq xo‘jaligi boshqarmalari va tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limlari, shuningdek, “O‘zdaverloyiha” instituti va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan davriy, joriy va tezkor monitoring shakllarida amalga oshiriladi. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar va ekin maydonlari monitoringi davomida olingan ma’lumotlardan qishloq xo‘jaligi yerlari holati va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi hisobotlarni tayyorlashda foydalaniladi.

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni muhofaza qilish bo‘yicha davlat nazorati respublikaning butun hududida Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan amalga oshiriladi. Yer tuzish ishlari istiqbolga mo‘ljallangan va loyihalash oldidan bajariladigan hamda xo‘jaliklararo va xo‘jalik ichidagi yer tuzish ishlari shakllarida amalga oshiriladi.

Top