17:37 / 25.01.2022
12678
IIV hajviy video va filmlarda ichki ishlar xodimlari kiyimidan foydalanishda e’tiborli bo‘lishga chaqirdi

Vazirlikka ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda videolar, TV orqali namoyish etilayotgan ayrim film va seriallarda maxsus kiyim-bosh noto‘g‘ri yoki qo‘pol xatolar bilan kiyilgan holda jamoatchilikka namoyish qilinmoqda.

“Bugungi kunda, internet tarmog‘idagi ko‘p platformalar yoshlarimizning cheksiz ijodiy izlanishlariga imkoniyat ochib berdi. Hajviyali yoki jiddiy kontent yaratish juda oson va qulay bo‘lib qoldi.

Lekin shuni unutmaslik kerakki, harbiy yoki maxsus forma kiyib masxarali kontentlar yaratish orqali tengdoshlarini kuldirishga, sayoz filmlar yoki seriallar orqali ommani jalb qilishga qaratilgan harakatlar ma’muriy javobgarlikka olib kelishi mumkin.

Kuzatuvlarga ko‘ra, ayrim ijtimoiy tarmoqlarda, filmlarda va seriallarda qahramonlar foydalanadigan formali kiyim-bosh noto‘g‘ri yoki qo‘pol xatolar bilan kiyilgan holda jamoatchilikka namoyish qilinmoqda.

Ushbu faktlar nafaqat huquqbuzarlik hisoblanadi, balki ichki ishlar organlari xodimlarini obro‘sizlantirishga qaratilgan harakat deb baholanadi”, deya IIV axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Vazirlik mulozimi harbiy yoki maxsus formali kiyim-boshni bunday huquqqa ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan kiyish Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 2091-moddasi bilan javobgarlikka tortish uchun sabab bo‘lishini eslatib o‘tdi.

“Ichki ishlar vazirligi turli ijodkorlar va ijtimoiy tarmoq faollariga bu masalada hamkorlikka hamisha tayyor ekanligini ma’lum qildi. Agar siz ichki ishlar organlari bilan bog‘liq biror ijodiy ish yoki videomahsulotni tasvirga olmoqchi bo‘lsangiz, IIV yoki hududiy ichki ishlar organlarining axborot xizmatlariga murojaat qilishingiz mumkin. Biz, albatta, o‘z tavsiyalarimiz va maslahatlarimiz bilan sizga ko‘maklashishga tayyormiz. Masalaga o‘zboshimchalik bilan yondashmasligingizni so‘raymiz”, deydi Shohrux G‘iyosov.

Avvalroq IIV YHXBBning Telegram’dagi kanalida «Sho‘rdanak» va «Qalpoq» ijodkorlari “GAI” xodimlari haqidagi hazillari uchun uzr so‘rashgani aks etgan videolar e’lon qilingani, yumoristik ko‘rsatuvlarning mualliflari Kun.uz muxbiri bilan suhbatda o‘zaro suhbat jarayoni aks etgan videolar ularning roziligisiz jamoatchilikka tarqatilgani, rasmiylar ularni bu haqda ogohlantirmaganini aytishgandi.

Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi axborot xizmati rolikni tayyorlashda xatoga yo‘l qo‘yganini, qolaversa, video unga ko‘rsatilmasdan chiqarib yuborilganini ta’kidlab, IIV hajviy chiqishi, tanqidiy maqolasi uchun jurnalistlarni, ijodkorlarni izza qilmasligi, uzr so‘ratish amaliyoti umuman yo‘qotilishini ma’lum qilgandi.

Top