13:18 / 31.01.2022
5076

Eron va O‘zbekiston o‘rtasida temiryo‘l tranzitini rivojlantirish bo‘yicha bitim imzolandi

Eron va O‘zbekiston temiryo‘l tranzitini rivojlantirish haqida kelishib olishdi. Bu haqda Eron temiryo‘llar kompaniyasining bosh direktori Miad Solihiy Twitter’da ma’lum qilgan.

Foto: AP

Miad Solihiy Twitter'dagi o‘z sahifasida temiryo‘l tranzitini rivojlantirish bo‘yicha Eron-O‘zbekiston bitimini tilga olar ekan, shunday degan: “Tomonlar 2022 yilda yuk tashuvlari bo‘yicha har ikki tomon uchun manfaatli imtiyozli tariflar o‘rnatish borasida kelishib olishdi”.

Solihiyning so‘zlariga ko‘ra, “har ikki tomon O‘zbekiston temiryo‘l vagonlarining Erondagi harakatini tezlashtirish, Eron vagonlarining O‘zbekiston hududida harakatlanish usullari, Xitoy va boshqa davlatlardan keladigan yuklarning O‘zbekiston orqali va teskari yo‘nalishda tranziti, shuningdek, Chobahor bandargohidan O‘zbekistonga va teskari yo‘nalishda kombinatsiyalashgan yuk tashuvlarni tashkillashtirish borasida kelishib olishgan”.

Temiryo‘l tashuvlari sohasida o‘sib borayotgan hamkorlikni mustahkamlash, Eron–O‘zbekiston yo‘nalishidagi transport-tranzit koridorlaridan samarali foydalanish maqsadida so‘nggi kunlarda Eron va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilgan, ularning yakuniga ko‘ra O‘zbekiston va Eron temiryo‘l kompaniyalari o‘rtasida hamkorlik qilish bo‘yicha bayonnoma imzolangan edi.

Mavzuga oid
Top