11:02 / 01.02.2022
5994

“Turizm rivojlangan davlatlarda mehmonxonalar uchun QQS tabaqalashtirilgan” - ekspert

O‘zbekistonda mehmonxonalar nima uchun qimmat? Shu mavzuda Kun.uz bilan suhbatda bo‘lgan Turizmni rivojlantirish assotsiatsiyasi raisi Dilshod Odilov boshqa davlatlar kabi O‘zbekistonda ham mehmonxonalar uchun QQSni tabaqalashtirishni taklif qildi.

Dilshod Odilov

Turizmni rivojlantirish assotsiatsiyasi raisi Dilshod Odilov Kun.uz bilan suhbatda turizm sohasini qo‘shilgan qiymat solig‘iga tortish borasida takliflarini bildirdi.

“Qo‘shilgan qiymat solig‘i egri soliq bo‘lib, amalda xaridor (iste’molchi) tomonidan to‘lanadi. O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 258-moddasiga asosan barcha turdagi tovarlar va xizmatlar uchun (ayrim imtiyozlarni hisobga olmaganda) qo‘shilgan qiymat solig‘ining (keyingi o‘rinlarda QQS) stavkasi 15 foiz qilib belgilangan bo‘lib, tabaqalashtirilgan soliq stavkasi mavjud emas. Lekin jahon tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlar va xizmatlar, jumladan turizm xizmatlari uchun QQSning tabaqalashtirilgan stavkasi qo‘llanilishini quyidagi jadvalda ko‘rishimiz mumkin”, – deydi u.

 

Dilshod Odilov turizm sohasi eng taraqqiy etgan va bu borada ortda qolayotgan davlatlar tajribasi haqida gapirdi.

“Jadvaldan ham ko‘rinib turibdiki, soha yetakchilari bo‘lgan Ispaniya, Fransiya, Gretsiya, Italiya va Turkiyada QQSning tabaqalashtirilgan stavkasi qo‘llanilmoqda. Turizm rivojlanmagan va iqtisodiyotning yetakchi tarmog‘iga aylanmagan mamlakatlardagina QQS stavkasi yuqoriligini ko‘rish mumkin”, – deydi u.

Dilshod Odilov avvalroq O‘zbekistonda mehmonxonalar qimmatligining sababi sohaga soliq yukining oshib ketgani va QQS tabaqalashtirilmagani ekanini ta’kidlagandi.

Shundan so‘ng moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov iste’molchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun tabaqalashtirilgan QQS stavkalaridan foydalanish samarasiz chora ekanini bildirgan.

“Soliqdan tejash kamdan kam hollarda xaridorlarga o‘tadi, odatda u chakana savdogarlarda qoladi. Hattoki, naf iste’molchilarga o‘tgan taqdirda ham, pasaytirilgan stavkalar eng boy uy xo‘jaliklariga ko‘proq foyda keltiradi”, – degandi vazir o‘rinbosari.

Dilshod Odilov moliya vaziri o‘rinbosarining so‘zlarini keltirar ekan, pasaytirilgan stavkalar soha uchun foydali bo‘ladi, deb hisoblamoqda.

“Moliya vazirligining pozitsiyasiga ko‘ra, tabaqalashtirilgan QQS stavkalari samarasiz chora, lekin butun dunyo bu tajribadan foydalanayotgani ham haqiqat. Qo‘shnilarimiz Qozog‘iston va Qirg‘izistonda ham yagona stavka, lekin 12 foiz qilib belgilangan. Moliya vazirligi mas’ullari ta’kidlaganidek, QQS pasaytirilishi iste’molchilar uchun naf keltirmasligi mumkin, lekin tarmoq rivoji va yangi ish o‘rinlari yaratilishida juda ham muhim o‘rin tutadi.

Aks holda Moliya vazirligi yaqinda o‘simlik yog‘i uchun QQS stavkasini pasaytirish to‘g‘risida qonun loyihasini parlamentimizga kiritmagan bo‘lar edi. Tejalgan soliqning kimda qolishidan qat’i nazar, iste’molchida qoladimi yoki xizmat ko‘rsatuvchidami, aslida har ikki tomonda qolishi haqiqatga yaqinroq, sohaning rivojiga xizmat qilishi shubhasiz.

QQSning pasaytirilishi yangi turizm obektlari qurilishi va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishida juda muhim o‘rin tutadi. Buni McDonalds restoranlari soni va xodimlari sonining oshishi misolida ham ko‘rishimiz mumkin. 10 mln aholiga ega Shvetsiyada 191 ta, BAA da 172 ta, Chexiyada 99 ta ushbu tarmoq restoranlari mavjud. Vaholanki, bugungi kunga qadar 35 mln aholiga ega mamlakatimizga ushbu jahon umumiy ovqatlanish korporatsiyasi kirib kelmadi. Yoshlar orasida ishsizlik jiddiy muammo bo‘lgan mamlakatimizda xizmat ko‘rsatish korxonalarining va ularda ish o‘rinlarining ko‘payishi muhim masala ekani shubhasiz”, – deydi u.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, turizm sohasi kompaniyalarida hisobga olinuvchi QQS deyarli yo‘q bo‘lgani sababli, sotilayotgan xizmatlar ustiga qo‘yilgan 15 foizlik QQS to‘liq to‘lanadi, bu esa o‘z-o‘zidan tarmoqda xizmatlar narxining oshishiga sabab bo‘ladi.

“QQS pasaytirilishi haqiqatda narxlar pasayishiga olib kelmasligi mumkin, lekin tarmoqda foyda miqdorining oshishiga va yangi investitsiyalar kiritilishiga olib kelishi shubhasiz.

Turizm sohasi uchun pasaytirilgan QQS joriy qilinmayotganiga yana bir sabab sifatida soliq ma’murchiligida muammolar kelib chiqishi vaj qilib ko‘rsatilgan. Vaholanki, sohada onlayn-kassa apparati va elektron schetfakturalar joriy qilinishi orqali ushbu muammo jiddiy ravishda hal qilindi. Qolaversa, soha korxonalari tomonidan to‘langan QQSni qaytarish mexanizmini joriy qilish imkoniyati ham mavjud. Shuningdek, barcha turdagi korxonalar teng raqobat sharoitida bo‘lishi yana bir vaj sifatida keltirilgan, lekin bilamizki neft-gaz sanoati va turizm korxonalari bir-biriga raqobatchi emas”, – ta’kidlaydi Dilshod Odilov.

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha prezident xizmat ko‘rsatish sohasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha farmon imzoladi. Unga asosan, tadbirkorlarga mehmonxona bo‘yicha yer va mol-mulk solig‘i stavkasi 90 foizga kamaytiriladi.

Shuningdek, qariyb o‘nta faoliyat turi, shu jumladan mehmonxona va joylashtirish xizmatlari uchun ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizga tushiriladi.

Top