Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov qo‘shilgan qiymat solig‘ini tabaqalashtirish qanday natijalar berishi mumkinligi borasida o‘z fikrlarini bildirdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati Kun.uz muxbiriga ma'lum qilgan. 

Qayd etilishicha, ayrim tarmoq vakillari pasaytirilgan QQS stavkalari joriy etishni yoki ayrim faoliyat turlarini soliqdan ozod qilishni taklif etadi. Ammo bu samarasiz chora.

Katta moddiy xarajatlar talab etmaydigan xizmatlar uchun pasaytirilgan stavkalarni belgilash yoki QQSdan ozod qilish takliflari haqida

Bunday takliflar nafaqat turizm, balki boshqa sohalar bo‘yicha ham mavjud. Ularning mualliflari QQS oxirgi iste'molchi tomonidan to‘lanadigan soliq ekanligini hisobga olmaydilar. Shu bois, ko‘p mamlakatlarda QQS stavkalarini pasaytirish tarafdori bo‘lgan siyosatchilar o‘z takliflarini ishlab chiqaruvchilar va savdo manfaatlari bilan emas, balki iste'molchilar manfaatlari bilan asoslaydilar.

Faraz qilaylik, muayyan tarmoq uchun, masalan, mehmonxona xizmatlari uchun QQS bo‘yicha imtiyozlar joriy etildi. Biznesning qaysidir qismi yutadi, qaysidir qismi yutqazadi.

Misol uchun, bugungi kunda davlat mehmonxona ochayotgan kompaniyalarga qurilish paytida ular tomonidan to‘langan QQSni to‘liq qoplab bermoqda. Agar siz mehmonxonaga 11,5 milliard so‘m investitsiya kiritgan bo‘lsangiz, shundan 1,5 milliard so‘mi qurilish materiallari, xizmatlar va boshqalar uchun to‘langan QQS bo‘lsa, u holda mehmonxona sizga haqiqatda 10 milliard so‘mga tushadi. Bir yarim milliardni sizga budjet qaytarib beradi. Buning yagona sharti mehmonxona QQS to‘lovchisi bo‘lishi kerak. To‘lovchi bo‘lmaganga soliq budjetdan qoplanmaydi, u amortizatsiyani oshirgan va foydani kamaytirgan holda mehmonxona qiymatiga kiritiladi.

Iste'molchi nuqtayi nazaridan hamma narsa ham ravshan emas. Biz o‘ylab ko‘rishimiz kerak bo‘lgan birinchi narsa – bundan oxirgi iste'molchi yutadimi? Ikkinchisi – mazkur naf soliq ma'muriyatchiligida qo‘shimcha xarajatlarni qoplaydimi?

Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, QQS stavkasini kamaytirish, odatda, tovar va xizmatlarni mos ravishda arzonlashtirmaydi.

Masalan, O‘zbekistonda bundan bir yarim yil avval soliq stavkasi 20 foizdan 15 foizgacha pasaytirilgan edi. Iste'molchilardan kimdir narxlarning 5 foizga haqiqatda tushganligini sezdimi? Tovarlar va xizmatlarning aksariyati bo‘yicha narxlar tushmagan. 2021 yil yanvaridan aksiz solig‘i bekor qilingan import tovarlari narxlari ham arzonlashmadi. Bu raqobat yo‘qligini yoki iste'molchi ushbu narxni to‘lashga tayyorligini va chakana savdo bu narxni pasaytirishni xohlamayotganligini bildiradi.