19:46 / 16.02.2022
15520

Qurilish va tenderlar haqida jamoatchilikka ma’lumot berilmasligi bo‘yicha Toshkent shahar hokimligidan izoh so‘raldi

Shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonovga ko‘ra, hokimlik har qanday ishni faqat kengash qarori bilan boshlaydi.

Toshkent shahri Shayxontohur tumanining Alisher Navoiy ko‘chasidagi ta’mirlash ishlari bo‘yicha internetda shov-shuv ko‘tarilishi ortidan bugun, 16 fevral kuni poytaxt hokimligida matbuot anjumani tashkil qilindi.

Tadbir davomida jurnalistlar tomonidan Toshkentdagi qurilish-rekonstruksiya loyihalari, unga ajratilgan mablag‘lar bo‘yicha jamoatchilikka ma’lumot berilmasligi, tenderlar esa imi-jimida o‘tkazib yuborilishi yuzasidan tushuntirish so‘raldi.

Savol bo‘yicha Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov izoh berdi.

Unga ko‘ra, hokimlikda barcha masalaga faqat deputatlik kengashining qarori bilan qo‘l uriladi.

«Moliya tarafdan ham, yangi yo‘nalishlar bo‘yicha ham. Agar kimdir bunga qiziqsa, kengashga qo‘shilsin.

Men yana takrorlayman, maqsadimiz, shahrimizni bugungi talablarga mos holda rekonstruksiya qilish, qulayliklar yaratish. Bu maqsad yo‘lida sizlar ham ishlayapsizlar, biz ham. Kelinglar, birgalikda ishlaylik.

Agar bugun maqsadimiz bir-birimizni yomonlash, tanqid bilan qiynab qo‘yish bo‘lsa, maqsadga yetolmaymiz.

Orangizda injyenerlar va shu sohada mutaxassislar ko‘p. Keling, jurnalist va blogerlardan iborat guruh tashkil qilaylik. Bu guruh shahar bo‘ylab yuradi va yo‘llar ta’miri bo‘yicha taklif beradi. Ish shu takliflardan kelib chiqib qilinadi.

Sizlar loyiha bersangiz, shu loyiha bilan bir chorrahani birgalikda qilaylik. Agar u jamoatchilikka ma’qul bo‘lsa, biz shu yo‘ldan yuramiz», – dedi u.

Top