15:34 / 17.02.2022
25257

Markaziy bank ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan «kamyob banknot» bo‘yicha izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan qiymati «100 dollar» bo‘lgan va «20» raqami tushirilgan banknot hech qanday qiymat o‘lchoviga ega emasligi ma’lum qilindi. U 2014 yilda reklama mahsuloti sifatida chiqarilgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston milliy valutasi – so‘mning muomalaga kiritilganligiga 20 yil to‘lganligi munosabati bilan «20» raqami tushirilgan banknot chiqarilgan bo‘lib, uning bozor qiymati 100 dollarga baholanishi haqidagi videolar tarqaldi.

Markaziy bankning aniqlik kiritishicha, ushbu banknot pul belgisi hisoblanmaydi va hech qanday qiymat o‘lchoviga ega emas. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan namuna Markaziy bank tomonidan emas, balki “Davlat belgisi” korxonasi tomonidan 2014 yilda, yubiley sana munosabati bilan korxonaning reklama mahsuloti (suvenir) sifatida chiqarilgan.

«Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan banknot ko‘rinishidagi – «co‘m»ning muomalaga kiritilganining 20 yilligi munosabati bilan 20 raqami tushirilgan namuna Markaziy bank tomonidan muomalaga chiqarilgan pul belgisi hisoblanmaydi.

Yangi namunalardagi pul belgilari muomalaga chiqarilishi to‘g‘risidagi xabar, shuningdek, ularning tavsiflari Markaziy bank tomonidan ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ushbu namuna Markaziy bank tomonidan emas, balki “Davlat belgisi” korxonasi tomonidan 2014 yilda yubiley sana munosabati bilan korxonaning reklama mahsuloti (suvenir) sifatida chiqarilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan banknot hech qanday qiymat o‘lchoviga ega emas (unda so‘m yozuvi qayd etilmagan), muomala va to‘lov vositasi sifatida foydalanishga mo‘ljallanmagan.

Shu sababli, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan aholi orasida har xil savollar va tushunmovchiliklarni keltirib chiqarmaslik maqsadida asossiz axborotlarni tarqatmaslik so‘raladi», deyiladi rasmiy munosabatda.

Top