22:37 / 18.02.2022
47436
Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni LXR va DXR aholisiga murojaat bilan chiqdi

Uning ta’kidlashicha, Ukraina qurolli kuchlari Donbassga hujum qilishni rejalashtirmagan.

Foto: TASS

Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy hujum boshlanishi va Rossiyaga evakuatsiya qilish zarurati to‘g‘risidagi yolg‘onlarga ishonmaslikni so‘rab LXR va DXR aholisiga murojaat qildi. 

"Men vaqtincha bosib olingan hududlar aholisiga murojaat qilmoqdaman – bosqinchi hukumatning yolg‘onlariga ishonmang! Sizlardan navbatdagi xunrezlik maqsadida vaziyatni izdan chiqarish uchun foydalanishmoqda. Gorlovkadagi suv tozalash inshootlarida xlor portlatishni rejalashtirgan qo‘poruvchi guruhlar to‘g‘risidagi ma’lumot haqiqatga mos kelmaydi", - deb yozdi Zalujniy Facebook sahifasida.

Uning ta’kidlashicha, rossiyalik yollanganlar vaziyatni keskinlashtirishda davom etmoqda va mahalliy aholini chalg‘itmoqda.

"Bosqinchi ma’muriyatlar rahbarlarining go‘yoki Ukraina qurolli kuchlari hujum qilishi va vaqtincha bosib olingan hududlarni kuch bilan ozod etishi to‘g‘risidagi bayonotlari haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Men taqdim etgan ma’lumotni YeXHT ham tasdiqlaydi. Yana bir marta qaytaraman, davlat harbiy-siyosiy rahbariyati Ukraina sharqida hujum operatsiyalari o‘tkazishni rejalashtirmagan va o‘tkazmaydi", - dedi Zalujniy.

Ukraina mudofaa vazirligi ham mamlakat qurolli kuchlari Donbassga hujum qilmasligini bildirdi.

"Bu yolg‘on. Ukraina armiyasi hech qanday hujum harakatlarini rejalashtirmayapti va tinch aholiga xavf solishi mumkin bo‘lgan holatlarda qurol qo‘llamaydi", - deyiladi vazirlik xabarida.

Avvalroq o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan DXR va LXR rahbarlari aholi Rossiyaga evakuatsiya qilinishini ma’lum qilgandi. So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Donetsk va Kirovsk shaharlaridagi aholini Rossiyaning Rostov oblastiga olib chiqib ketish boshlangan.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top