11:00 / 21.02.2022
4667

O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi yerlarini talon-toroj qilish bilan bog‘liq 437 ta jinoyat aniqlandi

Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Kun.uz

Unda Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligining sohaga oid qonunchilik ijrosi va o‘z faoliyatining ochiqligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.  

Qayd etilishicha, tahlillar agentlik faoliyatida ochiqlikni ta’minlash, ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarni ochiq ma’lumotlar portali va o‘z rasmiy veb-saytida joylashtirib borish ishlari talab darajasida emasligini ko‘rsatmoqda.

Davlat xaridlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, xarajatlar smetasi va uning ijrosi, xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari, litsenziya va ruxsat etish uchun mas’ullar to‘g‘risida ma’lumot, xizmat uylari hamda boshqa zarur ma’lumotlarni jamoatchilikka e’lon qilmaslik holatlari mavjud.  

Majlisda yer munosabatlariga oid sohaga doir qonunchilik ijrosini ta’minlash holatiga ham to‘xtalib o‘tildi. Axborotda aholi va jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘layotgan, yer bilan bog‘liq bo‘lgan korrupsiya holatlariga chek qo‘yish maqsadida Bosh prokuratura bilan doimiy hamkorlik ishlari tashkil etilgani ta’kidlab o‘tildi.

2021 yil yanvar oyidan 1 dekabrgacha respublikada 10 042 gektar qishloq xo‘jaligi yerlarini talon-toroj qilish bilan bog‘liq 437 ta jinoyat sodir qilinganligi huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan aniqlanib, aybdor shaxslarning javobgarlik masalasi qat’iy hal qilingan.

Shuningdek, 233 ta holatda mansabdor shaxslar va boshqa yer egalari 5904 gektar yer maydonini firibgarlik yo‘li bilan 75,5 mln AQSh dollariga sotayotgan vaqtida jinoyat ustida qo‘lga olingan. Yoki 76 ta holatda 3110 gektar yerdan noqonuniy foydalanilganlik oqibatida davlat va jamoat manfaatlariga qariyb 1409 mlrd so‘mlik zarar yetkazilganligi fosh etilgan. 

Mavzuga oid
Top