15:39 / 15.03.2022
14898
Senat “snos” muammolarini hal etishi mumkin bo‘lgan qonunni rad etish arafasida

Bir necha yildan beri og‘riqli muammoga aylanib qolgan “snos”larga huquqiy yechim bo‘lishi kutilayotgan qonun Senatda rad etilishi kutilmoqda.

Foto: Kun.uz

Kecha, 14 mart kuni bo‘lib o‘tgan Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi kengaytirilgan majlisida “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Senat matbuot xizmatiga ko‘ra, qo‘mita a’zolari “aholining huquq va manfaatlarini to‘laqonli ta’minlash nuqtayi nazaridan mazkur qonunda konseptual jihatdan qayta ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan ayrim masalalar” borligini bildirgan.

Senat qo‘mitasining yig‘ilishi / Foto: Senat matbuot xizmati

“Qonunda yer uchastkasini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yishga asos bo‘ladigan holatlar aniq ko‘rsatilgan. Biroq qonunda yer uchastkasini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish masalasi, jumladan talab etiladigan xarajatlar miqdori (kompensatsiya) dastlab mulkdor bilan emas, balki joylardagi vakillik hokimiyati organlarida, ya’ni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarida muhokama qilinishi belgilangan.

Qo‘mita a’zolari masala, avvalo, mulkdor bilan muhokama qilinishi, barcha hisob-kitoblar o‘zaro kelishilishi va shundan keyingina Jo‘qorg‘i Kenges yoki mahalliy Kengashga kiritish zarurligiga alohida e’tibor qaratishdi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, majlisda hududlarda yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish bilan bog‘liq muammoli holatlardan misollar keltirilib, mulkdor bilan kompensatsiya masalasini uzil-kesil kelishmasdan turib, masalani mahalliy Kengash muhokamasiga kiritish xarajatlar miqdori oldindan chegaralanib qolishiga olib kelishi mumkinligi ta’kidlangan.

“Ana shu jihatlarni e’tiborga olib, Qo‘mitaning ushbu qonunni qayta ko‘rib chiqilishi yuzasidan tegishli qarori qabul qilindi”, – deyiladi Senat axborotida.

Huquqshunos-bloger e’tirozlari

Telegram'da “YURISTKADR” blogi yurituvchisi huquqshunos Saidali Muxtoraliyev ham “snos”larga doir qonunga e’tirozlarini bildirgan. Majlisda qatnashgan Kun.uz manbalarining xabar berishicha, ushbu postda keltirilgan e’tirozlar qo‘mitaning kengaytirilgan yig‘ilishida senatorlar bildirgan, lekin OAVda e’lon qilinmagan e’tirozlar bilan deyarli bir xil.

Huquqshunos, qonunda mulk egalari yer uchastkasini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishiga rozi bo‘lmasa, bunday hollarda nima bo‘lishi aniq ko‘rsatilmaganini, bunday mavhumliklar “snos”larga ishqiboz amaldorlarga qo‘l kelib qolishi mumkinligini aytgan. Shuningdek, u jamoat ehtiyoji hisoblangan har bir holatni aniqlash tartibi yo‘qligini ma’lum qilgan.

“Qonunning 4-moddasida sanab o‘tilgan jamoat ehtiyoji hisoblangan har bir holatni aniqlash tartib-taomillari va mexanizmlari aniq bayon etilmagan. Xususan, qonunning 4-moddasida keltirilgan holat qaysi asoslarga ko‘ra jamoatchilik ehtiyoji deb topiladi? Bu borada o‘sha hududda istiqomat qilayotgan aholi bilan jamoatchilik muhokamalari o‘tkaziladimi?” – deydi huquqshunos.

Senatning Sud-huquq va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shuhrat Cho‘lliyev (o‘ngda) / Foto: Senat matbuot xizmati

Bundan tashqari, Saidali Muxtoraliyev misol tariqasida yer uchastkalari jamoat ehtiyojlari uchun mudofaa va xavfsizlik maqsadlarida harbiy xizmatchilar uchun turar joylar barpo etish uchun olib qo‘yilishi adolatdan bo‘lmasligini ma’lum qilgan.

Qonunchilik palatasida ham, Senat tomonidan ham to‘liq matni e’lon qilinmagan qonun Saidali Muxtoraliyevning qo‘liga qanday tushib qolgani ma’lum emas. Ta’kidlash lozim, u va senatorlar aytayotgan harbiy xizmatchilarga qurib beriladigan uylar masalasi amaliyotda muammo keltirib chiqarmagan.

“Hozircha asosli e’tiroz ko‘rmadik”

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ham tarkibida ko‘plab hokimlar bo‘lgan Senat hokimlarning o‘zboshimchaligiga chek qo‘yadigan mazkur qonunni qaytarmoqchiligidan xavotirlangani haqida yozgan.

“Agar bu qonun kuchga kirsa, hokimlar “snos” bahonasida biznes sub’yektlariga yerlarni bera olmay qolishadi. To‘g‘ri, qonunda ba’zi kamchiliklar bo‘lishi mumkin, biroq bu bilan butun boshli qonunni qaytarish noto‘g‘ri, deb o‘ylaymiz. Hozircha asosli e’tiroz ham ko‘rmadik.

Biz bu qonunni qancha tez qabul qilsak, antikonstitutsion va davlatchilik hurmatiga putur yetkazayotgan bir qator lobbistik qarorlar, shu jumladan ayrim hokimlar amal ham qilmaydigan hukumatning 911-sonli qarori bekor qilinishiga erishamiz. Fuqarolarning noroziligiga sabab bo‘layotgan ushbu adolatsiz qarordan tezroq qutulishimiz kerak”, – deydi u.

Shuningdek, Kusherbayev Senat a’zosi bo‘lgan ko‘pgina hokimlarning o‘zboshimchaligi sabab O‘zbekiston “Hukumat sud qarorisiz va adolatli tovon pulisiz mulkni musodara qilmaslik” reytingida 139 ta davlat ichida 138 o‘rinda turganini eslatgan.

Rad qilinsa nima bo‘ladi?

Qonun yuzasidan senatorlar bilan muhokama o‘tkazayotgan Adliya vaziri Ruslanbek Davletov / Foto: Senat matbuot xizmati

Joriy yil 17-18 mart kunlari bo‘lib o‘tadigan Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.

Senat reglamentiga doir qonunda “qonun Senat tomonidan senatorlar umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan ma’qullanishi” belgilangan. Agar senatorlar tegishli qo‘mita a’zolari kabi qonunni rad qilsa, yana uzundan uzun byurokratik jarayonlar boshlanadi.

Xususan, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 84-moddasiga ko‘ra, Senat tomonidan rad etilgan qonun Qonunchilik palatasiga qaytariladi.

Agar rad etilgan qonun qayta ko‘rib chiqishda Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik ovozi bilan ma’qullansa, u Oliy Majlis tomonidan qabul qilingan hisoblanadi hamda imzolanishi va e’lon qilinishi uchun Prezidentga Qonunchilik palatasi tomonidan yuboriladi.

Shuningdek, Senat tomonidan rad etilgan qonun yuzasidan Qonunchilik palatasi va Senat yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun deputatlar va senatorlar orasidan tenglik asosida kelishuv komissiyasini tuzishi mumkin. Palatalar kelishuv komissiyasi takliflarini qabul qilganda qonun odatdagi tartibda ko‘rib chiqiladi.

Cenat tomonidan rad etilgan qonunni qayta ko‘rib chiqish va parlament palatalari o‘rtasidagi kelishuv komissiyasi faoliyati “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining reglamenti to‘g‘risida”gi qonunning 15-1 hamda 16 moddalari bilan tartibga solinadi.

Ko‘rib turganingizdek, senatorlar qonun qabul qilish o‘rniga rad qilsa yoki kelishuv komissiya tuzaylik deyilsa, e’lon qilinganiga deyarli bir yil bo‘lgan loyihaning qabul qilinishi va kuchga kirishi bir necha oylarga cho‘zilib ketadi. Bu esa puli to‘lanmasdan “snos” qilinayotgan ko‘plab tadbirkorlarning muammosi ham cho‘zilib yurishiga, mulk huquqiga doir reytinglardan O‘zbekistonning yanada qulashiga sabab bo‘lishi mumkin.

Qonun o‘zi nima haqida?

Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasi 2021 yil aprel oyida jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan edi. Qonun loyihasida jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi mumkin bo‘lgan aniq holatlarning tugal ro‘yxati keltirilib, “boshqa holatlar” kabi mujmal qoidalardan butkul voz kechilganini ma’lum qilgan edi.

Shuningdek, loyihada investorlar yer uchastkasini olib qo‘yish tashabbusi bilan chiqa olmasligi, yer uchastkalarini olib qo‘yish haqida qaror qabul qilingungacha tashabbuskor kamida 6ta bosqichdagi jarayonlardan o‘tishi, mulkdorlar bilan OAVlar ishtirokida ochiq muhokama o‘tkazilishi, kompensatsiyadan so‘ng ko‘chmas mulk obektini olti oy mobaynida bo‘shatib qo‘yishga imkoniyat berilishi kabi mulkdorlar huquqlarini himoya qiluvchi ko‘plab bandlar mavjud.

Navoiy viloyati sobiq hokimi, senator Qobul Tursunov / Foto: Senat matbuot xizmati

“Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi jamoatchilikka e’lon qilinganidan 9 oy o‘tgach 2022 yil 1 fevral kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida 3-o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborilgan edi.

Qonun tashabbuskori bo‘lgan Adliya vazirligi vakillari ham, deputatlar ham qonun loyihasining qabul qilinishi jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga olib qo‘yish masalalarini bevosita yaxlit qonun bilan tartibga solishga, nizoli vaziyatlarning oldini olish va sohadagi nizolarni samarali hal etishga xizmat qilishini, uning tezroq kuchga kirishi xalq manfaati uchun xizmat qilishini ta’kidlagan edi.

Shu vaqtga qadar “snos”lar O‘zbekistonda mulk huquqi buzilishlarining ramziga aylanib ketgan, nizoli holatlar faqatgina hukumat qarorlari darajasida tartibga solib kelingan.

Top