20:50 / 18.03.2022
37454
“Soliqchilardan navbatdagi jazolash mexanizmi” - ekspert DSQning yangi taklifi haqida

Davlat soliq qo‘mitasi ishlab chiqqan qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Unda tovar va xizmatlar narxi bozor qiymatidan past yoki yuqori bo‘lgan taqdirda qo‘shimcha soliq undirilishi ko‘zda tutilmoqda. Kun.uz bilan suhbatda soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov qaror loyihasi yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

Murod Muhammadjonov

Vazirlar Mahkamasining “Tadbirkorlik sub’yektlari uchun teng raqobat muhitini yaratish va insofli soliq to‘lovchilar huquqlarini himoya qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi. Loyiha yaratuvchisi – Davlat soliq qo‘mitasi.

Hech bir vakolatli organ bozor narxini belgilashi kerak emas

Hozirgi kundagi soliq qonunchiligidagi to‘xtovsiz o‘zgarishlar va yangiliklarni tadbirkorlar hazm qila olmasidan ushbu nizomning muhokamaga qo‘yilishi, fikrimizcha, yana nimadir yangilik qilish maqsadida biroz shoshma-shosharlik qilingan. To‘g‘ri, Soliq kodeksining transfert va bozor narxlari masalalarini tartibga soluvchi moddalari 2022 yilning 1 yanvaridan amalga kiritilishi ko‘zda tutilgan. Lekin soliq ma’murchiligi masalasida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar va bu o‘zgarishlarga nafaqat tadbirkorlar moslasha olmayotgani, balki soliq organi tomonidan tayyorlangan dasturlar ham omma uchun xatolik bilan ishlab kelayotgan bir paytda bozor narxlari bo‘yicha qo‘shimcha soliqlar hisoblash tartibi amalga kiritilishi ortiqcha.

Nizomning nomiga e’tibor bering: Soliq solish maqsadida tovar (xizmat)larning bozor narxini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom. Aynan “bozor narxlarini” aniqlash, “belgilangan narxlar” emas. Nizomda esa bozor narxini aniqlashda tovar (xizmat)lar bozorida talab va taklif asosida shakllanadigan narxdan tashqari, vakolatli organlar va baholash tashkilotlari tomonidan aniqlanadigan va (yoki) belgilanadigan narx ham bozor bahosi deyilishi ko‘zda tutilgan.

Bozor narxi bozor talab va taklifi asosida shakllanadigan narxligi tushunarli, bu iqtisodiy termin va haqiqatan shunday bo‘lishi kerak. Lekin ikkinchi qismiga e’tibor bering: “vakolatli organlar” tomonidan aniqlanadigan narx, deyilmoqda. Bozor narxini kimdir emas, aynan talab va taklif belgilaydi. Gap bozor narxi haqida ketar ekan, hech qaysi organning vakolati yo‘qki, uni belgilashga. Nizomning xatosi shu joyning o‘zida.

Hozir benzinning narxi qayerdadir 6 ming so‘mga yetmasa, qayerdadir 8 ming so‘m. Lekin bu qaror chiqqach, unga asoslanib: “Vakolatli organ mana bu narxda sot, degan edi, sen bu narxda sotmayapsan”, deya qo‘shimcha soliq solish boshlanmasligiga kafolat bormi? Birinchi xato va soliq to‘lovchi bilan tushunmovchilik shu yerda boshlanadi.

Tushuntirish uchun misollar

Bundan tashqari, nizom loyihasida bozor narxini aniqlashda nimalarga e’tibor berilishi haqida ham so‘z yuritilgan. Tovar va xizmatlarga talab va taklifning o‘zgarishi degan qismi bor. Demak, bu yerda bozor narxida soliq hisoblash uchun xizmatlar ham bor-da. Xizmatga bozor narxining qo‘yilishi aqlga sig‘maydigan narsa.

Oddiy misol: internet-nashrlarda o‘zining reklama xizmatlari bor. Deylik, hamma joyda reklama chiqarish bir million so‘m edi. Bozorda 100 ta xaridor bo‘lsa, 100 ta xaridorga 100 ta taklif beruvchi bor. Demak, har bittasiga bittadan to‘g‘ri keladi. O‘rtacha bozor narxi – bir million so‘m. Aytaylik, nashrlardan birida yetarli manbalari bor va u denping siyosatini qo‘llab, xaridorlariga 100 ming so‘mdan reklama qilib beraman, deb katta reklama beruvchilar oqimini o‘ziga tortib ketdi. Shunda bozor narxi bir million so‘m, nimaga sen 100 ming so‘mdan qilib berding, deb unga qo‘shimcha soliq to‘latishi adolatdan bo‘ladimi?!

Xizmatning o‘ziga bozor narxi belgilanishi xato. O‘zi aksariyat xizmatlarning tannarxi vaqt hisoblanadi. Mana yana bir oddiy misol, mening konsalting xizmatini ko‘rsatuvchi firmam bor. Aprel oyida soliq auditi bo‘yicha buyurtma olib qo‘yganman, ungacha 15 kun bo‘shman. Deylik, soliq auditining bozor narxi – 25 million so‘m. Lekin kimdir kelib menga 10 million so‘mdan ko‘p to‘lolmayman desa, aprelgacha bo‘sh o‘tirish o‘rniga 10 million so‘mga ham soliq auditini o‘tkazib beraman. U summadan menga foyda qolmasa ham, zararim qoplanishi va ishchilarni maosh bilan ta’minlashim mumkinligi uchun bu narx meni qoniqtiradi. Lekin Nizomga asosan, bozor narxidan farq 20 foizdan oshadigan bo‘lsa, mening xizmatimga ham qo‘shimcha soliqlar qo‘llanadi.

Bu bilan soliq organi mening xizmatimga, bozorimga, faoliyatimga aralashib ketmoqda. Endi 25 million bozor narxidan kelib chiqib soliq to‘lashim kerak bo‘ladi. Bu esa men va men kabi ko‘plab tadbirkorlarning bankrot bo‘lishiga olib keladi, xolos.

“Jahon tajribasida bor” – yetarli sabab emas

Jahon amaliyotida u bor, bu bor deyishadi-yu, lekin hech qanaqa tahlilsiz yoki 1, 2 foizlik ishlarni deb ommaga tatbiq etiladigan qarorlar chiqarilmoqda. Yoki umuman amaliyotda tadbirkorlik muhitini buzib qo‘yadigan yangi tartiblar o‘ylab topilmoqda.

Bozor narxi bo‘yicha soliq hisoblash mexanizmining yo‘lga qo‘yilishida balki niyat yaxshidir, lekin ertaga o‘tgan yillardagidek birov to‘lamagan QQSni to‘g‘ri ishlab kelayotganlardan undirib olingani kabi “mana buncha holatda bozordan past narxda sotibsan”, deb yana minglab tadbirkorlar milliardlab qo‘shimcha soliqlarga ko‘mib tashlanmasligiga hech kim kafolat berolmaydi.

Bu masalada qaysi chet el tajribasi o‘rganildi? Ularda bozor narxi bo‘yicha soliq hisoblanishi qanday ekan? Bu qanday oqibatlarga olib keldi? Ijobiy va salbiy tomonlari nimada? Buni qay darajada bizga tatbiq etsa bo‘ladi? Bu mexanizmni qo‘llashda salbiy oqibatlar yuzaga kelib, iqtisodiyotga, tadbirkorlik muhitiga zarar yetishi oldi olinganmi? Monitoring qilib ko‘rildimi? Ommatan tatbiq qilib, o‘zini oqlamasa vaziyatdan chiqish uchun aybdorini qidirib qolmaymizmi?

Bu savollarga aniq javob yo‘q. Shunchaki “Chet el tajribasida bunday amaliyot bor, shuning uchun biz ham qo‘llayapmiz” formatida ish yuritmayapmizmi? Jahon amaliyotida o‘lim jazosi bor, biz buni qilmayapmiz-ku, jahon amaliyotida bor deb hamma narsani olaverishimiz ham xato.

Arzimas farq: yana soliq organi faraz va taxminlarni ishga solmoqchimi?

Nizom loyihasida tovarlarning bozor qiymatini aniqlashda tovarlardagi arzimas farqlar inobatga olinmasligi mumkin deyilgan. Yana inson omili aralashmoqda. Yana tadbirkorning taqdiri u yoki bu inspektor kayfiyatiga bog‘liq bo‘lib qolishi mumkin.

Oddiy bir stol misolida olaylik. Siz ham, men ham mebel ishlab chiqarib sotamiz. Siz ishlab chiqargan mebelning yonida tortmasi bor, menda esa yo‘q. Yoki siz ishlab chiqargan shirinlikning qadog‘i qog‘ozli, menikida esa polietilenli sellofan. Bu arziydigan farqmi yoki arzimaydigan? Yana shaxsiy fikr va farazga asoslanish ko‘zlanmoqda.

Arzimas farq deganda qancha farq ko‘zda tutilmoqda?! Buning aniq o‘lchovi bormi?! Tortmali stolni qilish uchun kattaroq uskuna kerakdir balki? Tortmali stol 1 mln so‘m, tortmasiz stol 500 ming so‘mdir? Chunki shu bitta tortmani qilish uchun ham qo‘shimcha xarajatlar qilinadi, qo‘shimcha texnikalardan foydalaniladi. Shirinlik qadoqlarida ham shu masala. Bular arzirli farqmi yoki arzimas?! Narxida esa farq katta.

Soliq organi yangilik yarataman deb yuguryapti, tadbirkorlar esa unga yeta olmayapti. Soliqqa oid huquqbuzarlik esa deyarli hammada

Nizomda bozor narxini aniqlashda o‘sha tovarlarning birja kotirovkasidagi o‘rtacha tortilgan narxi orqali aniqlash degan tushuncha bor. Oddiy tadbirkorning raqobatli bozorda amallab sotadigan mahsulotiga birja savdolari orqali aniqlangan bozor narxidan kelib chiqib soliq solinadi. Bu ish chaqaloqdan yugurishni talab qilishga teng harakat. Birjada ishlaydigan tadbirkor bilan birjada ishlamaydigan tadbirkorning darajasi umuman boshqa boshqa.

Qonunni chiqarib yotibmiz, tadbirkorning huquqiy savodxonligi yetadimi-yo‘qmi, umuman ishimiz bo‘lmayapti. Kalkulyatorda hisoblab ko‘rib, “ha bo‘larkan” deb qaror chiqarib bo‘lmaydi. Jahon amaliyotida bor ekan deb yuzlab qonunchilik normalari qabul qilinmoqda-ku, lekin negadir xalq buni hazm qila olyaptimi-yo‘qmi – hech kimning ishi bo‘lmayapti. Mana qonun, bajarmasang, jazolayman. Soliq organi bilan soliq to‘lovchi o‘rtasidagi har qanday huquqiy munosabat aksariyat tadbirkorni jazolash bilan yakun topmoqda.

Bir necha yil oldin Yevropa soliq maslahatchilar konfederatsiyasi yig‘ilishida bo‘lganimizda yig‘ilishga raislik qiluvchi bizga qarab “98 foiz soliq tekshiruvlarida huquqbuzarlik aniqlangan ekan, sizlar soliq to‘lovchilar bilan ishlamaysizlarmi, nimaga ular soliq qonunchiligidan norozi?” degandi. Xalq qonunlardan norozi bo‘lsa ham sizlar ishlamayapsizlar, degan mazmunda savol bergandi u.

Soliq qo‘mitasida o‘tirgan mutaxassislar yangi tadbirkorning ham soliq bo‘yicha malaka darajasini o‘zining darajasida deb ko‘rishmoqda va to‘xtamasdan yangi chiqayotgan normalarni talab qilib, eplolmasa jazolashmoqda.

Mutaxasislarning soliq bo‘yicha malakasi bilan tadbirkorlarning darajasini solishtirsak, tadbirkorlarning salkam 90 foizi “4-sinf”dan uyog‘iga o‘ta olmayati. 4-sinf bolasiga oliy matematikani yuz martalab takrorlang, befoyda.

Bizda qonun chiqarilib ogohlantirilyapti, lekin huquqbuzarlik kamaymayapti, chunki tadbirkorning malakasi qonunchilikdagi bunchalik o‘zgarishni hazm qilishga ulgurmayapti.

Achinarli tomoni, soliq organi xodimining yoki dasturining xatosi bilan tadbirkorga zarar yetsa, hech kim javob bermayapti. Masalan “qizil”ga tushmagan, “yashil”dagi tadbirkorning QQS kaliti bloklab qo‘yilyapti. Tadbirkor “yashil”da ekanman, deb ishlab kelyapti. Ilgari bizga “qizil”ga tushgan tadbirkorlar shikoyat qilayotgandi, endi “yashil”da turib QQS kaliti bloklangan tadbirkorlar murojaat qilyapti. Kalit bloklab qo‘yilgan davrga undan narsa sotib olgan hamma QQSni hisobga ololmayapti; soliq organiga borsa: “Uzr, dastur xatosi ekan” bilan qutulishmoqda.

QQS kalitini nofaol statusga tushirib qo‘yilganda QQSni hisobga olmaslik to‘g‘risidagi normaning o‘zi Soliq kodeksiga ochiqchasiga zid keladi. Bu norma bo‘yicha tadbirkorlarga milliardlab zarar yetyapti, buning uchun hech kim javob berayotgani yo‘q. Dasturlardagi xatolar esa tadbirkorlik muhitini buzmoqda.

“Soliqlarni to‘la va xotirjam uxla” aforizmi endi bizning tadbirkorlarga begona

Soliq kodeksida bozor bahosi bo‘yicha nazorat qilinadigan bitimlar degan joyi bor. Unda bozor narxlari bo‘yicha nazorat qilinadigan bitimlar degan alohida band bor, u oddiy kameral yoki soliq auditi bilan tekshirilmaydi, alohida nazorat qilinadigan bitimlar doirasida tekshiruv amalga oshiriladi. Bu yana bir tekshiruv turi hisoblanadi. Bu tekshiruvning muddati 6 oydan bir yilgacha qilib belgilangan.

Hammamiz yomon ko‘rgan “5 yil oldin” tadbirkor juda bo‘lmasa qachon tekshirilishini bilardi. Hozir soliq organi xohlagan payt xohlaganini tekshira oladi, endi soliqlarni to‘lab ham xotirjam uxlab bo‘lmaydi. “Soliqlarni to‘la va xotirjam uxla” aforizmi endi bizning tadbirkorlarga begona. Chunki istalgan payt bozor bahosi bo‘yicha qo‘shimcha soliq chiqib kelishi mumkin. Bu bilan soliq organi tadbirkorni faqatgina nazorat qilmayapti, balki faoliyatiga aralashib ketyapti. Soliq ma’murchiligidagi ko‘plab yangiliklar umuman biznes muhitini tushunmagan holda yo‘lga qo‘yilmoqda.

Tadbirkordan ideal ishlash talab qilinmoqda, lekin ideal ishlash uchun ideal sog‘lom muhit bormi?

Soliq qo‘mitasi xalqdan ideal ishlashini talab qilmoqda, lekin ideal ishlash uchun sog‘lom muhit yaratib berilganmi? Ayrim korxonalarga berilgan alohida imtiyozlar borligini hamma bilsa-da, hech kim lom-mim deya olmaydi.

Keling, oddiy maishiy texnikani olamiz. Shunaqa holatlar borki, bitta oddiy korxona chetdan televizor import qilib sotadigan bo‘lsa, uning bojxonadan olib kirishdagi bazaviy qiymati – 300 dollar, haqiqiy qiymati ham 300 dollar. Nima uchun korxonalar 300 dollarlik narsani shartnomada 100 dollar qilib olib kiradi? Agar mahsulot tannarxini 300 dollar qilib olib kirsa, boj va QQS bilan jami 114 dollar qo‘shimcha xarajat qiladi. Bunda tovarning eng kam sotish narxi 414 dollarga aylanadi.

Xuddi shu tovarni 100 dollar qilib olib kirganda boj va QQS bilan yana 38 dollar xarajat qiladi va 300 dollarlik tovarning eng kam sotish narxi 338 dollarga aylanadi.

Alohida imtiyozli korxonalar xuddi shu narsani 30 yoki 40 dollarga olib kiradi. Boj va QQS bilan jami xarajat 12 dollar atrofida bo‘ladi. Har qanday holatda alohida imtiyoz berilgan kargo kompaniyalari orqali mahsulot olib kirgan tadbirkor, qonuniy yo‘l bilan tovar olib kirgandan ko‘ra ko‘proq foyda bilan chiqadi, tabiiyki raqobat bo‘lmagan joyda birinchi holatdagi tadbirkorning bozori o‘ladi. Bu esa tadbirkorlarning mahsulotlarini asl narxidan past narxda olib kirishga va sotilganida ham haqiqiy narxidan pasaytirib ko‘rsatishiga majbur qiladi.

E’lon qilingan qaror loyihasiga ko‘ra, soliq organi bozor narxi bo‘yicha tovar va xizmatlarni baholab hammaga QQS va foyda solig‘ini hisoblab beraman, demoqda. Bozorda teng imkoniyat yaratilmasdan bozor narxini talab qilish o‘rinsiz.

Hamma ideal ishlashi uchun alohida imtiyozlar berilmasligi, alohida preferensiyalar, ustunliklar taqdim etilmasligi kerak bo‘ladi.

Vaholanki, soliq qonunchiligida alohida imtiyozlar berilmasin, deyilgan. Alohida imtiyozlar bor ekan, boshqalardan bozorda tenglikni talab qilish noto‘g‘ri.

Soliq organini doimiy tanqid qilishdan yiroqmiz. Hozir amaliyotda bo‘layotgan holatlarga munosabatimiz o‘zimizning tandiqidimiz emas, balki soliq to‘lovchilardan bizga tushayotgan shikoyatlaridan, tadbirkorlarning dardlaridan kelib chiqmoqda.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Mavzuga oid
Top