16:34 / 28.03.2022
15385
Surxondaryoda kartoshka orasidan katta miqdorda giyohvandlik moddalari topildi

Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Ayritom” chegara bojxona posti xodimlari DXX chegara qo‘shinlari bilan hamkorlikda 154 kilogrammdan ortiq giyohvandlik vositasining yashirin aylanmasini fosh qildi.

Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Ayritom” chegara bojxona postiga qo‘shni mamlakatdan kirib kelgan yuk avtotransport vositasi O‘zbekistonda tranzit tarzida harakatlanib, Andijon viloyatidagi “Do‘stlik” chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlatga chiqib ketishi rejalashtirilgan. Hujjatlarda yuk avtomobiliga 533 ta qopda 22 tonnadan ziyod kartoshka yuklangani qayd etilgan.

Foto: Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi

Transport vositasi postdagi inspeksion ko‘rik majmuasi orqali ko‘zdan kechirilganida, yuklarning rentgen tasviri bojxona xodimlarini shubhalantirgan.

Natijada, avtomobildagi kartoshka solingan 533ta qopning 38tasiga mohirlik bilan tayyorlangan kartoshka shaklidagi 1305 dona o‘ramlar – giyohvandlik vositalari joylangani aniqlandi.

Foto: Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi

Mazkur o‘ramlardagi “gashish” giyohvandlik vositasining umumiy og‘irligi 154 kg 90 grammni tashkil qilgan.

Foto: Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish kerakki, qonunbuzarlar o‘z qing‘irligini yashirish maqsadida har bir o‘ramga polietilen, nusxa ko‘chirishda foydalaniladigan qora qog‘oz va germetik skotch yordamida ishlov berishgan. Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi”, – deyiladi Davlat bojxona qo‘mitasi xabarida.

Foto: Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi
Mavzuga oid
Top