14:52 / 31.03.2022
12694

«Har kuni velosipedda hasip sotishga chiqaman» - xonqizlik hasipchi

Ish yuzasidan Farg‘ona tumani Xonqiz qishlog‘iga borganimizda, velosipediga tog‘ora o‘rnatib olib yegulik sotib ketayotgan kishi e’tiborimizni tortdi. U odamlarga yo‘l-yo‘lakay hasip sotardi. Sotuvchi ortidan ergashib u bilan suhbatlashdik. O‘zini Rahmatilla Tojialiyev deb tanishtirgan hamyurtimiz qishloqda hasip va pishirilgan mol tuyog‘i sotish bilan shug‘ullanar ekan.

Xonqizliklar Rahmatilla aka tayyorlagan hasiplar qishloqning har bir xonadoniga kirib borganini ta’kidlashdi.

Rahmatilla akaning o‘g‘illari qassobchilik bilan shug‘ullanishadi. U tayyorlagan hasiplarni qishloqdoshlariga bozordan ko‘ra arzon narhda sotar ekan.

«48 yildan beri ustachilik, sartaroshlik qilib xalqning to‘y-u ma’rakalarida xizmat qilaman. Pensiyaga chiqqanimga 5 yil bo‘ldi. 65 yoshga kirdim. Farzandlarim uyda qo‘y va mol so‘yadi, so‘yilgan hayvon go‘shtidan hasip tayyorlab xalqqa tarqataman.

Bozorda 1 kg hasip 45 ming bo‘lsa, men qishloqdoshlarimga 25 ming so‘mdan tarqataman. Xalqqa harna yordam bo‘lsin deb. Kecha tayyorlangan hasipni bugun ko‘chaga olib chiqib yarim soatga qolmay sotib tugatdim. Endi menga tuyoqqa buyurtma berishdi. Xaridorlarga mol tuyog‘ini pishirib, sellofan xaltaga solib, issiq holatda olib borib beraman.

Qishloqda qaysi xonadon buyurtma bergan bo‘lsa, o‘sha xonadonga yetkazib beraman. Tuyoq tarkibida kaliy moddasi borligi uchun oyoq va bel og‘riqlarga davo hisoblanadi.

Qon bosimi borlarning “davleniye”sini tushiradi. Tuyoq va hasipni o‘zim alohida qilib pishiraman. Qorin va o‘pkadan hasip, tuyoqni alohida pishiraman.

6 ta mahallaga olib borib sotaman. Har 5 kunda bir mahallaga oralayman. 25 kun o‘tib yana birinchi kirgan mahallamga kiraman. Ungacha “kliyentlarim” hasipni sog‘inishib qoladi.

Tuyoq donasi xomi bozorda 30 ming. Men pishirib tayyorlab 25 ming so‘mdan sotaman. Hasipning bir donasini taroziga qo‘ysangiz, 7 ming so‘mga to‘g‘ri keladi. Men esa aholiga 5 ming so‘mdan sotaman. Molni o‘zimiz so‘yganimiz uchun ham arzon sotishga harakat qilaman.

Tuyoqni tozalab yuvib, bir kun turgach chopib, qozonga solinadi. 8 soatdan keyin pishganida olib tarqataman.

Hasipda esa bir kun davomida qorin va o‘pkani tozalaymiz. U 5 soatda pishib yetiladi. Go‘shtni chopib chiqib hasip tayyorlanadi. Undan keyin yana bir soat qozonda qaynaydi. Bir soatdan keyin olib sovitib ertasi kuni sotib kelaman», – deydi u.

Rahmatilla akaning hasip va tuyoq sotayotganiga 10 yil bo‘ldi. U 1975 yilda Shohimardon qishlog‘ida sartarosh bo‘lib ishlagan.

«Tuyoq va hasipni qishin-yozin pishirib sotaman. Yoz faslida pishgan hasipni qozondan oliboq sotuvga olib chiqib ketaman. Sotib olayotgan aholiga o‘rik va sovuq suv ichib qo‘ymasliklarini uqtiraman. Issiq kunlarda sotilmay qolgan hasipni muzlatgichga qo‘ymayman.

Ikki o‘g‘il va uch nafar qizim bor. Qizlarimni chiqarganman. Nevara-chevaraliman. O‘g‘illarim qassobchilik qilishadi. O‘zlarining do‘konlari bor. Xonadonimda novvos ham boqib, semirtirib, o‘g‘illarimga so‘yishga tayyorlab beraman. Uyimizda 15 bosh novvos bog‘langan. Kichik novvos 150 kg, kattasi 400 kg go‘sht qiladi. Hayvonlarga tong sahar 6:00 dan 7:30 gacha qarayman. Kechki payt soat 17:00 dan 18:30 gacha qarayman. O‘zimiz parvarish qilib so‘ygan g‘o‘najin go‘shtini 60 mingdan sotyapmiz. Novvos go‘shtini esa 70 ming so‘mdan sotamiz.

Bitta qoramoldan katta kichikligiga qarab 30-35 ta hasip chiqadi. 4 kilogrammdan 7 kilogrammgacha. Hasipning tarkibiga tuz, qalampir, ziravor, murch, kashnip qo‘shamiz. Sarimsoq piyozli hasip iste’mol qiluvchilarga alohida tayyorlab beramiz. Sarimsoq piyoz qo‘shilgan hasipning mazasi boshqacha bo‘ladi», – deydi suhbatdoshimiz.

Sarvar Ziyayev suhbatlashdi.

Montaj ustasi – Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid
Top