09:01 / 08.04.2022
2651
«Olima ayollar jamiyati» nimalar bilan shug‘ullanishi ma’lum bo‘ldi
Foto: yuz.uz

Vazirlar Mahkamasining «Olima ayollar jamiyati» faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, «O‘zbekiston ixtirochi ayollari markazi» NNTning takliflari asosida nodavlat notijorat tashkiloti shaklida «Olima ayollar jamiyati» va uning hududiy bo‘linmalari tuziladi.

Quyidagilar jamiyat faoliyati asosiy yo‘nalishlari etib belgilangan:

  • ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikda xotin-qizlarni ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasiga keng jalb etish, ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanishga iqtidori bo‘lgan xotin-qizlarni aniqlash, ular ijodiy, intellektual va ixtirochilik qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarishga hamda startap loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish;
  • fan, texnologiya, injiniring, san’at, matematika (STEAM) va boshqa fan sohalarida xotin-qizlar ilmiy-ijodiy salohiyatini rivojlantirish, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni olib borishiga hamda natijalarini amaliyotga tatbiq etishiga ko‘maklashish, jamiyat ishtirokchilarini ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlash, yosh olimalar safini kengaytirish va olima ayollar ko‘magida «Ustoz-shogird» an’analarini yanada rivojlantirishda faol ishtirok etish;
  • olima ayollarga oid yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish va muntazam yangilab borish, ular ilmiy faoliyatiga oid yutuqlarni ommalashtirish va innovatsion g‘oyalarini rivojlantirishni rag‘batlantirish, ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi milliy va xalqaro tanlovlarda, xalqaro reytinglarda ishtirokini targ‘ib qilish va qo‘llab-quvvatlash;
  • jamiyat ishtirokchilarining rivojlangan xorijiy mamlakatlar nufuzli ilmiy markazlari, universitetlari, texnoparklari va ishlab chiqarish korxonalarida malaka oshirish hamda tajriba almashishi imkoniyatlarini kengaytirish va qo‘llab-quvvatlash;
  • xalqaro va mahalliy darajada e’tirof etilgan turdosh tashkilotlar, xorijiy tuzilmalar bilan yaqindan aloqalar o‘rnatish, ular olimlari va mutaxassislari ishtirokida mahorat darslari, treninglar, shuningdek, dolzarb ilmiy-innovatsion yo‘nalishlar bo‘yicha konferensiyalar, seminarlar va tanlovlar o‘tkazish;
  • xotin-qizlar ilmiy salohiyatini oshirish, ilmiy tadqiqot natijalarini hayotga tatbiq etishga qaratilgan ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlarini, ilmiy dasturlarini shakllantirishda normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish.

Quyidagilar jamiyat faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilanadi:

  • davlat subsidiyasi va davlat ijtimoiy buyurtmalaridan kelib tushadigan mablag‘lar;
  • yuridik va jismoniy shaxslar homiylik xayriyalari;
  • yuridik va jismoniy shaxslar, xorijiy va xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlar grantlari;
  • jamiyat mablag‘larini tijorat banklarida depozitga qo‘yishdan olinadigan daromadlar;
  • jamiyatning tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan daromadlari;
  • qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Moliya vazirligi davlat budjetidan jamiyat ijro organi apparati va uning hududiy bo‘linmalari xodimlari mehnatiga haq to‘lash, jamiyat asosiy vazifalarini bajarish doirasidagi tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar uchun Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasiga 50 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratadi.

Jamiyat ijro organi Islom Karimov ko‘chasi, 49-uydagi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti binosiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul joylashtiriladi.

Top