16:43 / 08.04.2022
10742

«O‘zbekiston «Tolibon»ning Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirishni taqiqlovchi qarorini qo‘llab-quvvatlaydi» – Ismatulla Ergashev 

O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev «Tolibon» muvaqqat hukumati tomonidan ko‘knori yetishtirish taqiqlanishini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Foto: Kun.uz

Prezident vakili Gazeta.uz'ga bergan intervyusida «Tolibon»ning ushbu qarori Afg‘onistondagi giyohvand moddalar muammosini ildizi bilan yo‘q qilishda muhim rol o‘ynashi, bu esa mamlakat xalqaro terrorchilar panohiga aylanmasligiga aniq signal ekanligini ta’kidlagan.

«Afg‘oniston muvaqqat hukumati tomonidan afyun ko‘knori yetishtirish, shuningdek, barcha turdagi giyohvandlik vositalarini ishlab chiqarish, sotish, tashish va kontrabandaga nisbatan e’lon qilingan taqiq mamlakatda ushbu muammoni yo‘q qilish yo‘lidagi, qolaversa, toliblarning mintaqa mamlakatlarining mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlariga qo‘shilishdagi muhim qadamlaridan biri bo‘ldi», – deydi Ergashev.

Shuningdek, Ismatulla Ergashev dunyoda ishlab chiqarilayotgan afyunning 80 foizdan ortig‘i Afg‘oniston hissasiga to‘g‘ri kelishi, buning ortidan milliardlab daromadlar kelayotgan bo‘lsa-da, biroq ular bugungi kunda mamlakatni qamrab olgan og‘ir gumanitar inqirozning butun ko‘rinishini aks ettira olmasligini ta’kidlagan.

«Mening fikrimcha, aksariyat afg‘on dehqonlari uchun ko‘knori yetishtirish omon qolishning yagona yo‘li va o‘z oilalarini boqishning usuli ekanligini tushunish lozim. Biroq bu qardosh mamlakatda 40 yildan ortiq davom etgan urush tufayli sun’iy ravishda yaratilgan majburiy chora edi.

Ishonamizki, Afg‘oniston yangi rahbariyatining juda muhim qarori nafaqat ularning vijdonli va mas’uliyatli xatti-harakatlarining aniq tasdig‘i, balki yaqin kelajakda o‘z mamlakatini jahon hamjamiyatining to‘laqonli va mas’uliyatli a’zosiga aylantirish istagi hamdir», – deydi u.

Prezident vakili nima uchun bu Afg‘onistonning butun ko‘p millatli xalqi uchun juda muhim qaror, deganiga izoh bergan.

«Eng avvalo, bu nihoyat oddiy afg‘on dehqonlariga ko‘knori o‘rniga boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishga o‘tish, ichki bozorni ular bilan to‘ldirishga va afg‘onlarning farovon yashashiga imkon yaratadi.

Yana bir muhim tafsilotni ta’kidlamoqchiman. Afg‘onlar tabiatan tajribali dehqonlardir, ular faqat urush yillarida afyunni faol yetishtira boshlashdi, asrlar mobaynida ular meva-sabzavot va poliz mahsulotlarining barcha turlarini, shuningdek, guruch, bug‘doy, kartoshka, pomidor va boshqalarni yetishtirib kelishgan. Afg‘on xalqining buguni va kelajagini tahlil qilishda mana shu tarixiy haqiqatga alohida e’tibor qaratish kerak.

Bundan tashqari, Afg‘oniston muvaqqat hukumati qarori hozirgi vaqtda hanuz mamlakat hududida bo‘lib turgan turli terroristik guruhlarni opiy sotishdan tushgan daromad shaklidagi asosiy moliyalashtirish manbasidan mahrum qiladi.

Shu tarzda toliblar o‘z qarori bilan xalqaro hamjamiyatga nafaqat mamlakatda giyohvand moddalar tahdidiga qarshi kurashishi, balki ular o‘z hududida turli yo‘nalishlardagi xalqaro terrorchilarning kelgusida mavjud bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligi haqida aniq va tushunarli signal berdi.

Boshqacha qilib aytganda, gap afg‘on yurti endi hech qachon xorijiy terrorchilar panohiga aylanmasligi haqida ketmoqda», – deydi u.

Bundan tashqari, Ismatulla Ergashev «Tolibon» ushbu qarori ortidan xalqaro hamjamiyat oldida o‘z zimmasiga olgan keng vakillikka asoslangan hukumatni shakllantirish, ayollar va milliy ozchiliklarning huquqlarini himoya qilish, terroristik guruhlar bilan aloqalarni butunlay uzish kabi majburiyatlarni bajarishini taxmin qilishga asoslar yetarli bo‘lishini qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 3 aprel kuni «Tolibon» harakati Afg‘oniston hududi bo‘ylab ko‘knori yetishtirish va giyohvand moddalar ishlab chiqarishni taqiqladi. Shuningdek, taqiq barcha turdagi giyohvandlik vositalari va ularni o‘z ichiga olgan tabletkalar yoki spirtli ichimliklarni iste’mol qilish, tashish, sotish, eksport va import qilishga taalluqli. 

Top