16:42 / 14.04.2022
19115
O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Xitoy yangi transport yo‘lagini tayyorlamoqda 

Ma’lum qilinishicha, Qizilqiya shahrini Xitoy bilan chegarada joylashgan Irkeshtom o‘tkazish punkti bilan bog‘laydigan avtomobil yo‘lining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish boshlandi.

Foto: Getty Images

O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Xitoy yangi avtotransport yo‘lagini tayyorlamoqda hamda birgalikda temiryo‘l qurish bo‘yicha barcha masalalarni kelishib oldi. Bu haqda Qirg‘iziston hukumati rahbari Aqilbek Japarov O‘zbek-Qirg‘iz taraqqiyot jamg‘armasi ochilish marosimida ma’lum qildi

"Bugungi kunda qirg‘iz-o‘zbek chegaralari yaqinida logistika markazlarini qurish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish faol bosqichda turibdi. Qizilqiya shahrida Farg‘ona va Botken viloyatlarini bog‘lovchi savdo-logistika markazini qurish va ishga tushirishga alohida e’tibor qaratilmoqda", – dedi u. 

Japarovning so‘zlariga ko‘ra, mazkur savdo-logistika markazining ishga tushirilishi mamlakatlar o‘rtasidagi eksport-import operatsiyalarini rivojlantirishga kuchli turtki beradi.  

"Qizilqiya shahrini Xitoy bilan chegarada joylashgan Irkeshtom o‘tkazish punkti bilan bog‘laydigan avtomobil yo‘lining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish boshlandi. U yerda logistika markazini qurish rejalashtirilgan. Shu tarzda Qirg‘iz Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida tranzit ko‘prigi bo‘lishga tayyor", – dedi u. 

"Tegishli davlat organlari "Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston" temiryo‘li qurilishi loyihasini amalga oshirish bo‘yicha barcha masalalarni kelishib oldi", – deb ma’lum qildi Qirg‘iziston hukumati rahbari. 

O‘zbek-Qirg‘iz taraqqiyot jamg‘armasi to‘g‘risidagi bitim 2021 yil mart oyida Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida imzolangan. 

Jamg‘arma iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan.  Jamg‘armaning bosh qarorgohi Bishkek shahrida joylashadi.  

Jamg‘arma quyidagi sohalarda investitsiya berishi ko‘zda tutilgan: agrosanoat kompleksi; tikuvchilik va to‘qimachilik, ishlab chiqarish, kon-metallurgiya sanoati; transport; uy-joy qurilishi; savdo; tadbirkorlikni rivojlantirish; energetika kompleksi; infratuzilmani rivojlantirish; turizmni rivojlantirish. 

Jamg‘armaning ustav kapitali 50 million dollarni tashkil etadi.

Top