12:17 / 16.04.2022
10089
Jurnalist va blogerlarga bo‘hton va provokatsiya uyushtirib kelgan kanallar bloklandi

Mass-media fondi Telegram ma’muriyati bilan muzokaralar orqali “Qora mergan” va “Snayper bloger” nomli kanallar bloklanganini ma’lum qildi. Bu kanallar faol jurnalist va blogerlarga nisbatan tuhmatlar tarqatib kelayotgan edi. “Kurash sog‘lom bo‘lishi kerak! Iflosliklar charchatdi”, deya munosabat bildirdi fond rahbari Komil Allamjonov.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonlik jurnalist va blogerlarga nisbatan muntazam tuhmatlar tarqatib kelgan ikkita Telegram-kanal bloklandi. Bu haqda Mass-media fondi raisi Komil Allamjonov ma’lum qildi.

“Kimdir agar bilsa, “Qora mergan” degan bir jirkanch Telegram-kanal bo‘lar edi. U asosan faollar, bloger va jurnalistlar hamda meni xoinlikda doim ayblar, barcha liberal qarashli jurnalistlarga AQShga ishlaydigan xoinlar yoki rangli inqilob qiluvchi guruhlar degan uydirma va iflos yorliqlarni yopishtirmoqchi bo‘lar edi. Bugun ushbu kanal bloklandi”, – deya yozdi Allamjonov Telegram-kanalidagi 14 aprel kungi postida.

Fond rahbari buning uchun Google, Apple kompaniyalari va shaxsan Telegram asoschisi Pavel Durovga minnatdorchilik bildirgan.

“O‘ziga ma’qul bo‘lmagan odamlarni yo‘q qilish maqsadida tuhmat qilish, obro‘sizlantirish, xullas ifloslik uchun ajratilgan yana bir resurs endi yo‘q. Albatta yangisi ochilishi mumkin, lekin uning ham umri qisqa bo‘lishi aniq. Chunki o‘zini hurmat qilgan resurslarda noqonuniy harakatlarga doim barham beriladi. Hayot kurashdan iborat va qalbi toza va ko‘nglida kiri yo‘qlar g‘olib bo‘laveradi InshaAlloh”, – deya “Qora mergan” kanali bloklanishiga munosabat bildirdi Komil Allamjonov.

U 16 aprel kuni “jurnalist va blogerlarning ashaddiy dushmani” bo‘lgan “Snayper bloger” Telegram-kanali ham bloklanganini ma’lum qildi.

Foto: t.me/allamjonov_ki

“Feysbukdagisi ham tez kunda bloklanadi. Tozalash ishlari davom etadi. Agar yangisi ochilsa, uni ham tozalaymiz.

Kurash sog‘lom bo‘lishi kerak! Iflosliklar charchatdi”, – deb yozdi Mass-media fondi rahbari.

Allamjonov fond matbuot kotibi Hikmatilla Ubaydullayevning bu boradagi xizmatlarini e’tirof etgan.

Ma’lumot uchun, ushbu anonim blog muallif(lar)i doimiy tarzda jurnalist va faol blogerlarga nisbatan haqiqatga mos kelmaydigan, tuhmat, bo‘hton va ig‘vodan iborat ma’lumotlarni tarqatib kelayotgan edi.

Xususan, 2021 yilning 27 fevral kuni blog muallif(lar)i tomonidan Kun.uz va Azon.uz sayti ma’murlari haqida ham tuhmat, bo‘hton va ig‘vodan iborat ana shunday ma’lumotlar tarqatilgandi.

Kun.uz sayti muxbirlari tomonidan matbuot anjumanlarida huquqni muhofaza qiluvchi organlar, jumladan, IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasiga yuqoridagi kanal mualliflarini topish va javobgarlikka tortish haqida qilingan so‘rovlar esa foyda bermagan.

Top