17:25 / 30.04.2022
15496
Zooparkka kelgan bola begemot qafasiga tushib olib, unga qattiq predmetlarni yedirmoqchi bo‘ldi

Toshkent hayvonot bog‘ida maktab yoshidagi qiz begemot voleriga kirib olib, og‘zini katta ochib turgan hayvon bilan o‘ynashdi. Buni ko‘rib turgan atrofdagilar uni to‘xtatishga urinmadi. Bog‘ ma’muriyatiga ko‘ra, agar tegishli xodimlar volerga o‘z vaqtida yetib kelmaganda, bu vaziyat qanday tugashi noma’lum bo‘lardi.

Hodisa videosini hayvonot bog‘i ma’muriyati o‘z Telegram-kanalida e’lon qildi.

Hayvonot bog‘idagi jonivorlar – o‘yinchoq emas.

Faoliyatimiz butunlay jonivorlarning hayotini yaxshiroq va davomliroq qilish, ulardan har biri uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan.

Tashrif buyuruvchi mehmonlarimiz iltimoslarimizga qaramay, bog‘imizdagi jonivorlarga kerakli tarzda munosabatda bo‘lmaganini ko‘rish juda qayg‘uli....

Masalan, kuni-kecha yonida katta odam bor qizaloq Djudining voleriga toshlar va cho‘plar otgan, voler ichiga kirib olib, ovqat bergandek aldagan.

Bunday qilish mutlaqo mumkin emas! Birinchidan, Djudi – hayvonot bog‘imizning eng keksa jonivorlaridan biri va biz uni juda yaxshi ko‘ramiz. U begemotlarning qimmatli, yo‘q bo‘lib ketayotgan turiga mansub. Ularning soni Yer kurrasida juda oz qoldi va dunyoning hamma hayvonot bog‘lari ham ularda pakana begemot yashashi bilan maqtana olmaydi.

Bundan tashqari, volerga o‘z vaqtida yetib kelgan xodimlarimiz bo‘lmaganda, bu vaziyat qanday tugashi noma’lum bo‘lardi…

Aziz do‘stlar, jonivorlarimiz sog‘-salomatligiga e’tiborliroq munosabatda bo‘ling va hayvonot bog‘ida o‘zini tutish qoidalarini buzmang!

Axir, aksincha, odamlar, noyob pakana begemotlarni saqlab qolish uchun qo‘lidan kelgancha urinishi kerak...” – deyiladi Toshkent hayvonot bog‘ining murojaatida.

Shu kabi voqealar sabab nobud bo‘lgan zoopark hayvonlari

Gazeta.uz'ning yozishicha, so‘nggi yillarda Toshkent hayvonot bog‘iga keluvchilar hayvonlarga yeb bo‘lmaydigan turli narsalarni berishi ortidan qator noxush holatlar kuzatilgan.

2016 yilda Boy laqabli Nil daryosi timsohi o‘lib qolgan, uning oshqozonidan o‘yinchoq chiqqan. O‘sha vaqtda jirafaning oxuridan 20 santimetrli to‘quvchilar ignasi topilgani haqida xabar berilgan.

O‘sha yili, shuningdek, bog‘dagi lamalardan biri ham nobud bo‘lgan, oshqozonidan yeb bo‘lmaydigan turli buyumlar – polietilen, o‘ramlar, baklajka qopqog‘i va boshqalar topilgan.

2015 yilda esa Avral laqabli begemot ochiq turgan og‘ziga tashlangan baklajkani yutib yuborgan, unga veterinar yordami ko‘rsatilgan. Shu yili bog‘dagi Afrika antilopasi (addaks) o‘lib qolgan, tekshirilganida oshqozoni va ichaklaridan ko‘p miqdorda polietilen paketlar chiqqan. O‘lim sabablaridan yana biri unga non berilgani bo‘lgan – bu turdagi jonivorga non berish mumkin emas.

Bundan tashqari, 2014 yilda zooparkka kelganlardan biri Afrika tuyaqushlari qafasiga plastik stakan uloqtirgan, uni esa tuyaqushlardan biri yutib yuborgan. Boshqa bir tuyaqush esa odamlardan biri tashlagan karam poyasini yeb qo‘ygan, bog‘ xodimi uning hayotini saqlab qolgan.

2015 yil mart oyida Toshkent hayvonot bog‘i ma’muriyati bog‘ga oziq-ovqat mahsulotlari olib kirishni taqiqlagan. 2016 yil noyabridan bog‘ hududida oziq-ovqat mahsulotlarini polietilen paketlar va bir martalik polietilen idishlarda sotish man etilgan, shuningdek, o‘yinchoqlar savdosi ham to‘xtatilgan.

Mavzuga oid
Top