10:29 / 02.05.2022
3647
Ekologiya va iqlim masalalari bo‘yicha ilk milliy maslahatlashuvlar o‘tkazildi

O‘zbekistonda 29 aprel kuni Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutida «Green Hub» platformasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur platforma g‘oyalarni shakllantirish, bilimlarni yig‘ish va ularni o‘zaro almashish orqali mamlakatda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish jarayoniga yanada ko‘maklashish uchun o‘z ishini boshlaydi. 

Foto: Green Hub

Tadbir bilan bir vaqtda O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan «Stokgolm +50» xalqaro uchrashuvlari doirasida xalqaro va mahalliy hamkorlar bilan birinchi milliy maslahatlashuv ham  o‘tkazildi. Ushbu uchrashuvda davlat idoralari vakillari, xalqaro ekspertlar, jamoatchilik guruhlari a’zolari hamda yoshlar O‘zbekistondagi mavjud ekologik muammolarni xalqaro miqyosga olib chiqish, tabiat, uning resurslarini asrab-avaylash bo‘yicha erishgan muvaffaqiyatlari hamda davlat chora-tadbirlarini o‘zaro muhokama qilishdi.

Matilda Dimovska, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili:

«Biz yashil o‘sish strategik asoslarini ishlab chiqishda hamkorlik qilishga va g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlashga doim tayyormiz. Ekologiya va atrof-muhit masalalariga bag‘ishlangan milliy maslahatlashuvlar g‘oyalarni shakllantirish, bilimlarni to‘plash va ularni o‘zaro almashish orqali «yashil» iqtisodiyotga o‘tishga hissa qo‘shish uchun mo‘ljallangan «Green Hub» ishga tushirilishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelganidan mamnunmiz. Milliy maslahatlashuvlar «Stokgolm+50» xalqaro uchrashuvlari doirasidagi dastlabki milliy konsultatsiyaga mana shunday asos solinganidan juda mamnunmiz».

Ma’lumot o‘rnida: BMT bosh assambleyasi joriy yilning  2-3 iyun kunlari Stokgolmda Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni oldidan «Stokgolm+50: umumjahon farovonlik uchun sog‘lom sayyora – bizning mas’uliyat, bizning imkoniyatimiz» nomi ostidagi xalqaro uchrashuvlarni o‘tkazmoqda. Ushbu keng qamrovli anjuman bundan ellik yil avval - 1972 yilda o‘tkazilgan Stokgolm anjumanining ramziy ma’nodagi davomi bo‘lib, unda butunjahon atrof-muhit muammolari, tabiiy resurslarni asrab-avaylash masalalari, jumladan, koronavirus pandemiyasidan so‘ng mustahkam tiklanish uchun barqaror rivojlanishning ekologik jihatlari muhokama qilinadi.

Top