17:44 / 06.05.2022
5379
AOKA direktoriga yangi o‘rinbosar tayinlandi

Turizm vaziri o‘rinbosari AOKA direktoriga o‘rinbosar bo‘ldi.

Ulug‘bek A’zamov Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining o‘rinbosari etib tayinlandi. Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, u 6 may kuni AOKA jamoasiga tanishtirildi.

Ulug‘bek A’zamov 1981 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Buyuk Britaniyadagi Surrey universitetini tamomlagan. Turli yillarda BMT Taraqqiyot dasturi doirasida faoliyat yuritgan, O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasida maslahatchi bo‘lgan.

Ulug‘bek A’zamov 2019 yil sentabrda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari etib tayinlangan, 2021 yil aprelida turizm va sport vazirining birinchi o‘rinbosari sifatida ish boshlagandi. 2022 yil aprelida vazirlik ikkiga ajratilgach, turizm va madaniy meros vaziri o‘rinbosariga aylangandi.

U endi agentlik direktori o‘rinbosari sifatida xalqaro hamkorlik, tahliliy ta’minot va matbuot xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bilan shug‘ullanadi.

Mavzuga oid
Top