15:33 / 09.05.2022
47898

Hukumatning hujjatsiz turar joylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etishga doir yangi qarori qabul qilinishi mumkin

Hujjatsiz uylarda istiqomat qilayotganlarga tegishli ko‘chmas mulk obektlarini xatlovdan o‘tkazib, ularga hujjatlashtirib berish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi muhokamadan o‘tkazildi.

Foto: varandej.livejournal.com

O‘zbekistonda biror hujjatga ega bo‘lmagan turar joylarda istiqomat qiluvchilar ko‘p topiladi. Uch yil avval joriy etilgan «ko‘chmas mulk amnistiyasi» davrida o‘z turar joylarini tegishli tarzda hujjatlashtirib ololmaganlar ham bo‘ldi.

Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi tomonidan tayyorlangan va muhokamaga qo‘yilgan hukumatning yangi qarori uy-joyda hujjatlarsiz istiqomat qilib kelayotganlar og‘irini yengil qilishi mumkin.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida hukumatning «Jismoniy shaxslarning foydalanishidagi huquq belgilovchi hujjatlari mavjud bo‘lmagan ko‘chmas mulk obektlarini xatlovdan o‘tkazish va natijalari bo‘yicha ularga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida»gi qarori muhokamaga qo‘yildi. Muhokama 7 may kuni yakunlangan.

Loyihaviy qarorning 1-ilovasida «Jismoniy shaxslarning foydalanishidagi huquq belgilovchi hujjatlari mavjud bo‘lmagan ko‘chmas mulk obektlarini xatlovdan o‘tkazish va natijalari bo‘yicha ularga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida nizom» ham keltirilgan.

Nizom talablari ko‘p kvartirali uylarga va ularga tutashgan yer uchastkalarida o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga, noturar joylarga nisbatan tatbiq etilmasligi belgilangan.

Qayd etilishicha, jismoniy shaxslarning foydalanishidagi huquq belgilovchi hujjatlari mavjud bo‘lmagan ko‘chmas mulk obektlarini xatlovdan o‘tkazish va natijalari bo‘yicha o‘rganish ishlarini amalga oshirish maqsadida tuman/shahar hokimliklari, tuman/shahar hokimi yordamchilari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi Davlat kadastrlari palatasining tuman/shahar filiallari, «O‘zbekkosmos» agentligi, tuman/shahar qurilish, favqulodda vaziyatlar, adliya, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari, soliq hamda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyalari, shuningdek mahalla fuqarolar yig‘ini vakillaridan iborat ishchi guruhi tuziladi va u tuman/shahar hokimi tomonidan tasdiqlanadi.

Hukumat qarori bilan o‘rnatiladigan tartibga ko‘ra, ishchi guruh tomonidan xatlovdan o‘tkazish jarayonida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda o‘zboshimchalik bilan qurilgan, muhofaza etiladigan hududlarda qonunchilik hujjatlariga zid ravishda qurilgan hamda aholi punktlarining bosh rejalari va ularning qismlarini batafsil rejalashtirish loyihalariga, mahalla fuqarolari yig‘inlari hududlarini me’moriy rejalashtirishni tashkil etish loyihalariga zid ravishda qurilgan turar joylarga qizil hisobga olish kartochkalari tayyorlanadi.

Belgilangan talablarga mos ravishda qurilgan va ushbu bino va inshootlarga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan ko‘chmas mulk obektlariga sariq hisobga olish kartochkasi tayyorlanadi.

Nizomda hujjatsiz turar joylar joylashgan yer uchastkasiga ijara huquqi hamda bino va inshootga mulk huquqini e’tirof etish tartibi ko‘rsatib o‘tilgan. Chunonchi, sariq hisobga olish kartochkalari tayyorlangan hujjatsiz turar joyning yer uchastkasiga ijara huquqi hamda bino va inshootlarga mulk huquqini e’tirof etish uchun:

  • bino va inshoot joylashgan yer uchastkasi kamida o‘n besh yil mobaynida o‘ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz foydalanilgani, undagi ko‘chmas mulk obektlarining 5 yil oldin mavjudligi «O‘zbekkosmos» agentligi tomonidan kosmik suratlarni solishtirish va ushbu bino-inshootni identifikatsiya qilish asosida tasdiqlangan bo‘lishi;
  • ko‘chmas mulk obektlari boshqa shaxslar huquqlari va qonunchilik hujjatlari bilan muhofaza qilinadigan manfaatlarini buzmasligi yoki fuqarolar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirmasligi, shuningdek, shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya qilingan holda qurilgan bo‘lishi;
  • ko‘chmas mulk obektlari aholi punkti yerlari toifasiga kirmaydigan yerlarda, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda va muhofaza etiladigan hududlarda joylashgan bo‘lmasligi;
  • aholi punktlarining bosh rejalari va ularning qismlarini batafsil rejalashtirish loyihalariga, mahalla fuqarolari yig‘inlari hududlarini me’moriy rejalashtirishni tashkil etish loyihalariga zid ravishda qurilmagan bino-inshootlar bo‘lishi shart.

Nizomdan anglash mumkinki, xatlov mobaynida qizil hisobga olish kartochkasiga kiritilgan turar joylar uchun mulk huquqi e’tirof etilmaydi.

«O‘zbekkosmos» agentligi tomonidan Davlat kadastrlari palatasi hududiy boshqarmasining buyurtmasi kelib tushgan kundan boshlab 10 ish kunida sariq hisobga olish kartochkalari tayyorlangan hujjatsiz turar joylarning ro‘yxati asosida ularning kosmik suratlarini oladi va qayta ishlaydi, shu jumladan ushbu hujjatsiz turar joylar joylashgan yer uchastkasi kamida o‘n besh yil mobaynida o‘ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz foydalanilgani, undagi bino va inshootlarning 5 yil oldin mavjudligini solishtirish va uni identifikatsiya qilgan holda tasdiqlash yoki tasdiqlamaslik haqida ma’lumotlar va xulosalarni Davlat kadastrlari palatasining hududiy boshqarmasiga taqdim etadi.

Davlat kadastrlari palatasining hududiy boshqarmasi tomonidan «O‘zbekkosmos» agentligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumot va xulosalar o‘sha kunning o‘zida ishchi guruhga taqdim etiladi.

Sariq hisobga olish kartochkalari tayyorlangan ko‘chmas mulk obektlari bo‘yicha kosmik suratlarni olish va ularni qayta ishlash bilan bog‘liq xarajatlar uchun BHMning 5 foizi miqdoridagi to‘lovlar Davlat xizmatlari markazlari tomonidan fuqarolardan undirilgan kunning o‘zida «O‘zbekkosmos» agentligining hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.

«O‘zbekkosmos» agentligining sariq hisobga olish kartochkalari tayyorlangan hujjatsiz turar joylar joylashgan yer uchastkasi kamida 15 yil mobaynida o‘ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz foydalanilgani, undagi bino va inshootlarning 5 yil oldin mavjudligini solishtirish va identifikatsiya qilish orqali tasdiqlangan natijalari asosida ishchi guruhi tuman/shaharlardagi hududlar kesimida har bir hujjatsiz turar joyning nomma-nom ro‘yxatini tasdiqlaydi va ikki ish kunida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga taqdim etadi.

Top