17:41 / 10.05.2022
634
Buxoroda buyurtmachi tender g‘olibi bo‘lgan MChJ bilan shartnoma tuzishdan bosh tortdi

“Buxorosuvqurilishinvest” DK boshlang‘ich bahosi 4 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan ishni bajarish uchun tenderda g‘olib bo‘lgan MChJ bilan shartnoma tuzishdan bosh tortgan. Buyurtmachining harakatlari noqonuniy deb baholanmoqda.    

Foto: AP

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining xabariga ko‘ra, “Buxorosuvqurilishinvest” DK tomonidan elektron tender tizimida boshlang‘ich narxi 4 mlrd 26,3 mln so‘mga Buxoro tumani To‘dako‘l hududidagi yerlarni o‘zlashtirish maqsadida 5 km kanal, 5 km kollektor qurish va 1 dona nasos agregati o‘rnatish ishlarini bajarish uchun e’lon bergan. Mazkur tender savdolari qo‘mitaning Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan o‘rganib chiqilgan.

Ma’lum qilinishicha, ushbu lot bo‘yicha e’longa berilgan tender savdosi bo‘yicha xarid komissiyasining muhokamasi 2021 yil 12 dekabr kuni yakunlangan. Tender savdosida 3 ta MChJ ishtirok etgan hamda “DEDEMAN” MChJ tender savdosi g‘olibi deb e’tirof etilgan.

Qo‘mitaga ko‘ra, buyurtmachi turli vajlar bilan tanlov natijalarini asossiz rad qilgan hamda Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 5 fevraldagi 55-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomda ko‘rsatilgan talablarning buzilishiga yo‘l qo‘ygan. Holat yuzasidan ish qo‘zg‘atilib, maxsus komissiyaning qonunbuzilishini to‘xtatish, bartaraf etish va kelgusida bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmasi berilgan. 

Hozirda “Buxorosuvqurilishinvest” DKning mansabdor shaxsiga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma tuzilib, hujjatlar sudga yuborilgan.

Mavzuga oid
Top