10:14 / 13.05.2022
3324
Shimoliy Koreya COVID-19’dan ilk o‘lim holatlari haqida xabar berdi

Shimoliy Koreyada SARS-CoV-2 virusi bilan kasallanganidan jami olti kishi vafot etdi. Vafot etgan bemorlardan birida «omikron»ning o‘ta yuqumli varianti borligi aniqlangan.

Foto: AP

Pandemiya boshlanganidan beri SARS-CoV-2 koronavirusi dastlabki holatlari tasdiqlanganidan bir necha kun o‘tib, Shimoliy Koreya COVID-19’dan birinchi o‘lim holatlari haqida xabar berdi

Koreya markaziy axborot agentligi (KMAA)ning 13 may, juma kuni ma’lum qilishicha, jami olti kishi virus yuqtirib olish natijasida vafot etgan. Vafot etgan bemorlardan birida avvalroq «omikron»ning o‘ta yuqumli varianti aniqlangan. 

KMAA ma’lumotlariga ko‘ra, kasallik aprel oyining oxiridan boshlab «tez tarqala» boshlagan. Agentlik xabarida aytilishicha, gap «mamlakatdagi jiddiy favqulodda holat» haqida bormoqda. KXDR davlat kengashi raisi Kim Chen In butun mamlakat bo‘ylab lokdaun joriy etishni buyurdi.

Dunyoning eng yopiq davlatlaridan biri bo‘lgan Shimoliy Koreya o‘zini pandemiyadan himoya qilish uchun 2020 yil boshida chegaralarini yopdi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Shimoliy Koreya sog‘liqni saqlash tizimi virusning tarqalishiga dosh bera olmaydi.

Qo‘shni davlatlardan farqli o‘laroq, KXDRning 25 million aholisidan deyarli hech biri koronavirusga qarshi emlanmagan. Bu mamlakat Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST), shuningdek, Xitoy va Rossiyaning emlash dasturi bo‘yicha takliflarini hozirgacha qabul qilmagan. 

Mavzuga oid
Top