12:37 / 31.05.2022
45238

Rossiyaga qarshi sanksiyalarning oltinchi paketi bo‘yicha kelishuvga erishildi

Yevropa ittifoqi mamlakatlari dushanba kuni kechqurun nihoyat Rossiyaga qarshi sanksiyalarning oltinchi paketi bo‘yicha kelishuvga erishishdi. Unga ko‘ra, Rossiya neftiga qisman embargo qo‘yish va «Sberbank»ni SWIFT tizimidan uzish ko‘zda tutilgan.

Foto: AFP

«Rossiya neftining YeIga eksportini taqiqlash bo‘yicha kelishuv Rossiyadan neft importining uchdan ikki qismini qamrab oladi, bu uning harbiy mashinasining moliyalashtirilish manbasi keskin qisqarishini anglatadi. Bu urushni to‘xtatish maqsadida Rossiyaga maksimal bosim bo‘ladi», deya yozgan Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel tvitterdagi sahifasida.

Aniqroq aytganda, dengiz orqali yetkazib beriladigan neft sanksiyalar ostiga tushgan. YeI hozircha «Drujba» quvuri orqali neft importini saqlab qolishga qaror qilgan, bu istisno ushbu quvur orqali neft import qiladigan Vengriya talabi bilan yuzaga kelgan. Aynan ushbu davlat so‘nggi oy davomida Rossiya mahsulotlariga to‘liq embargo qo‘yishga qattiq qarshilik ko‘rsatib kelmoqda.

Sharl Mishel yakuniy matbuot anjumanida Rossiyadan neft importi quruqlikdagi quvurlar orqali davom etishi haqidagi qaror vaqtincha murosa ekanini ma’lum qilgan. Vengriya va «Drujba» quvuri orqali neft import qiluvchi davlatlar kelgusida muqobil kanallarni topishi kerak bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, kuniga qariyb 2,3 mln barrel Rossiya xomashyosi quvur va portlar orqali g‘arbga yo‘naltiriladi. Bu taqiqdan keyin Rossiya hukumati yiliga 10 mlrd dollargacha eksport daromadini yo‘qotadi.

Taqiq Rossiyani o‘z neftini Osiyoga chegirma bilan sotishga majbur qiladi, u yerda neft Brent fyucherslari narxidan (bir barrel uchun) 34 dollarga arzonroq.

Paket, shuningdek, neftni uchinchi mamlakatga tashish bilan bog‘liq sug‘urtani taqiqlashni taklif qiladi. Ammo bu chora-tadbirlar qabul qilinganidan so‘ng (olti oy o‘tgach) ilgari taklif qilingan uch oylikdan keyin kuchga kiradi.

YeI yetakchilari Rossiyaning yirik banki hisoblangan «Sberbank»ni SWIFT banklararo to‘lov tizimidan uzish va yana uchta Rossiya davlat telekanalining faoliyatini ittifoq hududida taqiqlash bo‘yicha kelishuvga erishgan.

«Sanksiyalarning bu paketi boshqa qat’iy choralarni ham o‘z ichiga oladi: Rossiyaning yirik «Sberbank»ini SWIFT’dan uzish, rossiyaliklarning yana uchta davlat telekanaliga taqiq qo‘yish va Ukrainadagi harbiy jinoyatlar uchun mas’ul bo‘lgan shaxslarga sanksiyalar qo‘llash», deya yozgan u tvitterida.

Sanksiyalarning oltinchi paketi tashabbuskori bo‘lgan Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen dushanba kuni kechqurun Yevroittifoq yil oxiriga qadar Rossiyadan neft importining 90 foizidan voz kechishga umid qilayotganini bildirdi.

U shuningdek muzokaralar yakunlari bo‘yicha YeI Ukrainaga joriy likvidlik ehtiyojlarini qoplash uchun 9 mlrd yevro miqdorida yordam berish ustida ishlayotganini aytib o‘tdi.

Avvalroq bu yordamning bir qismi grantlar ko‘rinishida, yana bir qismi imtiyozli kreditlar ko‘rinishida taqdim etilishi xabar qilingandi. Hozircha bu qanday nisbatda (qancha qismi grant va qancha qismi kreditligi) bo‘lishi, YeI dasturni qaysi manbalardan moliyalashtirishi haqida ma’lum emas.

Dushanba kuni OAVda Rossiyaga qarshi sanksiyalarning oltinchi to‘plamidan rossiyaliklar uchun Yevropa hududida ko‘chmas mulk sotib olishni taqiqlash haqidagi taqiqni olib tashlashga qaror qilingani haqida xabar paydo bo‘ldi - Bloomberg agentligi ma’lumotiga ko‘ra, bunday choradan Kiprning bosimi ostida voz kechilgan.

30 may kuni qabul qilingan qaror hali texnik protseduradan o‘tishi kerak, shundan keyin Yevropa ittifoqining rasmiy jurnalida chop etiladi va o‘shanda kuchga kiradi. Bu chorshanba kuni ro‘y berishi kutilmoqda.

Vengriyaning pozitsiyasi

Viktor Orban YeI sammitida neft embargosi muhokama qilinishini ham istamagandi. Foto: Reuters

Vengriya bosh vaziri Viktor Orban dushanba kuni Yevroittifoqning navbatdagi sammiti oldidan jurnalistlarga, Yevropa komissiyasi, uning fikricha, YeI mamlakatlariga Rossiya nefti importini taqiqlash masalasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashayotganini aytdi.

Orbanning so‘zlariga ko‘ra, Yevrokomissiya Rossiyadan energiya resurslarini import qilishdan voz kechish bo‘yicha YeI mamlakatlari bilan oldindan kelishib olmagan, aynan shu tufayli Vengriya tomonining taqiq bo‘yicha ko‘plab savollari javobsiz qolgan.

«Energetika - jiddiy narsa. Biz avvaliga qaror qilishimiz kerak, shundan keyingina - sanksiyalar», degan u.

O‘tgan haftada Orban Yevropa kengashi raisi Sharl Mishelga maktub yo‘llagan, unda Yevropa ittifoqi tomonidan taklif qilingan neft embargosini blok yetakchilari sammitida muhokama qilishni istamasligini aytgandi.

Vengriya hukumati Rossiya nefti importiga taqiq qo‘yilishini mamlakat iqtisodiyotiga yadro bombasi tashlashga tenglashtirgandi.

Budapesht Rossiyadan neft xarid qilishdan voz kechishi uchun Bryusseldan kompensatsiya talab qilmoqda.

Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy YeI sammiti arafasida Rossiya nefti importiga embargo qo‘yishga qarshilik qilayotgan Vengriya uni import qilishda davom etishdan foyda ko‘rmasligi uchun Yevropa ittifoqida narxlarni tenglashtirishning qandaydir mexanizmini joriy etishni taklif qildi.

Top