15:55 / 28.06.2022
6233
“Google'ga ishonish o‘zingizga havola” - Telegram audioni matnga o‘tkazishning xavfsizligiga izoh berdi

Pavel Durovning aytishicha, Telegram Premium obunachilariga taqdim qilingan ovozli xabarlarni matnga aylantirib berish funksiyasi Google'dan ijaraga olingan texnik jihozlar yordamida amalga oshiriladi. Google kompaniyasi esa, kelishuvga ko‘ra, foydalanuvchining ma’lumotlaridan boshqa xizmatlar yoki reklama uchun foydalanishi mumkin emas.

Foto: Kun.uz

“Telegram foydalanuvchilarining ismlari, telefon raqamlari, IP-manzillari kabi shaxsiy ma’lumotlarini Google bilan baham ko‘rmaydi. Bundan tashqari, Telegram hech qachon uchinchi shaxslarga avtomatik ravishda, foydalanuvchilarning aniq so‘rovisiz hech qanday ma’lumot yubormaydi”, – deydi Telegram asoschisi.

Ma’lum qilinishicha, ovozli xabarlarni qabul qiluvchi foydalanuvchilar ularni har kimga, masalan, matnga aylantirish uchun botlarga yuborishlari mumkin. Telegram Premium obunachilariga esa kompaniya maxsus tugma yordamida ushbu xizmatni o‘zi taklif qiladi. Bu tugmani bosish orqali xabarni matnga o‘girish bo‘yicha so‘rov yuboriladi. Telegram ovozli xabarlarni matnga o‘giradigan texnik jihozlarni Google'dan ijaraga olgan.

“Google'ning pulli texnologiyasidan foydalanish haqidagi qaror transkripsiya (ovozni matnga o‘girish) sifatini maksimal darajada oshirish imkonini beradi, shu bilan birga ma’lumotlar xavfsizligiga ta’sir qilmaydi. Chunki Telegram va Google o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, Google ushbu anonim audio ma’lumotlar bilan hech narsa qila olmaydi – faqat ular asosida matnli talqinlarni yaratish va ularni qayta yuborish bundan mustasno (xususan, kompaniya ulardan boshqa xizmatlar yoki reklama uchun foydalanishi mumkin emas)”, – deyiladi kompaniya taqdim qilgan ma’lumotda.

Pavel Durovning aytishicha, bu borada Google bilan hamkorlik qilish o‘rniga, o‘zlarining bepul yechimidan foydalanish yoki boshqa kichikroq kompaniya bilan ishlash arzon bo‘lishi mumkin edi, lekin bu xizmat sifatiga salbiy ta’sir qilgan bo‘lardi.

“Texnik uskunamizda o‘zimizning bepul yechimimizni o‘rnatib foydalanish yoki kichikroq yoki mintaqaviy o‘yinchilar (kompaniyalar) texnologiyasidan foydalanish biz uchun ancha arzonroq bo‘lar edi. Biroq bu ko‘pchilik tillarda ovozli xabarlarni tanib olish sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunday holda, biz an’anaviy ravishda, foydalanuvchilarimizga ko‘proq qulaylik yaratish uchun qo‘shimcha xarajatlarga boramiz”.

Kompaniya Google kafolatiga ishonib, bu xizmatdan foydalanish Premium obunachilari uchun ixtiyoriy ekanligini eslatib o‘tgan.

“Google kafolatlariga ishonish va ovozli xabarlarni matnga aylantirish funksiyasidan foydalanish – bu tanlovni biz Telegram Premium obunachilarining har birining o‘z ixtiyoriga qoldiramiz”.

Shuningdek, foydalanuvchilarga ularning o‘zlari Telegram'ga taqdim etgan shaxsiy ma’lumotlari bilan bog‘liq huquqlari eslatilgan:

“Amaldagi ma’lumotlarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq, muayyan holatlarda siz shaxsiy ma’lumotlaringizga tegishli huquqlarga egasiz. Jumladan, siz:

  • bizda saqlanayotgan barcha shaxsiy ma’lumotlaringiz nusxasini talab qilish va bu nusxani boshqa ma’lumotlarni ishlab chiqish operatoriga berish;
  • shaxsiy ma’lumotlaringizni o‘chirish yoki o‘zgartirish;
  • shaxsiy ma’lumotlaringizni qayta ishlashni cheklash yoki unga e’tiroz bildirish;
  • bizda mavjud bo‘lgan noto‘g‘ri yoki to‘liq bo‘lmagan shaxsiy ma’lumotlaringizni tahrirlash;
  • sizning shaxsiy ma’lumotlaringizni qayta ishlash bo‘yicha milliy ma’lumotlarni himoya qilish organlariga shikoyat qilish kabi huquqlarga egasiz”, – deyiladi Durov bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, iyun oyining boshida messenjerning pulli versiyasi ishga tushdi. Bir oylik obuna narxi qurilma va davlatga qarab 4 dollardan 5,5 dollargacha bo‘lgan Telegram Premium'da hajmi kattaroq fayllarni yuborish, yangicha stikerlar, ovozli xabarlarni matnga o‘girish kabi qo‘shimcha funksiyalar bor.

Mavzuga oid
Top