Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
FT: Rossiyada Telegram’ning 500 mln dollarlik obligatsiyalari muzlatib qo‘yilgan
The Financial Times yozishicha, Moskvadagi Milliy hisob-kitob depozitariyida (MHD) Telegram’ning taxminan 500 mln dollarlik obligatsiyalari muzlatib qo‘yilgan. Durov esa messenjer “Rossiya kapitaliga bog‘liq emas”, deb bildirdi.
Moskvadagi Milliy hisob-kitob depozitariyida (MHD) Telegram messenjeri obligatsiyalari taxminan 500 million dollar miqdorida, Rossiyaga nisbatan joriy etilgan G‘arb sanksiyalari sababli, bloklab qo‘yilgan. Bu haqda seshanba, 6 yanvar kuni Britaniyaning The Financial Times (FT) gazetasi manbalarga tayanib xabar berdi.
So‘nggi yillarda Telegram bir necha bor obligatsiyalar joylashtirgan (emissiya qilgan), jumladan 2025 yil may oyida 1,7 mlrd dollarlik chiqarilish ham bo‘lgan. FT suhbatdoshlarining aytishicha, messenjer 2026 yilda muddati tugaydigan obligatsiyalarning katta qismini allaqachon qaytarib sotib olgan. Shu bilan birga, Telegram vakillari investorlarga 500 mln dollar miqdoridagi muddati o‘tmagan qarz qimmatli qog‘ozlari Rossiyada hali ham bloklangan holda qolayotganini bildirgan.
Gazeta qayd etishicha, bu holat “Telegram hali-hamon Rossiya kapitaliga qay darajada bog‘liq ekani”ni ko‘rsatadi. Biroq Telegram obligatsiya egalariga, muzlatib qo‘yilgan obligatsiyalar muddati tugagach, ular bo‘yicha qarz majburiyatlarini qoplashini aytgan. Shundan keyin to‘lov agenti va obligatsiyalar depozitariyi messenjerning rossiyalik obligatsiya egalariga to‘lov qilish-qilmasligini hal etadi.
FT ma’lumotiga Telegram egasi Pavel Durov o‘zining Telegram-kanalida izoh berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Telegram “Rossiya kapitaliga bog‘liq emas”: 1,7 mlrd dollarlik obligatsiya joylashtirilishida “birorta ham rossiyalik investor bo‘lmagan”, 2021 yilda chiqarilgan qog‘ozlar esa “asosan qoplangan va muammo tug‘dirmaydi”. “Har qanday holatda ham obligatsiya egalari — aksioner emas va Telegram’da qaror qabul qilishda ovoz berish huquqiga ega emas. Yagona aksioner — men”, — dedi Durov.
RIA “Novosti” va Bloomberg agentliklari 2021 yil 23 mart kuni Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar fondi (RTIF) vakiliga tayanib, RTIF BAAning Mubadala Investment Company fondi bilan birga Telegram qimmatli qog‘ozlarini sotib olganini xabar qilgan. Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, arab fondi va uning shu’ba kompaniyasi messenjerning konvertatsiyalanadigan obligatsiyalariga jami 150 mln dollar sarmoya kiritgan. Rossiya tomoni bitim summasini ochiqlamagan.
Bir necha soat o‘tgach, Telegram’ning o‘sha paytdagi vitse-prezidenti Ilya Perekopskiy RTIF messenjer jamoasi bilan investitsiya masalasida aloqa qilganini, ammo joylashtirishda ishtirok etmaganini aytgan.
Pavel Durovning o‘zi — boshqa bir necha biznesmenlar kabi — 2022 yil aprelida, Ukrainadagi keng ko‘lamli urush boshlanganidan qariyb ikki oy o‘tib, amerikalik Forbes jurnalidan uni “rossiyalik biznesmen” deb atamaslikni so‘ragan. Telegram asoschisining vakillari bu iltimosni “Pavel Rossiyadan ko‘p yillar oldin ketgani va qaytishni rejalashtirmayotgani” bilan izohlagan.