09:34 / 11.07.2022
4193
Moskva prokuraturasi «Jurnalistlar kasaba uyushmasi»ni tugatishni talab qildi

Xavfsizlik kuchlari tashkilotni qurolli kuchlarni obro‘sizlantirishda aybladi. Sud da’vo arizasi mohiyatan ko‘rib chiqilgunga qadar uning ishini to‘xtatib qo‘ydi.

Foto: Getty Images

Moskva prokuraturasi suddan «Jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari kasaba uyushmasi» mintaqalararo jamoat tashkilotini tugatishni so‘radi, deb yozadi 11 iyul, dushanba kuni «Vedomosti» gazetasi sud bazasiga tayanib.

Prokuraturaning taqdimnomasiga binoan kasaba uyushmasi ishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarorda aytilishicha, bu Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlarini obro‘sizlantirishga qaratilgan ommaviy harakatlar to‘g‘risida ma’muriy ish qo‘zg‘atilishi munosabati bilan amalga oshirildi, deb yozadi gazeta.

Bunga «tashkilot saytida Rossiya Qurolli kuchlarini obro‘sizlantirishga qaratilgan, «DXR» va «LXR»ni himoya qilish bo‘yicha maxsus harbiy operatsiyaning borishi haqidagi ishonchsiz ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan xabarlarning e’lon qilinishi sabab bo‘ldi», deya aniqlik kiritgan «Vedomosti».

Kasaba uyushmasi internetda «noqonuniy xarakterdagi ma’lumotlar»ni joylashtiradi, uning faoliyati esa «inson va fuqaroning huquq va erkinliklari buzilishiga, jamoat tartibiga, xavfsizligiga, jamiyat va davlatga zarar yetkazishga olib keladi», deb tushuntirilgan prokuratura taqdimnomasida.

Kasaba uyushmasi vakilining «Vedomosti»ga ta’kidlashicha, may oyida Moskva prokuraturasi ularni faoliyati tekshirilishi to‘g‘risida xabardor qilgan va tashkilot, uning nizomi, qurultoy hamda yig‘ilishlar qarorlari va bayonnomalari, moliyalashtirish manbalari, moliyaviy holat to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etishni talab qilgan. Shu bilan birga, kasaba uyushmasiga na da’vo, na ma’muriy ish qo‘zg‘atilganligi haqida ma’lumot berilmagan, dedi advokat Maksim Krupskiy «Vedomosti»ga.

«Jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari kasaba uyushmasi» 2016 yilning mart oyida tashkil etilgan – u 2016 yilning 9 martida Checheniston va Ingushetiya chegarasida jurnalistlar va huquq himoyachilari bo‘lgan avtobusga qilingan hujumga munosabat sifatida paydo bo‘lgan. Tashkilot Rossiyaning 40 ta hududidan 600 dan ortiq jurnalistlardan iborat. Uyushma, shuningdek, Xalqaro (IFJ) va Yevropa (EFJ) jurnalistlar federatsiyalari a’zosi hisoblanadi.

IFJ prezidenti Dominik Pradale kasaba uyushmasiga qarshi sud jarayonini «adolatsiz va asossiz» deb atadi. EFJ prezidenti Mayya Sever da’vo arizasida «siyosiy sud jarayonining barcha belgilarini» ko‘rmoqda, deya uning so‘zlaridan iqtibos keltirgan «Vedomosti». 

Top