07:47 / 22.07.2022
4453
Buxoro viloyatida bandlik darajasi oshirib ko‘rsatilgan - Senat

Joriy yil 21 iyul kuni Senat kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Kengash majlisini Senat raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Foto: Senat.uz

Majlisda Senat ishchi guruhi tomonidan may-iyun oylarida Buxoro, Jizzax, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalari muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, joriy yilning 1 may holatiga mehnat organlari ko‘magida Buxoro, Jizzax, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida aholini ish bilan ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish borasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilgan. Xususan, ushbu davrda 52,2 ming nafar fuqaro bo‘sh ish o‘rinlariga ishga joylashtirilgan.

Jumladan, o‘tkazilgan mehnat yarmarkalarida ishga joylashish uchun qariyb 7,5 mingta yo‘llanma berilgan. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj bo‘lgan qariyb 2,9 mingga yaqin shaxs band qilib qo‘yilgan ish o‘rinlariga ishga joylashtirilgan.

Amalga oshirilgan ishlar bilan birga ayrim soha va yo‘nalishlarda, shuningdek, hududlarda yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlashda bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilib, mavjud imkoniyatlardan foydalanilmagani alohida qayd etib o‘tildi.

Xususan, prezidentning “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan ayrim tadbirlar muddatida amalga oshirilmayapti. Qarorda xizmatlar sohasini rivojlantirish orqali kelgusida kafolatli ish o‘rinlarini yaratish nazarda tutilgan.

Buxoro viloyatining G‘ijduvon, Kogon tumanlari va Kogon shahri hamda Jizzax viloyatining Jizzax shahri hududidan o‘tuvchi xalqaro yo‘llar bo‘yida xizmat ko‘rsatish obektlarini tashkil etish maqsadida tanlangan yer uchastkalari ochiq elektron auksion savdosiga hanuzgacha joylashtirilmagan. Qorako‘l va Farg‘ona tumanlari hamda Buxoro shahrida nodavlat umumta’lim va maktabgacha ta’lim tashkilotlarini barpo etish uchun yer maydonlari aniqlanmagan.

Xizmatlar sohasida yaratilgan ish o‘rinlarining asosiy qismi o‘zini o‘zi band qilish hisobiga to‘g‘ri keladi. Yangi savdo va xizmat ko‘rsatish obektlarida ish o‘rinlarini yaratish Namangan viloyatida 7 foizni, Jizzax viloyatida 12 foizni va Buxoro viloyatida esa 21 foizni tashkil etadi. Xizmatlar sohasida yaratilgan yangi ish o‘rinlari bir vaqtning o‘zida boshqa soha va yo‘nalishlarda ham aks ettirilishi oqibatida hisobotlarda jami yaratilgan ish o‘rni soni orttirib ko‘rsatilgan.

Buxoro viloyatida xizmatlar sohasida o‘zini o‘zi band qilish yo‘nalishida yaratilgan 22,4 mingta ish o‘rnidan 15,5 mingtasi qishloq xo‘jaligida, 3,0 mingtasi turizm va madaniyat sohasida takrorlangan. Buxoro viloyatida bandligi ta’minlanganlar soni hisobotlarda asossiz ravishda oshirib ko‘rsatilganligi tanqid qilindi.

Mehnat qonunchiligi va mehnat muhofazasi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida Buxoro viloyatida 1 161 ta, Jizzax viloyatida 1 401 ta, Namangan viloyatida 974 ta, Farg‘ona viloyatida 926 ta qonunbuzilishi holatlari aniqlangani hamda mazkur holatlar bo‘yicha 1 107 nafar mansabdor shaxsga nisbatan 2,1 mlrd so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanilgani qayd etildi.

Majlisda qishloq xo‘jaligi klasterlari, fermer va dehqon xo‘jaliklarida yaratilgan ish o‘rinlarining soliq hisobotlarida qayd etilishini rag‘batlantiruvchi mexanizmlarni joriy etish, auksion savdolari orqali ajratilgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlaridagi dehqon xo‘jaliklarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, haq to‘lanadigan jamoat ishlarini amalga oshirishda ish beruvchi sifatida tadbirkorlik sub’yektlari, nodavlat notijorat tashkilotlarini keng jalb etish kabi qator vazifalar belgilandi.

Top